Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronga qarshi AQSh-Isroil operatsiyasi, Kubaga ko‘z tikkan Tramp va Boliviyada sochilgan pullar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Isroil Eronga qarshi operatsiya boshladi
28 fevral tongida Isroil Eron hududiga zarbalar berish boshlanganini ma’lum qildi. Tehron hududida bir nechta portlashlar kuzatildi. Isroil Eronning qarshi javobini kutib osmonini yopdi va butun mamlakat bo‘ylab «umummilliy favqulodda holat» joriy etildi.
Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh harbiylari Eronga qarshi «katta jangovar operatsiyalarni» boshlaganini tasdiqladi. U bu haqda Truth Socialʼda e’lon qilingan sakkiz daqiqalik videomurojaat orqali ma’lum qilgan.
«Bizning maqsadimiz — Eron rejimidan kelayotgan yaqinlashib turgan tahdidlarni yo‘q qilish orqali Amerika xalqini himoya qilishdir», degan prezident Tramp.
Shuningdek, Tramp «Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligi»ni va buning oldini olishini aytdi.
«Biz ularning raketalarini yo‘q qilamiz va raketa sanoatini to‘liq vayron qilamiz. Biz ularning harbiy-dengiz kuchlarini yo‘q qilamiz. Biz Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini ta’minlaymiz», dedi Tramp.
Tramp Kubani «do‘stona egallamoqchi»
AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni Kubani «do‘stona egallash» istiqbolini tilga oldi.
«Kuba hukumati biz bilan gaplashmoqda va ular juda katta muammoga duch kelishgan», dedi Tramp Texasga safar qilish uchun Oq uyni tark etayotganida. «Ularda pul yo‘q. Hozir ularda hech narsa yo‘q, lekin ular biz bilan gaplashmoqda. Ehtimol biz Kubani do‘stona tarzda egallab olarmiz», dedi u.
Tramp Kubani o‘zgarishga muhtoj bo‘lgan «inqirozdagi millat» deb ta’rifladi va bolaligidan beri ushbu mamlakatning muammolari haqida eshitib kelayotganini qo‘shimcha qildi.
«Ularda pul yo‘q, neft yo‘q, oziq-ovqat yo‘q. Bu hozir haqiqatda og‘ir ahvoldagi millat va ular bizning yordamimizni xohlashadi». Uning aytishicha, davlat kotibi Marko Rubio bu masala bilan «juda yuqori darajada» shug‘ullanmoqda.
Kuba hukumati esa AQSh bilan hech qanday yuqori darajadagi rasmiy muzokaralar olib bormayotganini ma’lum qildi.
Axios nashrining xabar berishicha, Rubio Kuba sobiq yetakchisining nabirasi bilan maxfiy muzokaralar o‘tkazib kelmoqda. Xususan, Rubioning yaqin maslahatchilari ushbu haftada bo‘lgan Karib dengizi hamjamiyati konferensiyasi doirasida Kastroning nabirasi bilan yana uchrashgan. Kuba hukumati bunday uchrashuvlar haqidagi xabarlarni esa rad qilmagan.
Kuba atrofidagi faollik – AQSh orolga deyarli barcha neft yetkazib berishni to‘sib qo‘yishi va kommunistik hukumatga bosimning kuchayishi fonida yuz bermoqda.
Kobul va Islomobod o‘rtasida keskinlik
27 fevral kuni Pokiston yirik shaharlarga zarba berib, vaziyatni «ochiq urush» deb ataganidan so‘ng Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon» harakati muzokaralarga tayyorligini bildirdi.
«Tolibon» matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Pokiston Afg‘oniston poytaxti Kobul, «Tolibon» rahbarlari qarorgohi hisoblangan Qandahor va boshqa shaharlarga hujum qilgan. Bu zarbalar Pokiston — jangarilarga boshpana berish ayblovi bilan Afg‘oniston hukumatini to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga olgan ilk hujumlardir. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Kobulda tez yordam mashinalari va qiruvchi samolyotlar ovozi eshitilgan.
Pokiston rasmiylari o‘z zarbalari natijasida 274 nafar «Tolibon» rasmiysi va jangarisi halok bo‘lganini da’vo qilmoqda. Afg‘oniston tomoni esa 55 nafar pokistonlik askar o‘ldirilganini bildirdi. Biroq bu raqamlar mustaqil tasdiqlanmagan.
Pokiston yadroviy qurolga ega va harbiy salohiyat jihatidan ancha ustun bo‘lsa-da, «Tolibon» o‘n yilliklar davomida AQSh boshchiligidagi kuchlarga qarshi kurashda shakllangan partizan urushi tajribasiga ega.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish zo‘ravonlikning kuchayishidan chuqur xavotir bildirib, tomonlarni harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. AQSh Davlat departamenti esa ushbu mojaroda Pokistonning o‘zini himoya qilish pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi.
Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy juma kuni Qatar vakillari bilan telefon orqali muloqot qildi. O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga yordam bergan Qatar bu galgi inqirozni hal qilishda ham vositachilik qilmoqda.
Isroilda humanitar tashkilotlar faoliyati bo‘yicha sud
Isroil Oliy sudi juma kuni o‘z hukumatining G‘azo sektorida faoliyat yuritayotgan o‘nlab insonparvarlik tashkilotlari ishini to‘xtatish haqidagi qarorini vaqtincha cheklab qo‘ydi.
Isroil o‘tgan yil dekabr oyida 37 ta xalqaro tashkilotga agar ular yangi qoidalarga rozi bo‘lmasa, G‘azo va G‘arbiy sohilda o‘z ishini 60 kun ichida to‘xtatishni buyurgandi.
Xalqaro tashkilotlar esa Isroilning falastinlik xodimlar ismlarini ochiqlashni talab qiluvchi yangi qoidalariga qarshi. Xususan 17 ta nodavlat notijorat tashkiloti Isroil Oliy sudiga murojaat qilib, ushbu qaror humanitar sohada «halokatli oqibatlarga» olib kelishidan ogohlantirgan va uni to‘xtatib turishni so‘ragan.
Isroil Oliy sudi vaqtinchalik taqiq bo‘yicha ajrim chiqardi. Bu esa tashkilotlarning arizasi sud tomonidan ko‘rib chiqilguniga qadar, ularga o‘z faoliyatini davom ettirish imkonini beradi.
Yordam tashkilotlari o‘z xodimlari haqidagi ma’lumotlarni Isroilga taqdim etish xavfsizlikka tahdid solishini ta’kidlamoqda. Chunki G‘azodagi urush davomida yuzlab humanitar xodimlar halok bo‘lgan yoki jarohatlangan.
Isroil hukumati esa bu ro‘yxatga olish jarayoni insonparvarlik yordamlarining qurolli guruhlar qo‘liga o‘tib ketishining oldini olish uchun zarurligini aytmoqda.
Yordam tashkilotlari hamon «sud taqiqi Isroil hukumati tomonidan qanday talqin qilinishini va bu ularning ishlash imkoniyatini qanchalik oshirishini» kutmoqda. Chunki G‘azo ichidagi vaziyat hamon halokatli bo‘lib qolmoqda.
Boliviyada samolyot halokati
27 fevral kuni Boliviya poytaxti La-Pas yaqinida banknotlarni tashiyotgan harbiy-yuk samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, gavjum shohko‘chaga quladi. Hodisa oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, kamida 30 kishi jarohatlangan.
Rasmiylar halok bo‘lganlar samolyot ichidagilarmi yoki samolyot qulagan avtomagistralda ketayotganlar ekaniga aniqlik kiritmadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda C-130 Hercules transport samolyoti to‘xtaguncha o‘nlab avtomobillarga zarar yetkazgani aks etgan. Samolyot bortida Boliviya banknotlari bo‘lgan va halokat vaqtida pullar atrofga sochilib ketgan. Tarmoqlardagi boshqa tasvirlarda mahalliy aholining sochilgan pullarni yig‘ib olishga shoshilayotgani, maxsus kiyimdagi politsiya esa ularni tarqatishga urinayotganini ko‘rish mumkin.
Boliviya mudofaa vazirligi halokatni tasdiqladi, biroq hozircha qo‘shimcha ma’lumot bergani yo‘q.
Ukraina urushidagi afrikaliklar
Gana tashqi ishlar vaziri Samuel Ablakva Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainadagi urushda kamida 55 nafar Gana fuqarosi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, yana ikki fuqarosi hozirda harbiy asir sifatida ushlab turilibdi.
Vazir Gana hukumati «darknet»dagi noqonuniy yollash sxemalarini yo‘q qilish va yoshlarni ogohlantirish bo‘yicha kampaniyalarni boshlashini aytdi. «Bu bizning urushimiz emas va biz yoshlarimizning boshqalar uchun 'tirik qalqonʼ bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», - dedi u.
Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yildan buyon jami 272 nafar ganalik ushbu mojaroga aldov yo‘li bilan jalb qilingan bo‘lishi mumkin. Gana bu ko‘rsatkichlarni «tushkun va qo‘rqinchli» deb atadi, lekin fuqarolarning aynan qaysi tomon uchun jang qilganini ochiqlamadi.
Biroq Ukraina tashqi ishlar vaziri chorshanba kuni Afrikaning 36 ta davlatidan 1700 dan ortiq kishi Rossiya safida jang qilish uchun yollanganini ma’lum qilgandi. Afrika davlatlari orasida eng ko‘p Keniya, Kamerun, Gana va JAR fuqarolari Rossiya–Ukraina urushiga jalb qilingan.
Mavzuga oid
23:07
Tramp yakuniy kelishuv uchun Eronga 60 kun muhlat berdi
22:32
Tramp Rossiya va Xitoyni «butun dunyoni portlatib yubormaslik» uchun yadroviy kelishuvga chaqirdi
15:35
OAVda Eron va AQSh o‘rtasidagi kelishuv loyihasi matni e’lon qilindi
14:41