Jahon | 08:42
1978
4 daqiqa o‘qiladi

Kuba chegarachilari AQSh katerini o‘qqa tutdi: to‘rt kishi halok bo‘ldi

Floridadan yo‘lga chiqqan fuqarolik kateri bilan Kuba chegarachilari o‘rtasidagi otishma oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana yetti kishi yaralandi.

Foto: Yamil Lage/AFP

Kuba chegarachilari AQSh tomonidan kelib, mamlakatning hududiy suvlariga kirgan tezyurar katerga o‘t ochgan. CNN telekanali xabar berishicha, chorshanba, 24 fevral kuni sodir bo‘lgan voqea natijasida katerda bo‘lgan to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi yaralangan. Shuningdek, bir nafar chegarachi ham yaralangan.

Kuba Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Florida shtatida ro‘yxatdan o‘tgan kater Kubaning Vilya-Klara provinsiyasidagi Falkones-Key oroli yaqinida mamlakatning hududiy suvlariga kirib kelgan. Shu sababli chegarachilar kemani identifikatsiya qilish uchun unga yaqinlashgan. Katerdagilar kubaliklarga o‘q uzib, kema kapitanini yaralagandan keyin, chegarachilar kuch ishlatish choralariga o‘tgan. Keyinchalik yaralanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Rasmiy Havana kater ekipajida “terroristik niyatlar” bo‘lganini bildirgan. “Bortda o‘n nafar qurollangan odam bor edi, ular Kubaga noqonuniy ravishda kirib kelmoqchi bo‘lgan”, — deyiladi Kuba Ichki ishlar vazirligi bayonotida.

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Oq uy vaziyatni kuzatayotganini aytgan va “u yomon emas, degan umiddamiz”, deb bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio uni mazkur hodisa haqida xabardor qilgan, ammo tafsilotlarni keltirmagan.

Florida gubernatori Jyeyms Utmayyer federal idoralar boshlagan tergovga yordam berish uchun shtat huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshiriq berganini ma’lum qilgan. Floridadan saylangan respublikachi kongressmen Karlos Antonio Gimenes Kuba hukumatini “insoniyatga qarshi sanoqsiz jinoyatlar”da ayblagan.

Marko Rubio esa Vashington mazkur voqea bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazishi va tegishli xulosalar chiqarishini bildirgan. U Kuba akvatoriyasida AQSh katerining bo‘lishi hech qanday AQSh operatsiyalari bilan bog‘liq emasligini, shuningdek kater bortida hokimiyat vakillari bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Floridadan yo‘lga chiqqan kater bilan bog‘liq hodisa AQShning Kubaga bosimni kuchaytirishi davom etayotgan bir paytda sodir bo‘lgan. Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazilib, Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin, AQSh prezidenti Donald Tramp Kuba hokimiyatini AQSh milliy xavfsizligiga tahdid yaratishda ayblab, Havanaga neft yoki neft mahsulotlari yetkazib berishni davom ettiradigan barcha davlatlarga bojxona bojlari joriy etish bilan tahdid qilgan.

Neft tanqisligi orol iqtisodiyotiga, jumladan turizm sohasiga ham juda salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Aviayonilg‘i yetishmasligi sababli fevral boshidan beri xorijiy aviakompaniyalar Kubaga reyslarni bekor qilishni boshlagan. Fevral o‘rtasida Ispaniya orolga oziq-ovqat va dori-darmon yuborishini ma’lum qilgan, Meksika ham mamlakatga gumanitar yordam bergan. Havana esa AQSh bilan oldindan shart qo‘ymasdan muzokaralarga tayyor ekanini aytmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid