Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO havo mudofaasi Turkiya tomonga uchirilgan Eron ballistik raketasini urib tushirdi
Bu NATO a’zosi bo‘lgan Turkiyaning Erondagi urushga ilk marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilinishidir. Turkiya janubida AQShga tegishli Injirlik aviabazasi mavjud, biroq rasmiy Anqara o‘z havo hududidan Eronga qarshi hujumlarda foydalanishga ruxsat bermagan.
Foto: AFP/DHA
4 mart kuni NATO havo mudofaa tizimlari Eron tomondan Turkiya havo hududiga qarab uchirilgan ballistik raketani yo‘q qildi. Bu alyans a’zosi bo‘lgan Turkiyaning Yaqin Sharq mojarosiga ilk marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilinishidir.
Raketaning aynan qayerga yo‘naltirilgani hozircha noma’lum. Biroq NATO vakili transatlantik blok Eronning Turkiyani nishonga olganini qoralashini va barcha ittifoqchilar bilan birga qat’iy turishini bildirdi.
Turkiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, raketa Iroq va Suriya ustidan o‘tib, O‘rta yer dengizining sharqiy qismida joylashgan NATO havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan.
Turkiya janubidagi Injirlik bazasida havo kuchlariga ega bo‘lgan AQSh hozircha ushbu voqeaga munosabat bildirmadi. Mazkur baza Xatay viloyati bilan chegaradosh hududda joylashgan. Turkiya rasmiylari ham NATO raketasi tomonidan urib tushirilgan raketa bo‘laklari aynan Xatay viloyati hududiga tushganini bildirdi.
«Biz barcha tomonlarni mintaqadagi mojarolarning yanada kuchayishiga olib keladigan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz. Shu nuqtai nazardan, biz NATO va boshqa ittifoqchilarimiz bilan maslahatlashuvlarni davom ettiramiz», deyiladi Turkiya Mudofaa vazirligi bayonotida. Shuningdek, hodisa oqibatida qurbonlar yoki jarohatlanganlar yo‘qligi qo‘shimcha qilingan.
«Hududimiz va havo hududimizni himoya qilish uchun barcha zarur choralar qat’iyat bilan va ikkilanmasdan ko‘riladi. Biz barcha tomonlarga mamlakatimizga qarshi har qanday dushmanona harakatlarga javob berish huquqini o‘zimizda saqlab qolishimizni eslatib o‘tamiz», deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Turk OAVlari Xatay viloyatining Dörtyol tumanida suvdan chiqarib olingan va NATOning tutib qoluvchi raketasi bo‘laklari ekanligi aytilayotgan videotasvirlarni namoyish etdi.
🚨🇮🇷🇹🇷BREAKING: The footage of the ballistic missile fired from Iran that was shot down by NATO defenses and landed in Hatay is being removed.
— PA Turkey (@PATurkeyNews) March 4, 2026
The part of the missile that landed in Hatay was removed by Turkish gendarmerie teams.#IranWar #USIranConflict #NATO #Turkey #Israel pic.twitter.com/pSQzLDPzWS
Videotasvirlarda kranning tutib qoluvchi raketaning bir qismini suvdan tortib chiqarayotgani aks etgan. Boshqa bir kadrda esa to‘rt kishi, jumladan, kamuflyajli harbiy kiyimdagi ikki kishi, yerda yotgan tutib qoluvchi raketaning bo‘lagini ko‘zdan kechirayotgani tasvirlangan.
Turkiyaning yuqori martabali mulozimlari tomonidan berilgan dastlabki ikki bayonotda NATOning 4-moddasi tilga olinmagan. Ushbu moddaga ko‘ra, agar a’zolardan birining hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi yoki xavfsizligiga tahdid tug‘ilsa, ittifoqchilar o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkazadi.
Turkiya diplomatik manbalariga tayanib Reutersʼning xabar berishicha, Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan voqeadan so‘ng eronlik hamkasbi Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot qilib, e’tiroz bildirgan.
Anqara bir necha hafta oldin, AQSh va Isroil Eronga zarbalar berishidan oldin Eron va AQSh o‘rtasida vositachilik qilishga uringan edi. Bu zarbalar Tehrondan raketa va dron hujumlari ko‘rinishidagi javoblarga sabab bo‘ldi. Fors ko‘rfazidagi va boshqa bir qator davlatlar ham ushbu mojaroning salbiy oqibatlari doirasida qolmoqda.