O‘zbekiston | 18:51
1611
5 daqiqa o‘qiladi

Chirchiq bo‘yida yangi dam olish maskani va yomon ishlayotgan banklar ro‘yxati - mahalliy dayjest

Chirchiq daryosi bo‘yida yangi ishbilarmonlik va dam olish hududi tashkil etiladi. Toshkentda 9-sinf o‘quvchisi haydagan avtomobil avtobus bilan to‘qnashdi. Mijozlar bilan eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxati e’lon qilib boriladi. Toshkentda ichki ishlar mansabdori pora bilan ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Chirchiq daryosi bo‘yida yangi ishbilarmonlik va dam olish hududi tashkil etiladi

Toshkent shahrida Chirchiq daryosi bo‘ylab zamonaviy ishbilarmonlik, turar joy va dam olish hududlarini o‘z ichiga olgan «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi taqdim etildi. Loyiha poytaxt infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun qulay shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan.

Bektemir tumanida bo‘lib o‘tgan taqdimotda Chirchiq daryosining 24 kilometrlik qismi bo‘ylab hududni kompleks rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Loyiha doirasida daryo qirg‘oqlarini ikki tomonlama obodonlashtirish, zamonaviy turar joy majmualari va ishbilarmonlik markazlarini barpo etish, jamoat maskanlari hamda transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, taqdimot davomida Toshkent shahrida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslar shaharning ekologik holatini yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish va aholi uchun yangi rekreatsion maskanlar yaratishga xizmat qiladi.

Mijozlar bilan eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxati e’lon qilib boriladi

Markaziy bank mijozlarning shikoyatlari asosida eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxatini e’lon qilib borishni rejalashtiryapti. «Biz birinchi marta banklarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha indeksini ishlab chiqdik. Kelasi hafta eng yomon ko‘rsatkichlarga ega banklarni e’lon qilishni boshlaymiz», dedi regulyator raisi Timur Ishmetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir oydan keyin Markaziy bank o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida fuqarolarning bank xizmatlari bo‘yicha murojaatlari uchun ikkita kanal ochadi. Bunda fuqarolar murojaat bilan chiqishi mumkin bo‘ladi, banklar esa bir soat ichida javob berishi va masalalarni hal qilishi kerak.

Regulyator rahbari Markaziy bankning o‘zida ham kommunikatsiya borasida muammolar bo‘lganligini tan olgan holda, o‘tgan oyda koll-markaz yangilanib, aloqa markaziga aylantirilgani va hozir test rejimida ishlayotganini aytib o‘tdi.

Toshkentda 9-sinf o‘quvchisi haydagan avtomobil avtobus bilan to‘qnashdi

Toshkent shahrida haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan o‘smir tomonidan boshqarilgan yengil avtomobil yo‘l-transport hodisasiga uchradi, hech kim tan jarohati olmadi.

Hodisa 15 iyun kuni ertalab sodir bo‘lgan. 9-sinfni yakunlagan ikki nafar o‘smir kattalar nazoratisiz holda yengil avtomobil bilan yo‘lga chiqqan. Harakat davomida rul ortida bo‘lgan o‘smir transport vositasi ustidan nazoratni yo‘qotgan va yo‘l chetida turgan avtobus bilan to‘qnashgan. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil oila a’zolarining ruxsatisiz boshqarilgan. Holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Toshkentda ichki ishlar mansabdori pora bilan ushlandi

Shayxontohur tumani IIO FMB TQX jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i pora bilan ushlandi. U tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan firibgarlik bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini o‘zining mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni aytgan. Buning evaziga 7 ming dollar talab qilgan.

Shuningdek, tadbirkorga tegishli restoranda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida mazkur muassasa ishchisining kuyish jarohati olgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatib berish uchun 500 dollar so‘ragan. Shu tariqa, bo‘linma boshlig‘i ikki holat bo‘yicha 7,5 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan puldan 2,5 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid