Gap 90 mlrd yevro miqdoridagi qarz haqida ketmoqda. Shundan 60 mlrd yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina mudofaa ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan. Germaniya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu kreditga nafaqat Kiyevning mudofaa qobiliyati, balki Yevropadagi tinchlik ham bog‘liq.

Vengriya o‘z vetosini shu bilan izohlaydiki, Ukraina hududi orqali o‘tuvchi “Drujba” neft quvuriga Rossiya zarba berganidan keyin, Kiyev go‘yo ta’mirlash ishlarini amalga oshirmagani sabab, Budapesht endi Rossiya neftini ololmayapti. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘tgan hafta Vengriya tanqidlariga javoban Rossiya neftining Yevropa bozorida o‘rni yo‘qligini aytgan.

Yoxann Vadeful Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish istiqboli haqida ham gapirib, Yevropa davlatlarini Kiyevni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning tushuntirishicha, YeI a’zoligi ehtimol “Ukraina uchun eng muhim xavfsizlik kafolati” bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, u Ukraina “belgilangan ketma-ketlikka” amal qilishi va 1993 yilda qabul qilingan, YeIga a’zolikka nomzodlar uchun asosiy talablar bo‘lgan “Kopenhagen mezonlari”ni bajarishi kerakligini ta’kidladi. “Biz imkoni boricha tezroq a’zolikni xohlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Germaniya tashqi siyosat idorasi rahbari. U Germaniya hukumati Ukrainani islohotlarni tezlashtirishga chaqirishini va YeI doirasida Ukraina a’zoligiga nisbatan ochiqlik saqlanishini ta’minlashga intilishini bildirdi.

Vladimir Zelenskiy fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasida so‘zlaganda, Ukraina 2027 yildayoq Yevroittifoq a’zosi bo‘lish niyatini yana bir bor qayd etgan edi. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa bunday imkoniyatni ko‘rmayotganini avvalroq bildirgan. Germaniya hukumati rahbari: “2027 yil 1 yanvardan a’zolik istisno qilinadi”, — degan.