Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloomberg: RF va Eron Xitoyga neft sotish uchun narx urushi olib bormoqda
Bloomberg yozishicha, RFning Hindistonga neft eksporti qisqarganidan keyin Rossiya Eron bilan Xitoyga neft yetkazib berish uchun raqobatni kuchaytirgan. Rossiya va eronlik eksportyorlar Xitoyga tobora past narx taklif qilib, chegirmalarni oshirmoqda.
Foto: Yao Feng/HPIC/dpa
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Hindistonga neft eksporti keskin qisqarganidan so‘ng, Rossiya neft ishlab chiqaruvchilari Xitoyga yetkazib berish masalasida eronliklar bilan raqobatni boshlagan. Agentlik chorshanba, 25 fevral kuni bitim tafsilotlaridan xabardor treyderlarga tayanib yozishicha, har ikki davlat Xitoy xaridorlari uchun narxlarni keskin tushirmoqda va tobora kattaroq chegirmalar taklif qilmoqda.
Bloomberg qayd etishicha, dengizda turgan tankerlarda Rossiya nefti juda ko‘p to‘planib qolgani sabab bu yuklar Xitoyga qayta yo‘naltirilmoqda. Bu esa uzoq vaqt davomida XXRdagi xususiy neft qayta ishlash zavodlarining asosiy ta’minlovchilari bo‘lib kelgan eronlik eksportyorlar bilan narx urushini qo‘zg‘atmoqda.
Treyderlar ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Urals markali nefti taxminan Brentga nisbatan har barrel uchun 12 dollar arzon sotilmoqda, holbuki yanvar oyida bu farq 10 dollar edi. Matnda aytilishicha, Eronning Iranian Light markali nefti ham jahon etaloniga nisbatan 11 dollar arzon sotilmoqda. Dekabr oyida esa narxlar farqi 8–9 dollar atrofida bo‘lgan.
Bloomberg ta’kidlashicha, Xitoyning eng yirik davlat neft qayta ishlash zavodlari odatda Erondan neft xarid qilishdan qochadi, so‘nggi paytlarda esa Rossiya bilan savdodan ham voz kecha boshlagan. Xitoyning xususiy NQZ ko‘pincha boshqa xaridor topilmaydigan neftni sotib oladi. Ammo ularning quvvati cheklangan: ular Xitoyning umumiy qayta ishlash quvvatlarining taxminan to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi. Bundan tashqari, ular XXR hukumati belgilagan neft importi kvotalariga bo‘ysunadi.
Shunga qaramay, fevral oyining ilk 18 kuni mobaynida Rossiya neftining Xitoyga yetkazib berilishi sutkasiga 2,09 mln barrelgacha oshgan — bu bir oy oldingidan 20 foiz ko‘p, dekabr ko‘rsatkichidan esa yarim baravar yuqori, deb yozadi Bloomberg.
Bloomberg’ning yozishicha, Xitoy yo‘lda (tashish jarayonida) bo‘lgan neftning hammasini to‘liq qabul qila olmagani uchun sotilmay qolgan zaxiralar Osiyo atrofidagi suvlarda to‘planib bormoqda, Rossiya va Eronda esa neftni sotish bo‘yicha variantlar tugayapti. RF allaqachon neft qazib olishni kamaytirishga majbur bo‘lgan — bu esa Ukrainaga qarshi urushga yo‘naltirayotgan daromadlarini qisqartirgan. Eron esa Bloomberg yozishicha, AQSh tomonidan ehtimoliy hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani sabab imkoni boricha ko‘proq neft eksport qilishga urinmoqda.
Avvalroq Bloomberg Hind va Tinch okeanlarida hozircha xaridor topolmagan taxminan 12 mln barrel Rossiya nefti yuklangan tankerlar borligi haqida ham yozgan edi.
Rossiya nefti eksport hajmi qisqarishining asosiy sabablaridan biri — Ukrainaga qarshi urush uchun RFga qo‘yilgan sanksiyalar doirasida AQShning Hindistonga o‘tkazayotgan bosimi, deb yozadi Bloomberg. Avgust oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya neftini sotib olgani uchun mazkur mamlakatga nisbatan 25 foizlik savdo bojlarini joriy etgan. Natijada Hindiston NQZ Rossiya neftini xarid qilishdan voz kecha boshlagan.