Jahon | 08:52 / 26.02.2026
1520
4 daqiqa o‘qiladi

Mers Xitoyda Pekinni Ukrainada tinchlik uchun RFga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi

Xitoy Ukrainada tinchlikka erishishga yordam berish uchun RFga o‘z ta’sirini ishga solishi mumkin, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers Pekinda Si Jinpingga.

Foto: Michael Kappeler/dpa

Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Fridrix Mers Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping bilan uchrashuvi chog‘ida Xitoy rahbaridan RFga o‘z ta’sirini ishlatib, Moskvani Ukrainadagi urushni tugatishga ko‘ndirishni so‘ragan. Bu haqda Mersning o‘zi chorshanba, 25 fevral kuni Germaniya va Xitoy yetakchilari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha OAV bilan suhbatda ma’lum qildi.

“Biz Pekindan beriladigan signallar Moskvada juda jiddiy qabul qilinishini bilamiz — bu ham so‘zlarga, ham amaliy qadamlarga taalluqli”, — deb kansler so‘zlarini keltiradi Associated Press agentligi. Mers Si Jinping bu chaqiriqqa qanday munosabat bildirgani haqida ma’lumot bermadi.

Xitoyning davlat axborot agentligi “Sinxua” yozishicha, XXR raisi Mersga Xitoy “Ukrainadagi mojaro”ni diplomatiya yo‘li bilan hal etishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan, biroq bu jarayon “barcha tomonlarning qonuniy manfaatlarini hisobga olishi” va ularning jarayonda “teng ishtirokini ta’minlashi” kerakligini ta’kidlagan.

Rasman Xitoy RFning Ukrainaga qarshi urushiga nisbatan betaraf ekanini aytadi, ammo shu bilan birga Moskvaga harbiy sohada ham qo‘llanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni, jumladan uchuvchisiz uchish apparatlarini ham yetkazib berishda davom etmoqda. Bu esa Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari, shu jumladan Fridrix Mers tomonidan Pekinni tanqid qilishga sabab bo‘lib kelgan.

GFR kanslerining Xitoyga tashrifi arafasida XXR TIV rasmiy vakili Mao Nin OAVga, RFning Ukrainadagi urushi Xitoy—Yevropa munosabatlarida muammoga aylanmasligi kerakligini aytgan. Mao Nin shu bilan birga jurnalistlarning “Si Jinping Mers bilan uchrashuvda Xitoyning urushdagi roli haqida gaplashadimi?” degan savoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermagan.

Fridrix Mers XXRga rasmiy tashrifini yirik biznes delegatsiyasi hamrohligida amalga oshirmoqda va uning Si Jinping bilan muhokama qilayotgan asosiy mavzularidan biri Xitoy—Germaniya iqtisodiy hamkorligi bo‘ldi. Bu — Mers uchun kansler sifatida Xitoyga birinchi safar, garchi tashrifga tayyorgarlik u lavozimga kirishganidan keyingi dastlabki oylardayoq boshlangan edi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy GFRning eng yirik savdo hamkoriga aylangan, ammo so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot unchalik yaxshi bo‘lmagan. Masalan, “svetofor koalitsiyasi”da GFR tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Annalena Berbok bir necha bor Xitoyni tanqid qilgan, Si Jinpingni diktator deb atagan, mamlakatning o‘ziga esa YeI va GFR uchun raqib degan ta’rifni bergan.

Mers esa, iqtisodiy masalalarda XXRga nisbatan avvaldan qattiq pozitsiyada bo‘lganiga qaramay, ochiq to‘qnashuvga bormagan. O‘z navbatida, Si Jinping Mers kansler etib saylanganidan keyin uni hamkorlikni chuqurlashtirishga va iqtisodiy globallashuvni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Shuningdek, Xitoyga safaridan sal oldin GFR kansleri Xitoyni Germaniyaga investitsiyalarni oshirishga da’vat etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid