O‘zbekiston | 21:07
4299
2 daqiqa o‘qiladi

Mart oyining ob-havosi bahoriy beqaror bo‘lishi kutilmoqda

Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, oyning birinchi o‘n kunligi yog‘ingarchilik davri bo‘ladi, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat ko‘tariladi.

Foto: Kun.uz

2026 yil mart oyining ob-havosi bahoriy beqaror bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi Gidrometeorologiya xizmati agentligi.

Qayd qilinishicha, bahorning birinchi kunida ko‘pchilik viloyatlarda havo harorati +12...+17 daraja iliq va quruq bo‘lishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2 martda O‘zbekiston hududiga janubi-g‘arbdan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi.

Keyinchalik, oyning birinchi o‘n kunligi oxirigacha yog‘ingarchilik davriy bo‘lib, tekislik hududlarda ba’zan yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda yomg‘ir va qor yog‘adi. Bu davrda havo harorati +10...+15 daraja iliq atrofida bo‘lishi kutilmoqda, ayrim kunlarda +6...+9 darajagacha pasayishi mumkin.

Mart oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +3...+8 daraja iliqdan +8...+13 darajagacha, kunduz kunlari +12...+17 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Harorat pasayishi davrlari qisqa, isish davrlari esa davomiy bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, meteorologik kuzatuvlar tarixida 2008 va 2023 yilning mart oyi eng iliq oylar sifatida qayd etilgan — o‘sha davrda harorat iqlim me’yoridan 5–8 daraja yuqori bo‘lgan. Umuman, mart oyida qayd etilgan eng yuqori harorat respublikaning katta qismida +30...+35 daraja iliqni, janubiy hududlarda esa +35...+37 darajani tashkil etgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid