Jahon | 15:35 / 06.03.2026
6106
9 daqiqa o‘qiladi

Eronga hujumlarning «keyingi bosqichi», Ozarboyjonni urgan dronlar va Tramp ma’muriyatida ilk chetlatish – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eronga qarshi operatsiyaning «navbatdagi bosqichi»

Isroil harbiy rahbarlari AQSh va Isroilning Eronga qarshi kampaniyasi «navbatdagi bosqich»ga o‘tayotgani va bu «rejim hamda uning harbiy salohiyatini yanada parchalashi» haqida ogohlantirdi. «Oldinda bizda hali kutilmagan qo‘shimcha rejalar bor, ularni hozircha oshkor qilmoqchi emasman», dedi general-leytenant Eyol Zamir televideniye orqali qilgan chiqishida.

Zamir ushbu bayonotni juma kuni erta tongda Eron poytaxti Tehronda yangi hujumlar to‘lqini qayd etilgan bir vaqtda berdi.

Eron OAVlariga ko‘ra, juma kuni ertalab AQSh va Isroil tomonidan berilgan so‘nggi zarbalar nishonlari orasida Tehrondagi turar joy massivlari ham bo‘lgan. Shuningdek, mamlakatning eng nufuzli Tehron universiteti yaqiniga ham zarbalar berilganini xabar qildi.

Bundan tashqari, Isroil tun davomida butun Livan bo‘ylab juda yirik havo zarbalari berdi. Bayrutning janubiy chekkalarida 11 ta zarba qayd etildi, ulardan ba’zilari favqulodda darajada kuchli va shovqinli bo‘lgan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi esa Eron foydalanadigan yirik dron tashuvchi kema «Shahid Bageri»ga berilgan zarbalarni e’lon qildi. Videoda o‘lchami Ikkinchi jahon urushi davridagi aviatashuvchiga teng bo‘lgan dron tashuvchi kema alanga ichida qolgani ko‘rinadi.

Urush oqibatlari yana kengaydi

5 mart kuni Eronning to‘rtta droni mamlakat chegarasini kesib o‘tib, Ozarboyjondagi obektlarga urildi. Bu holat Yaqin Sharqdagi mojaroning yoyilib borayotgani haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Ozarboyjon rasmiylarining ma’lum qilishicha, bitta dron Eron chegarasidan taxminan 10 km uzoqlikda joylashgan Naxchivan xalqaro aeroporti terminali binosiga tushgan. Yana bir dron esa yaqin atrofdagi qishloqlardan birida – maktab binosi yaqiniga qulagan.

Dronlardan biri Ozarboyjon armiyasi tomonidan urib tushirilgan, yana biri esa fuqarolik infratuzilmasiga shikast yetkazgan. To‘rt nafar yarador shifoxonaga yetkazilgan va ularning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda. Rasmiylar ishlatilgan dronlar turlarini o‘rganayotganini bildirishdi.

«Biz Ozarboyjonga qarshi amalga oshirilgan ushbu terror va tajovuzkorlik harakatiga toqat qilmaymiz. Qurolli Kuchlarimizga tegishli javob choralarini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi», - dedi Ilhom Aliyev o‘zining Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida. Shuningdek, u har qanday dushman kuchiga qarshi o‘z kuchini ko‘rsatishga tayyorligini aytgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eronning Naxchivanga hujum qilganini rad etdi va Tehron tergov o‘tkazishini bildirdi.

Ozarboyjon hujumdan so‘ng o‘zining janubiy havo hududini 12 soatga yopayotganini, shuningdek, barcha yuk mashinalari uchun Eron bilan chegara o‘tish punktlarini berkitishini ma’lum qildi. Bu Eronni uning ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya bilan bog‘laydigan eng qisqa quruqlik yo‘llaridan birini to‘sib qo‘yadi.

Ozarboyjon va Eron o‘rtasidagi munosabatlar Bokuning Turkiya va Isroil bilan rivojlanib borayotgan iqtisodiy va harbiy aloqalari tufayli allaqachon taranglashgan edi.

«Hizbulloh» Isroilga qarshi elita bo‘linmalarini yubordi

Livan janubida Isroil kuchlariga qarshilik ko‘rsatish uchun «Hizbulloh» o‘zining elit jangchilarini safarbar qildi. Vaziyatdan xabardor Livandagi manbalarga ko‘ra, guruh Yaqin Sharqdagi mojaroga chuqurroq kirib bormoqda.

Manbalarning ta’kidlashicha, «Hizbulloh»ning «Razvon» bo‘linmasi a’zolari jangga qo‘shilish va Isroil tanklari harakatini to‘xtatish haqida buyruq olgan. Bunga misol sifatida chorshanba kuni Isroil qo‘shinlari oldinga siljigan hududlardan biri — Xiyam shahri keltirildi.

Eron tomonidan tashkil etilgan Livandagi guruhi dushanba kuni urushga kirgandi. Ular AQSh va Isroilning kutilmagan hujumi natijasida halok bo‘lgan Eron oliy rahnamosi uchun qasos olish maqsadida o‘t ochgan.

O‘shandan beri Isroil Janubiy Livan va boshqa kengroq hududlarga shiddatli zarbalar berib, chegara orqali ko‘proq qo‘shin yubordi.

«Hizbulloh» rahbari Naim Qosim chorshanba kuni televideniye orqali qilgan chiqishida, guruh Isroilning «okkupatsiya va kengayish» rejasiga qarshi turishini aytdi.

Guruh 2024 yildagi urushdan keyin AQSh vositachiligidagi sulhga ko‘ra, Litani daryosi va Isroil chegarasi o‘rtasidagi hududni tark etib, daryoning shimoliga ko‘chgan edi.

Tramp Eronning yangi rahbarini o‘zi tanlamoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar Eronning navbatdagi rahbarini tanlash jarayonida ishtirok etishi shartligini aytdi.

«Biz o‘sha shaxsni Eron bilan birgalikda tanlashimiz kerak bo‘ladi. Biz u odamni tanlashimiz shart», dedi Tramp.

Telefon orqali bergan intervyusida Tramp Eronning bo‘lajak rahbari marhum Ali Xominaiyning o‘g‘li bo‘lishi ehtimoldan yiroq ekanini aytdi. Lekin Eron tomoni Xominaiyning o‘g‘lini asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda.

Islom respublikasidagi hokimiyat vorisligi haqida gapirar ekan, u vaziyatni Venesuelada Maduro o‘rnida qolgan va AQSh bilan kelishib ishlayotgan Delsi Rodrigesga qiyosladi.

«Biz Eronni kelajakka boshlab boradigan shaxsni tanlash jarayonida ishtirok etishni xohlaymiz, toki har besh yilda bu yerga qaytib, ayni ishni qayta-qayta takrorlashga majbur bo‘lmaylik. Biz xalq uchun ham, mamlakat uchun ham ajoyib bo‘ladigan odamni xohlaymiz», dedi Tramp.

Eronning surgundagi vakili, so‘nggi shohning o‘g‘li Rizo Pahlaviy nomzodi haqidagi savolga Tramp: «Menimcha, hamma variantlar ko‘rib chiqilmoqda. Hali juda erta», deb javob berdi.

Tramp, shuningdek, Eron kurd kuchlarini hujumga o‘tishga undadi. «Menimcha, ularning buni amalga oshirishni xohlayotgani juda soz, men buni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman», dedi prezident.

Mavzudan xabardor manbalarga ko‘ra, Eron–Iroq chegarasida joylashgan kurd guruhlari koalitsiyasi Tehron armiyasini zaiflashtirish maqsadida hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tramp ichki xavfsizlik kotibini ishdan oldi

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni ichki xavfsizlik kotibi Kristi Noemni lavozimidan ozod etdi. Noemning o‘rniga Oklaxoma senatori Markueyn Mullin tayinlanadi. Ushbu tayinlov AQSh Senati tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi.

Janubiy Dakotaning sobiq gubernatori bo‘lgan Noem, ijtimoiy tarmoqlarda immigrantlarni keskin so‘zlar bilan tasvirlashi, jinoiy huquqbuzarliklarni bo‘rttirib ko‘rsatishi va tajovuzkor tildan foydalanishi bilan Tramp kabinetining eng mashhur a’zolaridan edi.

Immigratsiyaga qarshi keskin choralarning «yuzi» bo‘lgan Noemning ketishi Trampga migratsiya siyosatida yangicha yondashuv imkonini berishi mumkin.

Shu haftadagi Kongress eshituvlarida Noem immigratsiya siyosati va uslubi uchun tanqid qilingandi. Xususan, Noemning o‘zi asosiy qahramon bo‘lgan 220 million dollarlik reklama kampaniyasi alohida e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, Noemning shaxsiy hayoti ham nazorat ostiga olindi. Demokrat qonun chiqaruvchilardan biri undan, ikkalasi ham oilali bo‘la turib yordamchisi bilan yaqin munosabatda yoki yo‘qligini so‘ragan. Noem bu savolni «sariq matbuot axlati» deb atadi.

Noem Trampning ikkinchi muddatida Senat tomonidan tasdiqlangan va vazifasidan chetlatilgan ilk kabinet a’zosi bo‘ldi. Prezident Tramp Noemning yangi vazifasi Mayamidagi rejalashtirilgan sammitda G‘arbiy yarimshar bo‘yicha maxsus vakil bo‘lishini ma’lum qildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid