Jahon | 17:44
7701
7 daqiqa o‘qiladi

«Do‘stimni ogohlantirgandim» – Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi o‘zgarishlar haqida

Sadir Japarov Tashiyev davrida maxsus xizmat xodimlari istalgan sohaga aralashishi va duch kelgan joyda xizmat guvohnomasini ko‘rsataverishi qo‘mita nufuzi tushib ketishiga sabab bo‘lgani haqida gapirdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Xabar» agentligiga bergan navbatdagi intervyusida mamlakat kuchishlatar tuzilmalarida amalga oshirilishi mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida aytib berdi

Quyida intervyu matni to‘liq keltiriladi:

– Assalomu alaykum, Sadir Nurgojoyevich. Bu safar siz bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining davlat instituti sifatidagi roli haqida gaplashmoqchimiz.

Ilgari shu sohada rahbarlik lavozimlarida ishlaganlar ham, kuchishlatar tizimlarda ishlaganlar ham, oddiy odamlar ham eslaydi, ittifoq davrida KGB xodimlarini yuzidan taniganlar kam bo‘lardi. So‘nggi paytlarda maxsus xizmatlarga nisbatan tanqidlar yangramoqda: go‘yoki, qo‘mita xodimlari hamma joyda o‘z guvohnomalarini silkitib, chekist maqomini obro‘sizlantirmoqda. Jamiyatning maxsus xizmatlarga nisbatan bunday baholari haqida xabardormisiz?

– Albatta, xabarim bor. Bu borada men anchadan beri do‘stimni bir necha bor ogohlantirganman. «Do‘stim, MXDQning obro‘sini ko‘tar. Nufuzi SSSR davridagi KGBniki bilan bir xil bo‘lishi kerak. Holat MXDQ xodimlari o‘z guvohnomalarini duch kelgan joyda ko‘rsatadigan darajaga yetdi. Bunday tanqidiy fikrlardan qutulish kerak» deganman. Men bu haqda bir necha bor aytganman.

– Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ayrim xodimlari qonunni buzish va jinoyat sodir etishda gumonlanib qo‘lga olinayotganini ko‘ryapmiz. Bu ularga haddan ziyod vakolatlar berilgani uchun ro‘y bermadimi? Axir, maxsus xizmat deyarli barcha sohalarga – qurilishdagi qonunbuzarliklar va bozordagi go‘sht narxlaridan tortib, intim xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar bilan kurashishgacha aralasha boshlaganiga guvohmiz.

– Ana shunday «intim xizmatlar bilan kurash» haqidagi videolardan biri e’lon qilingan kuni uni chaqirdim va dedim: «Do‘stim, bu sohani IIVga ber, bu ularning ishi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasining darajasini tushirma».

Korrupsiyaga aralashib qolgan xodimlarga kelsak, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu boradagi ma’lumotlarni ochiqlab bo‘lmaydi.

– Yaqinda siz Chegara xizmati va Davlat qo‘riqlash xizmatini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqardingiz. Qo‘mitada kutilayotgan islohotlar haqida batafsil so‘zlab bera olasizmi? Idora endi qaysi yo‘nalishlarda ishlaydi? Iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga qarshi kurash funksiyalari ularda qoladimi yoki boshqa organga o‘tkaziladimi?

– Oldinda kuch tuzilmalarini isloh qilish bo‘yicha katta ishlar turibdi. Men uni ertaroq boshlashni rejalashtirgan edim, ammo turli sabablarga ko‘ra muddatlar kechiktirildi.

Endi, xudo xohlasa, yaqinda boshlayman. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi faqat o‘zining ixtisoslashgan vazifalari bilan shug‘ullanadi: bu razvedka va kontrrazvedka, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, terrorizm, ekstremizm, banditizm va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish.

Idoraning aynan shu yo‘nalishlar bo‘yicha tergov qilish huquqlari saqlab qolinadi. Iqtisodiyotga aralashmaydi. MXDQ aynan nima bilan shug‘ullanishini va uning xodimi kimligini hech kim bilmasligi kerak.

Islohotlardan keyin bu avvalgi KGBga o‘xshagan haqiqiy maxsus xizmat bo‘ladi. IIV esa faqat o‘zining bevosita vazifasi bilan shug‘ullanadi.

Tergovni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha olib borish huquqi ularning o‘zida qoladi. Albatta, vakolatlarning aniq ro‘yxati tuziladi va uni qonun bilan mustahkamlaymiz.

Yangi Tergov qo‘mitasi tashkil etiladi. Tergovning asosiy funksiyalari o‘sha yerga o‘tadi. O‘z navbatida, Bosh prokuratura va harbiy prokuratura barcha tuzilmalar harakatlarining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Tergov qo‘mitasini nima uchun tuzyapmiz, deyishingiz mumkin. Biz kelajak va uzoq muddatli istiqbol haqida o‘ylashimiz kerak.

Bugungi ahvol qanday? Milliy xavfsizlik qo‘mitasida ham, Ichki ishlar vazirligida ham tezkor-qidiruv xizmati bor. Va ularning barchasi bitta vazirga bo‘ysunadi. Masalan, tezkor xodim, aytaylik, biror kishini qamatish uchun u nohaq ayblangan ish materiallarini olib keladi.

Ish tergovchiga berilganida, u ko‘rib chiqadi va bu ish sudga oshirilmasligini aytib, uni qabul qilishdan bosh tortadi. Shunda vazir tergovchiga qo‘ng‘iroq qiladi va ishni qabul qilish va jinoiy ish qo‘zg‘atish kerakligini buyuradi. Va tergovchida buyruqqa bo‘ysunishdan boshqa yo‘l qolmaydi.

Shu tariqa, bugungi kunda ham adolatsizlik holatlari mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Tergov qo‘mitasi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga bo‘ysunadi. U tezkor xodimlar yoki vazirlar olib keladigan «xom» yoki soxtalashtirilgan ishlarni shunchaki qabul qilmaydi, jinoiy ishlar ochilmaydi.

O‘z-o‘zidan, adolatsizlikka uchragan fuqarolar panjara ortiga tushmaydi va darhol qo‘yib yuboriladi. Shundagina biz inson huquqlariga rioya etilishini 100 foizga bo‘lmasa ham, 95 foizga ta’minlay olamiz. Bu kelgusi avlodlar xavfsizligini ta’minlaydi.

Iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha ham shunday: agar chindan ham jinoyat qilgan bo‘lsang – jazoga tortilasan, agar tuhmatga uchragan bo‘lsang – ozodlikka chiqasan. Ikki organ bir-biriga bo‘ysunmasagina, ular o‘rtasida to‘g‘ri, xolis yechimlar tug‘iladi.

Bu kelajakka mo‘ljallangan ish. Binolar va texnik bazani tayyorlaymiz. Farmon chiqarilib, tegishli qonun loyihalari Jo‘qorg‘i Kengesga kiritiladi va ular qabul qilingach, tashkiliy ishlar boshlanadi.

Bu yil bizda ShHT sammiti va Ko‘chmanchilar o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, shuning uchun islohotni amalga oshirishga kelgusi yildan kirishamiz.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid