Jahon | 16:17
3502
4 daqiqa o‘qiladi

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan “to‘liq nazorat” o‘rnatganini bildirdi

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) neft va gaz tashish uchun hal qiluvchi dengiz yo‘li hisoblanadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilayotganini da’vo qilmoqda. 

Foto: Reuters

“Ayni paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Islom Respublikasi harbiy-dengiz kuchlari to‘liq nazorati ostida”, — dedi mamlakat dengiz kuchlari vakili Muhammad Akbarzoda. Bu bayonot 4 mart, chorshanba kuni Eronning Fars axborot agentligida e’lon qilindi.

Uning aytishicha, ushbu yo‘lak orqali o‘tishga uringan har qanday kema Eron raketalari yoki uchuvchisiz apparatlari (dronlar) hujumiga uchrash xavfiga ega.

Bundan oldin AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh harbiy-dengiz kuchlari Fors ko‘rfazidagi eng muhim dengiz yo‘li orqali o‘tayotgan neft tankerlarini qo‘riqlashga tayyor ekanini bildirgan. “Zarur bo‘lsa, AQSh HDK tankerlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali imkoni boricha tezroq kuzatib o‘tishni boshlaydi”, — deb yozgan u 3 mart kuni o‘zining Truth Social platformasida.

Shuningdek, u AQShning Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC)ga Fors ko‘rfazi mintaqasidagi barcha tijoriy kemalar uchun sug‘urta va kafolatlar ta’minlash bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi. AQSh prezidentiga ko‘ra, bu dengiz savdosini, jumladan neft tankerlarini himoya qilish uchun qilinmoqda.

Bu orada AQSh harbiylari urush boshlanganidan buyon Eronning 17 ta kemasini, jumladan bir suvosti kemasini yo‘q qilganini, shuningdek mamlakat hududida qariyb 2000 ta nishonni urib tushirganini bildirdi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari, AQSh HDK admirali Bred Kuper X ijtimoiy tarmog‘ida joylangan videoda: “Bugun Fors ko‘rfazi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Ummon ko‘rfazida Eronning bitta ham kemasi qolmagan”, — dedi.

Isroil va AQSh 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarba berishni boshladi. Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini aytdi va Eron armiyasini qurol tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirdi.

Eron davlat OAV 3 mart kuni Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, zarbalar natijasida mamlakatda kamida 787 kishi halok bo‘lgan. Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘lgani ham tasdiqlangan. Eron javoban Isroilga va Fors ko‘rfazining bir nechta davlatlariga zarba bergan — u yerlarda ham halok bo‘lganlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urishmayotganini, balki mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berayotganini ta’kidlamoqda.

Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi neft va gaz narxlarining keskin oshishiga olib kelgan. Eron o‘z hududiga zarbalar berilganidan keyin, jahon nefti yetkazib berishining taxminan 20 foizi va STG (suyultirilgan tabiiy gaz)ning 30 foizigacha qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi to‘xtatilishini e’lon qildi. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron qaroridan keyin kamida 150 ta neft tankeri bo‘g‘oz yaqinida to‘planib qolgan. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu arteriyadan kemalar o‘tishi butunlay to‘xtasa, sutkasiga 10 mln barrel miqdorida tanqislik yuzaga kelishi mumkin — bu jahon iste’molining 10 foiziga teng.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid