O‘zbekiston | 20:14 / 27.02.2026
3622
5 daqiqa o‘qiladi

Boysun konida yuz bergan avariyani to‘xtatish bo‘yicha ilmiy yechim va yo‘l bezorisiga 10 sutka qamoq – mahalliy dayjest

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida yuz bergan avariya to‘xtatilishini ma’lum qildi. Surxondaryo viloyatida yo‘l va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq ishda 11 kishi sudlanmoqda. YPXga bo‘ysunmagan ikkita BMW voqeasi ishtirokchisi Asadbek Jumayevga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Boysundagi konda yuz bergan avariyani to‘xtatish bo‘yicha ilmiy yechim topildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida yuz bergan avariya to‘xtatilishini ma’lum qildi. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.

«Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz», dedi prezident.

2024 yil 1 sentabr kuni Boysundagi gaz koniga qarashli 604-quduqda burg‘ilash ishlari vaqtida vodorod sulfidi (oltingugurt) gazi sizib chiqa boshladi, 2 sentabr kuni Kofrun aholisi evakuatsiya qilingan edi.

Toshkent – Termiz yo‘nalishiga tezyurar poyezdlar qo‘yiladi

Surxondaryo viloyatida yo‘l va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yig‘ilishda temiryo‘l qatnoviga e’tibor qaratildi. Hozir Toshkent – Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi 14 soatdan ko‘p vaqt yuradi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan va ular ushbu yo‘nalishga qo‘yiladi.

«Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on» uchastkasini tezyurar poyezdga moslash bo‘yicha loyihani shu yil boshlash, 103 kilometr bo‘lgan «Qumqo‘rg‘on – Quduqli» temiryo‘lini elektrlashtirish ishlariga kirishish topshirildi.

Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq ishda 11 kishi sudlanmoqda

2025 yil sentabr oyida Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudi ish yurituviga kelib tushdi. Sud ishiga 11 kishi jalb qilingan. Ular bolalar bog‘chalari uchun mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish hamda xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq kompaniyalarda rahbarlik va texnik lavozimlarda ishlagan shaxslardir.

Ular Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi «b» bandi va 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Har bir viloyatda ikkitadan “Innovatsion tomorqa maktabi” ishga tushiriladi

Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tomorqadan samarali foydalanish tajribasini respublika miqyosida kengaytirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Endi har bir viloyatda kamida 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktabi” tashkil etiladi. Ma’lum qilinishicha, Surxondaryodagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektarida 3–4 marta hosil olinayotgani qayd etildi. Bunday ko‘rsatkich respublikada boshqa hududlarda kuzatilmayotgani ta’kidlandi.

Angor, Uzun va Denov tumanlarida “Tomorqa maktabi”ni tashkil etish, ular orqali yiliga 10 ming nafar aholini o‘qitish topshirildi. Termiz tumani tajribasi asosida esa har bir viloyatda kamida 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktabi”ni ishga tushirish belgilandi.

Asadbek Jumayev 10 sutkaga qamaldi

YPXga bo‘ysunmagan ikkita BMW voqeasining ishtirokchisi bo‘lganidan «faxrlanishi» va bu holatni tarqatgani uchun «kichkina jarima» bilan qutulib ketganini aytgan Asadbek Jumayevga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Unga nisbatan yanvarda chiqqan sud qarori ustidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan kassatsiya tartibida protest kiritilgan. Mazkur sud qarori bilan Asadbek Jumayev BHM 20 baravari – 8 mln 420 ming so‘m jarimaga tortilgandi. 27 fevral kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Asadbek Jumayevga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqib, birinchi instansiya sudining jarima solish haqidagi qarorini bekor qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid