Jahon | 14:48
7644
6 daqiqa o‘qiladi

Eron “birinchi to‘lqin” haqida e’lon qildi: Isroilga raketalar uchirildi

Isroil armiyasi Eron tomonidan javob tariqasida raketalar uchirilganini ma’lum qildi. Bundan oldin Tramp va Isroil Eron rejimiga qarshi “keng ko‘lamli jangovar operatsiyalar” boshlanganini e’lon qilgan edi.

Foto: REUTERS/Rami Shlush

Eron AQSh va Isroilning Eron hududiga bergan qo‘shma zarbalariga javoban Isroilga o‘nlab raketalar uchirdi, deb xabar qildi Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) shanba kuni, 28 fevralda. “Biroz oldin TSAHAL Erondan Isroil davlati hududi yo‘nalishida raketalar uchirilganini qayd etdi”, — deyiladi X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotda. “Havo mudofaasi tizimlari tahdidni yo‘q qilish uchun ishlamoqda.”

Isroilning butun hududi bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilindi. Aholi boshpanalarda qolishga chaqirildi.

O‘z navbatida, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Isroil hududiga “raketalarning birinchi to‘lqini”ni uchirganini, bu Eronga berilgan zarbalarga javob ekanini bildirdi. Korpus buni “Isroil tajovuzi”ga reaksiya deb atadi. “O‘nlab raketalar” uchirilgani haqida Eronning NourNews agentligi ham xabar qildi.

Arabning Al Jazeera telekanali raketalar Qatar va Bahrayn tomon ham uchirilganini bildirdi. AQShning Al-Udeyd harbiy bazasi joylashgan Qatar osmonida Eron raketasini havo mudofaasi tizimlari tutib qolgan. AQSh Dengiz kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qarorgohlari joylashgan Bahrayndan esa portlashlar haqida xabarlar kelgan.

Reuters agentligi guvohlarga tayanib, Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida ham portlash ovozi eshitilganini yozdi.

Bahraynning Bahrain News Agency agentligi Manama shahrida (mamlakat poytaxti) AQSh Beshinchi flotiga xizmat ko‘rsatish markazi raketalar ostida qolganini xabar qildi. Internetda zarbalardan birining videolari ham paydo bo‘lgan.

Eronning yuqori lavozimli amaldori Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida AQSh va Isroilning Yaqin Sharqdagi “barcha obektlari va manfaatlari” Eron uchun “qonuniy nishon” ekanini aytdi. “AQSh va Isroil tajovuz va urushni boshladi, bu esa keng ko‘lamli va uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi. Bizda vaqt cheklovisiz kompleks javob bor”, — dedi u.

Shuningdek, u Eronni tiyilishga yoki taslim bo‘lishga chaqirish “qabul qilib bo‘lmaydigan” va “faqat bir illyuziya” ekanini ta’kidladi.

“Bu tajovuzdan keyin hech qanday ‘qizil chiziq’ qolmadi, oldin ko‘rib chiqilmagan ssenariylar ham bo‘lishi mumkin”, — deb ogohlantirdi u.

Bundan oldin AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari Eronning bahsli yadroviy dasturi atrofidagi ko‘p yillik mojaroda jiddiy eskalatsiyani anglatadi. Isroil mudofaa vaziri Israel Kats “preventiv zarba” haqida gapirgan bo‘lsa, AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika harbiylari “Eron rejimi tomonidan kelayotgan tahdidlarni” yo‘q qilish uchun “keng ko‘lamli jangovar operatsiyalar”ni boshlaganini bildirdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu xalqqa murojaat qilib, Amerika-Isroil qo‘shma operatsiyasini “Sher ovozi” deb atadi. “Isroil va AQSh Erondagi terroristik rejim tomonidan kelayotgan ekzistensial tahdidni bartaraf etish uchun operatsiya boshladi. Bu qonxo‘r terroristik rejim yadroviy qurol bilan qurollanmasligi kerak — bunday qurol unga butun insoniyatga tahdid qilish imkonini beradi. Bizning qo‘shma harakatlarimiz jasur Eron xalqiga o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishi uchun sharoit yaratadi”, — dedi Netanyahu.

Shu bilan birga, AQSh Mudofaa vazirligi Eronga qarshi hozirgi harbiy operatsiyaga boshqa nom berdi — “Epik g‘azab” (Epic Fury).

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda ham Isroil Vashington va Tehron o‘rtasida muzokaralar davom etayotgan paytda Eronga hujum qilgan, shundan keyin AQSh Eronning muhim yadroviy obektlariga berilayotgan zarbalarga qo‘shilgan. O‘shanda Isroil operatsiyasi “Qad ko‘targan sher” (Rising Lion) deb atalgan, Eron esa Isroilga ballistik raketalar uchirib javob qaytargan va bu 12 kunlik urushga olib kelgan.

Tramp Eron xalqiga murojaat qilib, tez orada ozodlikka erishishlarini va’da qildi. “Eronning buyuk va g‘ururli xalqiga bu kecha aytaman: sizlarning ozodlik soatingiz yaqin. Panohda qoling. Uydan chiqmang. Ko‘chada juda xavfli. Bombalar hamma joyga tushadi. Biz ishni tugatganimizdan keyin — hokimiyatni o‘z qo‘lingizga oling. U sizniki bo‘ladi. Ehtimol, bu bir necha avlodlar uchun yagona imkoniyatingizdir”, — dedi u.

Rejaga ko‘ra, AQSh va Isroil Eronga qarshi urushni to‘rt kun ichida yakunlashni mo‘ljallagan. Tramp korpus jangchilarini qurolni tashlashga chaqirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid