Jahon | 10:06
6514
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Isroil zarbalari fonida Eronda yangi portlashlar ro‘y berdi

AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi 24 soat ichida Eronda 1000 dan ortiq obekt nishonga olinganini ma’lum qildi. Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Tehron Vashington bilan muzokara olib bormasligini bildirdi.

Foto: Atta Kenare/AFP

AQSh va Isroil Eronga havo zarbalarini berishda davom etmoqda. Saudiya Arabistonidagi Al Hadath telekanali dushanba, 2 mart kuni xabar berishicha, Eron markazida joylashgan Isfahon va Yazd shaharlarida portlashlar sodir bo‘lgan.

Livandagi Al-Mayadeen telekanali esa Islom Respublikasining janubi-g‘arbidagi Xuzistonda, shuningdek Tehronda ham portlashlar qayd etilganini xabar qildi.

Shu orada AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) “Epik g‘azab” operatsiyasining 24 soati davomida Eronda 1000 dan ortiq obekt nishonga olinganini ma’lum qildi. Xususan, gap qo‘mondonlik-boshqaruv markazlari, ballistik raketalar joylashgan nuqtalar va Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK — Eron qurolli kuchlarining elita bo‘linmalari) obektlari haqida ketmoqda.

Shu bilan bir vaqtda Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy Tehron Qo‘shma Shtatlar bilan muzokara olib bormasligini bildirdi.

Isroil va Qo‘shma Shtatlar 28 fevral tongida Tehron va Eron hududidagi boshqa joylarga zarbalar bergan. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirgan. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olish”ga chaqirgan.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining 1 mart tongidagi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar oqibatida mamlakatda 201 kishi halok bo‘lgan, yana 747 kishi yaralangan. Eron OAV Minab shahrida qizlar maktabiga raketa tushishi natijasida 100 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgani, 95 kishi yaralanganini da’vo qilmoqda. Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Eron javoban Isroil hududiga va Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlarga zarbalar bergan. Isroilda favqulodda holat e’lon qilingan. 28 fevral kechqurun Tel-Avivda turar joyga raketa urilishi oqibatida ikki ayol halok bo‘lgan. Quddus yaqinidagi Beyt-Shemesh shahrida 1 mart kuni yana bir Eron raketaci turar joy sektoriga tushgan, natijada kamida 9 kishi halok bo‘lgan, 28 kishi yaralangan.

Birlashgan Arab Amirliklari va Kuvaytda Eronning havo zarbalari oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Qatar shaharlarida ham portlashlar tovushi eshitilgan. AQSh harbiylari Iroq shimolidagi Arbil shahri ustida ikki dron ushlab qolinganini ma’lum qilgan. Ummon sohillari yaqinida neft tankeri yonib ketgan. Tehron arab mamlakatlariga hujumlarni inkor etgan va zarbalar faqat AQSh harbiy bazalariga qaratilganini aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid