Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sho‘rchidagi voqea: apellyatsiya sudi qotillikni bezorilikka o‘zgartirdi
Sho‘rchi dehqon bozori. Odamlar ko‘z o‘ngida qotillik yuz berdi: yonma-yon joylashgan oshxona egalarining janjali o‘lim bilan tugadi. Ikki erkak yoqalasharkan, birining jiyani kabob sixini olib chiqib, tog‘asi bilan mushtlashayotganning orqa kuragiga sanchdi va uni o‘ldirdi. Sud tog‘ani 15,5, jiyanni 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Apellyatsiya sudi dastlabki sud tasdiqlagan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini bezorilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishga o‘zgartirib, jazoni yengillashtirdi. Marhumning yaqinlari buni adolatsizlik deb hisoblamoqda.
Foto: Videodan kadr
“Hayotdan mahrum qilish qasdi bilan harakat qilmagan va o‘lim yuz berishini istamagan”. Surxondaryoda apellyatsiya sudi ayni shu jumla bilan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatiga o‘zgartirdi va tayinlangan jazoni yengillashtirdi. Holbuki, “o‘lim yuz berishini istamagan” sudlanuvchi oshxonadan kabob sixini olib chiqqan va tog‘asi bilan urishayotgan erkakning ortidan borib, uning ko‘krak qafasiga (!) sanchgan.
Jinoyat tafsiloti
Jinoyat 2025 yil 16 iyul kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi dehqon bozorida sodir etilgan. 1990 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Bo‘riyev o‘ziga qo‘shni oshxona egasi – 1987 yilda tug‘ilgan Elbek Eshmatov bilan janjallashgan. Oshxona egalari bir-biri bilan mushtlashib, yoqalashayotganda har ikki tomonning yaqinlari, o‘tib-qaytuvchilar ularni ajratib qo‘yishga urinishgan. Shunda Ulug‘bek Bo‘riyevning oshxonasida ishlovchi 16 yoshli jiyani Ozodbek Boltayev kabob sixini olib chiqib, tog‘asi bilan urishayotgan Elbek Eshmatovning orqasidan ko‘krak qafasiga sanchgan.
Elbek Eshmatov zarbadan o‘zini yo‘qotib, o‘tirib qolgan. So‘ngra uni shifoxonaga olib ketishgan. Biroq erkak o‘ziga yetkazilgan jarohat oqibatida vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Ozodbek Boltayev sanchgan kabob sixi Elbek Eshmatovning qovurg‘alari orasidan kirib, chap o‘pkasini to‘liq teshib o‘tgan.
Holat yuzasidan tog‘a va jiyanga Jinoyat kodeksining 97-moddasi “j, l, p” bandlari – o‘ta shafqatsizlik asosida, bezorilik oqibatida bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2025 yil 17 iyul kuni Ozodbek Boltayevga hamda 18 iyul kuni Ulug‘bek Bo‘riyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Dastlabki sud hukmi
Tog‘a-jiyanning qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudida sudya To‘lqin Abdiraimov raisligida ko‘rib chiqilib, 2025 yil 10 dekabr kuni hukm o‘qilgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, Ulug‘bek Bo‘riyev aybiga iqrorlik bildirmagan. U marhum Elbek Eshmatov bilan taxminan 2024 yil oktyabr oyidan boshlab nizo kelib chiqqanini, ushbu nizoga mijoz talashish sabab bo‘lganini aytgan.
Sudlanuvchiga ko‘ra, 16 iyul kunidagi janjal suv ustida kelib chiqqan: ishchilari va jiyani Ozodbek tashib kelgan suvni Elbek Eshmatov o‘z bachogidan olganini gapirgan. So‘ngra Ozodbek Boltayev tog‘asiga qo‘ng‘iroq qilib, Elbek Eshmatov onasidan haqorat qilgan holda uni quvlaganini aytgan.
O‘sha kungi janjalning boshlanish nuqtasi shu bo‘lgan. Ikki erkak bir-biri bilan mushtlasha ketgan.
“Elbek Eshmatov bir-ikki daqiqa o‘tgach meva sotuvchining savdo rastasi oldiga borib, o‘tirib qoldi. Men Elbek Eshmatov bahona qilyapti, deb o‘yladim. Shu payt IIB xodimlari kelib, hammani tinchlantirdi va meni o‘zlari bilan profilaktika inspektori xonasiga olib ketdi. Shundan keyin nima voqea bo‘lganini bilmayman.
...Jiyanim Ozodbek nima qilganini, qachon sixni olib Elbek Eshmatovning orqasidan urganini ko‘rmadim, o‘zimning janjalim bilan bo‘lib unga ahamiyat bermagandim. Agar bu holatni ko‘rganimda darhol janjalni to‘xtatib, Elbek Eshmatovni tezda shifoxonaga yetkazib olib borgan bo‘lardim”, degan Ulug‘bek Bo‘riyev o‘z ko‘rsatmasida.
Sudda pedagog ishtirokida so‘ralgan Ozodbek Boltayev o‘z aybiga qisman iqrorlik bildirgan. U o‘z ko‘rsatmasida agar Elbek Eshmatovning old tomonidan borganida unga kuchi yetmagan bo‘lishini, shu sababli orqasidan borib sixni sanchganini aytgan.
“Tog‘am Ulug‘bek va Elbek Eshmatov bir-birlari bilan urishmaganida men Elbek Eshmatovga tan jarohati yetkaza olmagan bo‘lardim. Sababi, Elbek aka juda gavdali va baquvvat edi”, degan Ozodbek Boltayev.
U qilmishidan pushaymonligini bildirgan.
Sud hukmi bilan tog‘a va jiyan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l, p” bandlari, ya’ni bezorilik oqibatida bir guruh shaxslar tomonidan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etishda aybli deb topilgan. Ulug‘bek Bo‘riyevga 15 yil 6 oy, Ozodbek Boltayevga 9 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Apellyatsiyada hukm o‘zgardi
Jinoyat ishi Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida sudya M.Malikov raisligida hay’at sudyalari O.Jumanov va K.Nazarov ishtirokida ko‘rib chiqilgan.
2026 yil 27 yanvardagi ajrim bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilgan. Unga ko‘ra, Ozodbek Boltayevning harakatlari Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, ya’ni qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lishi, Ulug‘bek Bo‘riyevniki esa Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi – jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib bezorilik sodir etish bilan qayta malakalangan.
Shu tariqa bir odamni kabob sixi sanchib o‘ldirgan jiyanning ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo muddati 9,5 yildan 7 yilga, tog‘aniki esa 15,5 yildan 5 yilga tushirilgan.
Qotillik qanday qilib bezorilik hamda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishga o‘zgarib qoldi?
Apellyatsiya sudi ajrimida keltirilishicha, Ulug‘bek Bo‘riyev jiyani Ozodbek marhum Elbek Eshmatovga six bilan tan jarohati yetkazgani holatini ko‘rmagan va unga yordamlashmagan. Bunga dalil sifatida janjal aks etgan videolavhadagi holatlar keltirilgan. Ya’ni jiyani sixni Elbek Eshmatovga sanchgan vaqtida Ulug‘bek Bo‘riyev “marhumning qarshiligini bartaraf etish uchun biror bir harakatni sodir etmagan, uni o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum qilmagan”, deb xulosa qilingan.
Apellyatsiya sudi “Sudlanuvchi Ulug‘bek Bo‘riyev voyaga yetmagan sudlanuvchi Ozodbek Boltayev bilan jinoiy til biriktirib, bezorilik zamirida Elbek Eshmatovni qasddan o‘ldirish jinoyatini sodir etganini tasdiqlovchi obektiv dalillar mavjud emas”, degan to‘xtamga kelgan. Ajrimda keltirilishicha, Ulug‘bek Bo‘riyevning harakatlarini bir guruh shaxslar bo‘lib, qasddan odam o‘ldirish sifatida kvalifikatsiya qilish uchun u marhumning qarshiligini bartaraf etib turishi hamda Ozodbek Boltayev bundan foydalangan holda Elbek Eshmatovga halok etuvchi shikast yetkazgan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, apellyatsiya sudi “Ozodbek Boltayev Elbek Eshmatovni “qasddan o‘ldirish uchun real imkoniyati bo‘lgan, biroq uni hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qilmagan va o‘lim yuz berishini istamagan”, degan to‘xtamga kelgan. Bunga dalil sifatida holat yozib olingan videoda Ozodbek Boltayev sixni marhumga sanchib olgach, oshxona oldiga kelib, janjalni kuzatib turgani keltirilgan.
Apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgartirishda keltirgan eng muhim asoslar shulardan iborat.
“Bu adolatdan emas”
Marhum Elbek Eshmatovning yaqinlari apellyatsiya sudining ajrimini adolatli emas, deb hisoblamoqda. Shu sababli taftish shikoyati kiritilgan.
Shikoyatga ko‘ra, Ozodbek Boltayev kabob sixi bilan kutilmagan vaqtda va Elbek Eshmatovning orqa tomonidan yugurib borgan holatda ko‘krak qafasiga zarba berishi uni hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qilganini, qilmishining ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetganini, o‘lim yuz berishini istaganini tasdiqlab turibdi. “Agarda Ozodbek Elbek Eshmatovni qasddan o‘ldirib, uni hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qilmaganida va uning o‘limi yuz berishini istamaganida uzunligi 52 sm bo‘lgan kabob sixini qo‘liga olmagan va u bilan tan jarohati yetkazmagan bo‘lar edi”, deyiladi shikoyatda.
Bundan tashqari, zarba marhumning aynan hayoti uchun muhim bo‘lgan ko‘krak qafasiga berilganiga e’tibor qaratilgan. Bu orqali Ozodbek Boltayev Elbek Eshmatovning o‘limi yuz berishini istamaganida hayoti uchun muhim bo‘lmagan tana a’zolariga, masalan, oyoq sohasiga tan jarohati yetkazgan bo‘lardi, degan fikr urg‘ulangan.
Shikoyatda apellyatsiya sudining Ozodbek Boltayev sixni marhumga sanchib olgach, voqea joyidan ketib qolgani, unda Elbek Eshmatovni “qasddan o‘ldirish uchun real imkoniyati bo‘lgani” haqidagi asosiga qarshi “zarba hayoti uchun muhim bo‘lgan a’zoga berilgani, ikkinchi va uchinchi jarohatlarni yetkazishga zarurat bo‘lmagani” haqida asos keltirilgan.
Taftish shikoyatida apellyatsiya sudining Ulug‘bek Bo‘riyev jiyani sixni sanchganini ko‘rmagani hamda Elbek Eshmatovning qarshiligini bartaraf etish uchun biror bir harakatni sodir etmagani haqidagi asoslarga ham e’tirozlar mavjud.
“Jinoyatda ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi oddiy ishtirokchilik deb topiladi. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “p” bandida bir guruh shaxslar tomonidan qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik belgilangan. Ya’ni “bir guruh shaxslar tomonidan oldindan jinoiy til biriktirib” deb emas, “bir guruh shaxslar tomonidan” deb ko‘rsatilgan. Bundan ko‘rinadiki, ishtirokchilik shakliga ko‘ra ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmasdan, oddiy ishtirokchilik shaklida qasddan odam o‘ldirishi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan malakalanadi. Ozodbek Boltayev jabrlanuvchi Elbek Eshmatovga six bilan tan jarohati yetkazgan holatini sudlanuvchi Ulug‘bek Bo‘riyev ko‘rmagani ular o‘rtasida oddiy ishtirokchilik yo‘q, degan xulosaga kelishga asos bo‘lmaydi”, deya keltirilgan shikoyatda.
Ozodbek Boltayevning o‘zi ham suddagi ko‘rsatmasida tog‘asi va Elbek Eshmatov bir-birlari bilan urishmaganida Elbek Eshmatovga tan jarohati yetkaza olmagan bo‘lishi haqida gapirgan.
Marhumning bevasi holat sodir bo‘lgandayoq ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida qotillar oldindan tahdid qilib kelishgani, lekin tegishli organlarga qilingan murojaat befoyda bo‘lganini aytib bergandi.
Mavzuga oid
16:18 / 04.03.2026
Yo‘l o‘rtasidagi janjal voqeasi: ota va o‘g‘ilga hukm o‘qildi
11:52 / 03.03.2026
Surxondaryoda nohaq ayblanganini aytgan yolg‘iz onaning ishi kassatsiyada o‘zgartirildi
21:22 / 28.02.2026
Surxondaryoda o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ish topshirig‘ini bergan “zamhokim” ishdan olindi
13:35 / 28.02.2026