Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident bir guruh ayol va qizlarga davlat mukofotlarini topshirdi
«Yangi O‘zbekistonni ayollari baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – eng ulug‘ maqsad», – dedi davlat rahbari.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Ko‘ksaroy qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari marosimda nutq so‘zlab, barcha muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillarni samimiy tabrikladi.
– Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib maydonga chiqayotgan 22 millionlik yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz.
Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, – dedi prezident.

Mamlakatda so‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi rolini oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim shakllantirilgani ta’kidlandi. Qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda gender tengligi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, xotin-qizlar manfaatlariga ta’siri baholanmasdan turib, hech bir qonun qabul qilinmasligi belgilangan.
Mazkur siyosat natijasida faol tadbirkor ayollar qatlami shakllanib, bugungi kunda ularning soni 230 ming nafarga yaqinlashdi. Qishloq xo‘jaligida 12 ming nafardan ortiq fermer ayollar mehnat qilmoqda, ilm-fan sohasida esa 6 mingdan ziyod olimalar faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonlik qizlar xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda ular jahon arenalarida 167 ta oltin, 193 ta kumush va 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar hayotidagi bunday ijobiy o‘zgarishlar xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida mamlakatimiz 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa 43 pog‘onaga yaxshilanib, 48-o‘rinni egalladi.

Davlat rahbari turli sohalardagi mehnati, iste’dodi va aql-zakovati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizga, xalqaro maydonlarda Vatanimizni dunyoga tarannum etayotgan qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili bu maqsadlar uchun 23,5 trillion so‘m kredit ajratilib, buning natijasida 425 mingdan ortiq ayollar tadbirkor bo‘ldi.
Bu yil ham xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshiriladi. Xususan, 166 ming xotin-qizlar zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari axborot texnologiyalari sohasiga o‘qitiladi.

Shuningdek, “Daromadli ayol” dasturi yo‘lga qo‘yilib, kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik kabi yo‘nalishlarda 50 ming ayolning bandligi ta’minlanadi. “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta biznes loyihasiga 1 trillion so‘m ajratilishi belgilangan.
Umuman, joriy yilda 1,5 million xotin-qizni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini tadbirkorlikka jalb etish maqsad qilingan. Bu ishlar uchun 25 trillion so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi.
Prezident mamlakatda qizlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Bugun oliygohlarda tahsil olayotgan qizlar soni 904 ming nafardan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning ham 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani alohida ta’kidlandi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi qizlar uchun davlat granti kvotasi ikki barobarga oshirilib, 4 mingtaga yetkaziladi. Shuningdek, dunyodagi yetakchi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistraturada tahsil olayotgan talaba-qizlarning kontrakt to‘lovlari ham davlat tomonidan qoplab beriladi.
Yosh xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkazilib, har bir g‘olibga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 million so‘mgacha grant ajratiladi.
Tadbirda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Yaqinda xotin-qizlar va bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi prezident farmoni imzolandi. Endilikda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq holatlariga qarshi qat’iy tizim asosida kurash olib boriladi.

Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan ayollarni jamiyatga qayta integratsiya qilish maqsadida “Yangi hayot” dasturi amalga oshirilishi belgilandi. Unga ko‘ra, mahkumalar 3-6 oylik kasbga o‘qitish dasturlari orqali hunar egallaydi, oliy ta’lim muassasalariga kirish va masofaviy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
– Biz o‘z oldimizga, avvalo, inson baxti, inson qadri uchun xizmat qiladigan ulkan maqsadlar qo‘yganmiz. Chunki inson baxti oiladan boshlanadi, oila esa ayol bilan mustahkam. Hech shubhasiz, bu borada qizlarimizning ma’naviy tarbiyasi hal qiluvchi o‘rin tutadi, – dedi davlat rahbari.

Dunyodagi vaziyat tahlikali bo‘lib borayotgan bir paytda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik ulug‘ ne’mat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz. Duogo‘y buvijonlar, mo‘tabar onaxonlar oilalarda bu ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va farzandlar, nabiralarga shukronalik tuyg‘usini singdirishda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirildi.
Tadbirda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh ayollarga davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari, shuningdek, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va jamoat ishlarida faol bo‘lgan 28 nafar iqtidorli qizga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tantanali tarzda topshirildi.








– Yangi O‘zbekistonni ayollari hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim. Ishonchim komil, sizdek fidoyi, shijoatli, mehnatkash ayollarimiz, butun xalqimiz bilan birga ezgu maqsadlarimizga, albatta, erishamiz! – dedi davlatimiz rahbari.


Mavzuga oid
23:45 / 06.03.2026
Tadbirkor prezidentga: barchani millionerga aylantirdingiz
18:58 / 06.03.2026
Ayollar uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi yo‘lga qo‘yiladi
10:02 / 06.03.2026
Toshkentda yangi xalqaro aeroport va zamonaviy avtomagistrallar barpo etiladi
22:24 / 05.03.2026