Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Qora dengizdagi gaz quvurlarini portlatishga urinish haqida ma’lumot borligini aytdi
Shuningdek, u Rossiyada teraktlar soni ko‘payganini ma’lum qildi va ular uchun mas’uliyatni Ukraina maxsus xizmatlariga yukladi.
Foto: Getty images
Rossiya hukumati Qora dengizdagi «Turk oqimi» va «Moviy oqim» gaz quvurlarini portlatishga urinish haqida ma’lumot oldi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin FXX hay’ati yig‘ilishida. U bu ma’lumotlarning manbasiga aniqlik kiritmadi, shuningdek, boshqa tafsilotlarni ham keltirmadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya raqiblari «hecham tinchlana olmayapti».
«Ular diplomatik vositalar bilan hal qilishga urinish orqali bu tinch jarayonni buzish uchun nima qilish kerakligini bilmayapti. Hamma narsa qandaydir provokatsiyani amalga oshirish va ushbu muzokaralarda erishilgan barcha narsani buzish uchun qilinmoqda», deb qo‘shimcha qildi u.
Putinning aytishicha, «raqib hech qanday vositadan hazar qilmaydi». U matbuotda «qandaydir yadroviy komponentdan foydalanish niyati» haqida xabarlar tarqalganini eslatib o‘tdi. (Avvalroq Rossiya razvedkasi Britaniya va Fransiya Ukrainaga yadro qurolini xufyona bermoqchi ekani haqida xabar tarqatgan edi). «Buning oqibati nima bilan tugashini tushunishsa kerak», deb qo‘shimcha qildi u.
Putin, shuningdek, Rossiyada teraktlar soni ko‘payganini ma’lum qildi va ular uchun mas’uliyatni Ukraina maxsus xizmatlariga yukladi. U FXX rahbariyatiga Mudofaa vazirligi va mudofaa-sanoat kompleksining yuqori martabali xodimlari, hokimiyat vakillari, jamoatchilik fikri yetakchilari, jurnalistlar va ko‘ngillilarni himoya qilishni kuchaytirishni topshirdi. Shuningdek, u «davlat chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha jiddiy qo‘shimcha choralar» ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.
2022 yilda Boltiq dengizi tubidan o‘tuvchi «Shimoliy oqim» gaz quvurlari tizimida portlashlar sodir bo‘ldi. Bunga bir guruh ukrainalik ofitserlar aloqadorlikda gumon qilinmoqda.
Portlashlar bo‘yicha birinchi bo‘lib qo‘lga olingan shaxs Sergey Kuznetsov edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kuznetsov Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi va Ukraina Qurolli kuchlarining iste’fodagi kapitani. U 2025 yil avgust oyida Italiyada qo‘lga olingan va portlashlar bo‘yicha tergov olib borayotgan Germaniyaga topshirilgan.
Mavzuga oid
21:45
Pavel Durovga Rossiyada «terrorizmga ko‘maklashish» bo‘yicha jinoiy ish ochildi
15:44
YeI kengashi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qila olmadi
11:57
Vadeful: Germaniya Putinning ortidan yalinib yugurmaydi
10:51