Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent – Samarqand avtomagistralining loyihaviy tezligi 150 km/s etib belgilanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Besh yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan Toshkent – Samarqand yo‘li eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga javob beradigan magistral bo‘lishi, loyihaviy tezligi 150 km/s etib belgilanishi aytildi.
Yig‘ilishda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yangi zamonaviy avtomagistral qurish loyihasi ko‘rib chiqildi. Rejaga ko‘ra, ushbu yo‘lning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Shundan 140 kilometrlik uchastkalarda tuproqni mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta ko‘prik va 16 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘zda tutilgan.
Besh yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur yo‘l Ia toifali, ya’ni avtomobil yo‘llarining eng yuqori texnik va xavfsizlik standartlariga javob beradigan magistral bo‘ladi. Unda har biri 3,75 metr kenglikdagi sement-beton qoplamali oltita harakat tasmasi barpo etiladi. Yo‘lning loyihaviy tezligi soatiga 150 kilometr etib belgilanadi.
Shuningdek, Toshkent – Angren – Qamchiq dovoni yo‘nalishida 171 kilometrlik muqobil avtomobil yo‘li barpo etish loyihasi ham amalga oshiriladi. Ushbu yo‘lda 33 kilometrlik tonnellar hamda bir qator yirik muhandislik inshootlarining qurilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbariga mazkur yirik loyihalar uchun ishlab chiqilayotgan moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida axborot berildi.
Avtomagistrallarni loyihalashda zamonaviy transport muhandisligi yechimlaridan foydalanish, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish, harakat xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Taqdimotda Toshkent – Chorvoq va Urganch – Xiva yo‘llarini qurish loyihalarining borishi haqida ham ma’lumot berildi.
Shuningdek, Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish loyihasining asosiy parametrlari ko‘rib chiqildi. Birinchi bosqichda 208,4 ming kvadrat metrlik yo‘lovchi terminali, uzunligi 4 kilometrdan bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagini barpo etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yiliga 20 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, soatiga 30 ta qo‘nish va uchishni ta’minlaydigan infratuzilmani yaratish hamda 169 ta havo kemasi uchun turargoh tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda bo‘lajak aeroport hududida olib borilayotgan loyiha-qidiruv ishlari va kelgusi bosqichlar to‘g‘risida axborot berildi.
Prezident tomonidan mutasaddilarga loyihalarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta tayyorlash, qurilish ishlarini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish hamda transport infratuzilmasining uzoq muddat barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
08:38 / 29.05.2026
Xitoy dengiz o‘rtasida dunyodagi eng yirik aeroportni qurmoqda
08:36 / 15.05.2026
Floridadagi aeroportga Donald Tramp nomi beriladi
08:12 / 12.05.2026
Osiyoda yangi megaaeroport quriladi
20:24 / 08.05.2026