Jahon | 22:50 / 02.03.2026
2224
4 daqiqa o‘qiladi

“Dubay va Abu-Dabi portlagan raketa hidiga to‘lib ketdi” – qozog‘istonlik jurnalist

Eronning Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga o‘zini himoya qilish uchun bergan raketa hujumlaridan ayniqsa BAA jiddiy zarar ko‘rdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan qozog‘istonlik jurnalist Rauan Mynbayevning aytishicha, kechagi hujumlar oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘lgan. Minglab sayyohlar esa Dubay va Abu-Dabida qolib ketdi. Davlat ularning xarajatlarini qoplab berishi mumkin degan taxmin bor, deydi jurnalist.

Qo‘shnilari Qatar, Kuvayt va Bahrayndan farqli o‘laroq Amirliklarda ko‘proq talafotlar borligi tarmoqlarda tarqalgan videolardan ham ko‘rinadi. Qozog‘istonning ushbu davlatdagi muxbiri, jurnalist Rauan Mynbayevning Kun.uzʼga aytishicha, hujumdan insoniy talafotlar bor, hozircha kamida 3 kishi halok bo‘lgan. Lekin mahalliy aholi sarosimaga tushmagan, tizim tinchlikni ta’minlamoqda.

Dubaydan Abu-Dabiga keldim, to‘g‘risi, BAAda havodan mudofaa tizimi juda yaxshi ishlamoqda. Lekin afsuski, insoniy talafotlar bor. Birinchi kuni raketa tushganida nima bo‘lganini bilmadik, hukumat 1 soatlardan keyin Eron hujumga o‘tganini e’lon qildi va bu AQSh bazalariga edi, men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim”, - deydi Rauan Mynbayev.

Eron asosan Abu-Dabi, Dubay va boshqa yirik shaharlar atrofidagi infratuzilmalarni nishonga oldi. Ikki shaharda havo mudofaa tizimlari ishlashi natijasida ko‘plab raketalar yo‘q qilingan bo‘lsa-da, shikastlangan inshootlar ham ko‘p.

Rasmiy hukumat bayonotlariga ko‘ra, BAA mudofaa tizimlari yuqori darajada ishladi, bir qancha raketalar va dronlarni muvaffaqiyatli to‘xtatdi, biroq portlashlar oqibatida bir necha fuqarolarga tan jarohatlari yetdi va moddiy zarar ko‘rildi.

Bilasizmi, raketalar qulaganidan keyin havoda qandaydir yoqimsiz hid paydo bo‘lgan va juda dim. Men anchadan beri shu yerda yashayotgan odam sifatida bunaqasini endi ko‘ryapman”, - deydi muxbir.

Keskin vaziyat tufayli BAA ham o‘z havo hududini vaqtincha yopdi va aviakompaniyalar parvozlarni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu chora fuqarolar va sayyohlar xavfsizligini ta’minlash hamda raketa xavfi ostida qolmaslik uchun amalga oshirildi. Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, ayni dam Dubay va Abu-Dabida juda ko‘plab sayyohlar bor va ular chiqib ketolmayapti.

Juda ham ko‘p sayyohlar bor, ular chiqib ketolmaydi. Chunki xalqaro aeroportlarga ham zarar yetgan, davlat qolib ketgan sayyohlarning xarajatlarini qoplaydi degan gap bor, lekin hukumat idoralaridan buni aniq tasdiqlab olish kerak”, deydi jurnalist Mynbayev.

BAA hukumati Eron hujumlarini qat’iyan qoralab, ularni “davlat suverenitetiga tahdid va xalqaro huquqni buzish” deb atadi. Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rasmiylar bu harakatlarni qattiq tanqid qilib, vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish uchun choralar izlash zarurligini qayd etdi.

Hujumlar ortidan BAAda xavfsizlik ogohlantirishlari joriy etilgan, aholi va xorijliklar uchun rasmiy salomatlik va xavfsizlik ko‘rsatmalari tarqatilgan. Shuningdek, jamoat tartibini saqlash va vahima holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ichki ishlar bo‘limlari faoliyatini kuchaytirgan.

Eslatib o‘tamiz, BAA boshqa fors ko‘rfazi davlatlari kabi mojarodan uzoq turishga harakat qilgan bo‘lsa ham, mintaqada yuzaga kelgan keskin harbiy xarakatlar ularni bevosita ta’sirlangan tomonlarga aylantirdi. Bu esa nafaqat hududiy xavfsizlik, balki iqtisodiy va ijtimoiy hayotga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid