Jahon | 11:02 / 23.02.2026
3253
3 daqiqa o‘qiladi

Eron Rossiyadan zenit-raketa komplekslari va minglab raketalar sotib oladi

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, RF va Eron 2025 yil dekabr oyidayoq “Rosoboroneksport” orqali 500 ta “Verba” KZRK va minglab raketalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgan. Tehron ushbu kelishuvni AQShning yadro obektlariga bergan zarbalaridan keyin boshlagan.

9M336 Verba kompleksi Foto: themoscowtimes.com

Eron Rossiya bilan 500 ta “Verba” mobil uchirish qurilmalari va taxminan 2500 ta 9M336 ko‘chma zenit raketalarini uch yil davomida 500 mln yevro summasiga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Moskva va Tehron bu bo‘yicha tegishli shartnomani 2025 yil dekabr oyida imzolagan. Bu haqda yakshanba, 22 fevral kuni Financial Times (FT) nashri kelishuv tafsilotlaridan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.

FT manbalarining aytishicha, Tehron o‘tgan yil iyul oyida — AQShning Eron yadro obektlariga bergan zarbalari fonida Moskvaga raketalar sotib olish bo‘yicha so‘rov bilan murojaat qilgan.

2025 yil 17 yanvar kuni Rossiya va Eron strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Tomonlar uning maqsadi sifatida, jumladan iqtisodiy va harbiy hamkorlikni ham o‘z ichiga olgan holda, munosabatlarni chuqurlashtirish ekanini e’lon qilgan.

2026 yil fevral oyi o‘rtalarida RF Mudofaa vazirligi Rossiya va Eron harbiy-dengiz kuchlari Ummon ko‘rfazida qo‘shma manyovrlar o‘tkazganini ma’lum qildi.

Ushbu o‘quv manyovrlar Tehron va Vashington o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlik saqlanib turgan, tomonlar yadro kelishuvi bo‘yicha kelishishga uringan bir paytda o‘tkazildi. Eron vakillari muzokaralarda olg‘a siljish borligini aytmoqda, biroq bu bilan bir vaqtda AQSh Yaqin Sharqda harbiy ishtirokini kuchaytirmoqda.

Jumladan, Eron va Rossiya harbiy-dengiz kuchlari AQShning “Avraam Linkoln” aviatashuvchisi yaqinida manyovrlar o‘tkazgan. Oq uy bu aviatashuvchini 2026 yil yanvar oyida Eron sohillari tomon yuborgan edi.

Axios nashri manbalari ta’kidlashicha, AQSh Yaqin Sharqda keng ko‘lamli harbiy kampaniyani boshlashga yaqin. Prezident maslahatchilaridan birining (ismi oshkor etilmagan) so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp Eron bilan cho‘zilib ketgan mojarodan zerikkan. Ehtimoliy urushda AQSh tomonida Isroil ham ishtirok etishi mumkin.

Rossiya–Eron strategik sheriklik shartnomasida o‘zaro mudofaa (bir-birini himoya qilish) majburiyati haqidagi modda mavjud emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid