Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Rossiyadan bo‘lgan “haker-brokerlar”ga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Sankt-Peterburgdagi firma hakerlardan eksploytlarni sotib olib, turli mijozlarga, shu jumladan Rossiya hokimiyat organlariga ham qayta sotgan.
AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiya Federatsiyasining to‘rt nafar fuqarosi va ularning faoliyati bilan bog‘liq yuridik shaxslarga qarshi sanksiyalar kiritdi. Idora ma’lum qilishicha, bu shaxslar “eksploytlar” yoki “nolinchi kun zaifliklari” deb ataluvchi vositalarni ishlab chiqqan hamda uchinchi tomon hakerlaridan sotib olgan. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi seshanba kuni, 24 fevralda e’lon qilgan press-relizda aytilgan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga Sankt-Peterburgda joylashgan “Matritsa” MChJ (Matrix LLC) ham kiritildi. AQSh hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, u Operation Zero nomi ostida faoliyat yuritadi. Kompaniya egasi Sergey Zelenyuk ham Vashingtonning sanksiyalar ro‘yxatiga tushdi. Sabab sifatida AQSh Moliya vazirligi “AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi kibervositalarni sotib olish va tarqatish”ni ko‘rsatgan.
Zelenyukdan tashqari, Rossiya fuqarolari — uning yordamchisi Marina Vasanovich va Trickbot hakerlik guruhi ishtirokchisi deb atalgan Oleg Kucherov ham sanksiyalarga tushdi. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi A.M.ga nisbatan ham cheklovlar joriy qilindi. AQSh Moliya vazirligining ta’kidlashicha, Zelenyukning sheriklari Rossiyadan tashqarida yuridik shaxslar tuzib, rossiyalik hakerlik dasturlari sotuvchilariga xorij bozorlarida ishlash imkonini bergan. Ushbu yuridik shaxslar ham AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
AQSh Moliya vazirligi tushuntirishicha, Zelenyuk va Operation Zero hakerlardan eksploytlarni sotib oladi va sotadi. Eksploytlar — bu “ruxsatsiz kirish, ma’lumot o‘g‘irlash yoki elektron qurilma ustidan nazoratni qo‘lga olish” uchun dasturiy ta’minotdagi zaifliklardan foydalanadigan kompyuter kodi bo‘laklari yoki usullardir.
Idora qayd etishicha, Zelenyuk kompaniyasi sotib olgan eksploytlar orasida Amerika kompaniyasidan o‘g‘irlab olingan kamida sakkizta dastur buzish vositalari bo‘lgan. Bu dasturlar “AQSh hukumati va tanlab olingan ittifoqchilari tomonidan eksklyuziv foydalanish uchun” ishlab chiqilgan.
Press-relizga ko‘ra, eksploytlarni rossiyalik “haker-tashabbuskorlar”ga Avstraliya fuqarosi Piter Uilyams sotgan — u dastur buzish uchun ishlab chiqilgan ta’minot yaratuvchi kompaniyada xodim bo‘lgan. AQSh Moliya vazirligiga ko‘ra, u buning evaziga “kriptovalutada millionlab dollar” olgan. Keyinroq u qo‘lga olingan va aybini tan olgan.
AQSh Adliya vazirligi avvalroq Operation Zero o‘zini turli mijozlarga, jumladan Rossiya hukumatiga ham kibereksploytlarni qayta sotuvchi (reseller) sifatida ochiq tarzda reklama qilishini bildirgan.
The Insider nashri yozishicha, 2025 yil mart oyida Operation Zero Telegram messenjeri foydalanuvchilarining akkauntlarini buzishga yordam berishi mumkin bo‘lgan eksploytlar uchun mukofot e’lon qilgan. Foydalanuvchi ishtirokisiz akkauntga kirish imkonini beruvchi zaiflik uchun 1,5 million dollargacha haq taklif qilingan — bu miqdor Apple va Google kabi yirik texnokompaniyalar “oq hakerlar”ga (xavfsizlik tadqiqotchilariga) tizimlaridagi zaifliklarni topgani uchun to‘laydigan mukofotlar bilan taqqoslanadi.
Zelenyuk esa Operation Zero zaifliklarni faqat NATOga kirmaydigan mamlakatlarda qayta sotishini aytgan. Kompaniya, “oq hakerlar”dan farqli ravishda, topilgan zaifliklar haqida dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarini ogohlantirmaydi.
Mavzuga oid
22:12 / 11.06.2026
AQSh Ukraina va Erondagi urushlar tufayli dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi
21:17 / 11.06.2026
Tramp Eron neft va gaz bozorlarini «to‘liq Amerika nazorati ostiga» olishga va’da berdi
20:29 / 11.06.2026
Eron afsonaviy Apacheʼni urdi. Urush qaytalandi
16:23 / 11.06.2026