Eron qanday strategiya ishlab chiqqan?
Eron AQSh va Isroilga qarshi urushda 2025 yil iyunidagi 12 kunlik urushdan keyin Ali Xominaiy rahbarligida mamlakat oliy qo‘mondonligi ishlab chiqqan rejani amalga oshirmoqda. Uni yangi mojaro ehtimoli hisobga olingan holda ishlab chiqishgan, deya yozmoqda Financial Times nashri Eron rahbariyatidagi manbaga asoslanib.
Reja butun Yaqin Sharqda xaos boshlanishi va jahon bozorini larzaga keltirishni nazarda tutardi. Bundan maqsad – AQSh va Isroilga bosim o‘tkazib, ularni urushni to‘xtatishga majbur qilish edi.
FT manbasining so‘zlariga ko‘ra, reja mintaqadagi energetika obektlariga hujum qilish va aviaqatnovlarni izdan chiqarishni o‘z ichiga olgan. «Eskalatsiya va hamma ko‘rishi uchun katta yong‘in uyushtirishdan boshqa ilojimiz yo‘q edi. „Qizil chiziqlarimiz“ barcha xalqaro me’yorlarga zid ravishda kesib o‘tilganida, biz endi o‘yin qoidalariga rioya qila olmasdik», – deydi nashr suhbatdoshi.
Qayd etilishicha, Ali Xominaiy va Eronning boshqa yuqori martabali mulozimlari urushning ilk soatlaridayoq halok bo‘lganiga qaramay, tayyorlangan reja ijrosi boshlangan. «Bu davom etadi. Bundan keyin ham eskalatsiya bo‘ladi. Ular nimani kutishgandi? Nahotki ular islom respublikasi rahbariga zarba berilsa ham, hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylashgan?» – deya qayd etgan nashr manbasi.
FT’ning yozishicha, rejaning bir qismi harbiy qarorlarni qabul qilishni nomarkazlashtirishdan iborat – bu orqali turli harbiy qismlar oldindan olingan umumiy ko‘rsatmalar asosida alohida harakat qilishlari mumkin edi. Shuning uchun yuqori martabali qo‘mondonlar o‘ldirilishi harbiylarning parokanda bo‘lishiga olib kelmadi. Nashr manbasiga ko‘ra, 2025 yil iyun oyidagi urush vaqtida buyruqlar «yuqoridan kelardi». Endi esa quyi bo‘g‘indagi harbiylar nima qilish kerakligini oldindan bilishadi va buyruqlarni kutmasdan harakat qilishadi, shu bilan birga, o‘z harakatlari haqida qo‘mondonlik markazini xabardor qilib borishadi.
Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlariga hujumlar Eron tomonidan ishlab chiqilgan strategiyaning bir qismidir. Bu «amerikaliklar bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday joy endi xavfsiz bo‘lmasligi», shuningdek, investorlarning mintaqadan chiqib ketish xavfini keltirib chiqarishi ko‘zda tutilgan.
Bundan maqsad – beqaror vaziyat tufayli kapital qochishi xavfi ostida qolgan arab davlatlarini AQShga operatsiyani to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishga majbur qilish. Biroq, FT’ning yozishicha, rejaning bu qismi Eronning o‘zi uchun juda xavfli: so‘nggi yillarda Tehron bilan munosabatlarni yaxshilashga uringan arab davlatlari, aksincha, uning hujumlari tufayli AQSh va Isroilni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
















