Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron AQShga qarshi: urushda kuchlar nisbati qanday?
Yaqin Sharqda keskinlik yana kuchaygan bir paytda Eron va AQShning harbiy-texnologik imkoniyatlari yana diqqat markaziga chiqdi. Bir tomon qimmat va murakkab ballistik raketalarga tayansa, ikkinchi tomon arzonroq, ammo ommaviy qo‘llanadigan qanotli raketalarga suyanadi.
Foto: REUTERS
Quruqlikdagi urush, havo hujumidan mudofaa, dronlar, sanoat bazasi va uzoq davom etadigan urushda chidamlilik masalasida vaziyat ancha murakkab. Tahlilchilar fikricha, ehtimoliy Eron—AQSh qarama-qarshiligi tezkor g‘alabadan ko‘ra, qimmatga tushadigan va cho‘zilishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvga o‘xshaydi.
Eron: sanksiyalar ostidagi mamlakat, ammo texnologik jihatdan biryoqlama emas
Eron haqida ko‘pincha “sanksiyalar tufayli orqada qolgan davlat” degan qarashlar aytilsa-da, mamlakatning ilmiy-texnik va sanoat salohiyati bundan murakkabroq manzarani ko‘rsatadi. So‘nggi o‘n yilliklarda Tehron ta’lim, muhandislik, mahalliy ishlab chiqarish va import o‘rnini bosishga katta e’tibor qaratdi.
Bu, ayniqsa, oliy ta’lim tizimida seziladi. Mamlakatda talabalar soni keskin oshgan, ayollar o‘rtasida savodxonlik va oliy ta’limga qamrov ham ancha yuqori darajaga yetgan. Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish ta’lim tizimi sur’atiga mos kelmagan. Eron yalpi ichki mahsulot bo‘yicha boy davlat emas, biroq u tashqi bozordan sotib olishi qiyin bo‘lgan mahsulotlarni o‘z kuchiga tayanib ishlab chiqarishga harakat qildi.
Shu sababli mamlakat ayrim sohalarda kutilmagan natijalarga erishdi. Masalan, avtomobilsozlik, dvigatellar ishlab chiqarish, energetika uchun katta quvvatli gaz turbinalari tayyorlash, ayrim turdagi muhandislik mahsulotlarini mahalliylashtirish shular jumlasidandir. Bu holat Eronning harbiy sanoatiga ham ta’sir ko‘rsatdi: u o‘z ehtiyoji uchun xorijdan sotib ololmaydigan yo‘nalishlarni mahalliy asosda rivojlantirishga majbur bo‘ldi.
Raketa va dronlar — Eron harbiy sanoatining asosiy kuchi
Tahlilda aytilishicha, Eronning eng kuchli yo‘nalishlaridan biri — ballistik raketa va uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqarish sohasi. Mamlakat o‘rta va qisqa masofali ballistik raketa turlarini mustaqil ishlab chiqaradi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Eronda bunday raketalar zaxirasi juda katta bo‘lishi mumkin.
Bu raketalar Eron uchun faqat harbiy qurol emas, balki strategik bosim vositasi ham hisoblanadi. Chunki Tehron uchun Isroil yoki mintaqadagi AQSh obektlariga masofadan ta’sir o‘tkazishning deyarli yagona yo‘li ham shu.
Biroq muhim muammo bor: raketa qanchalik uzoq masofaga uchsa, uning aniqligi shunchalik muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’kidlanishicha, Eronda raketa ishlab chiqarish ommaviy tus olgan bo‘lsa-da, aniq nishonga yuqori darajada urish borasida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ya’ni ular shahar, infratuzilma yoki maydonbop nishonlarga xavf solishi mumkin, ammo qattiq himoyalangan harbiy obektlarga qarshi samaradorligi cheklangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, Eronning dron dasturi ancha muvaffaqiyatli deb baholanmoqda. Ayniqsa, “Shahed” turkumidagi dronlar mamlakatning eng mashhur harbiy mahsulotiga aylandi. Bu dronlar nisbatan arzon, uzoq masofaga ucha oladi, kichik hajmli va ko‘p holatda aniq zarba berish imkoniga ega. Shu sababli ularning amaliy ahamiyati ayrim holatlarda og‘ir ballistik raketalardan ham yuqori deb ko‘rsatiladi.
Dengizdagi dronlar va asimmetrik javob strategiyasi
Eron faqat havodagi emas, dengizdagi uchuvchisiz platformalarga ham e’tibor qaratgan. Kichik tezyurar qayiqlar, kamikadze-katerlar va yarim cho‘kuvchi apparatlar kabi vositalar ayniqsa Fors ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kabi hududlarda xavfli omilga aylanadi.
Bunday vositalar AQShning an’anaviy dengiz ustunligiga qarshi asimmetrik javob sifatida ko‘riladi. Ya’ni Eron AQShdek aviatashuvchilar yoki katta flotga ega emas, lekin u qimmat kemalarga qarshi arzon, ko‘p sonli va aniq yo‘naltiriladigan qurollar orqali bosim o‘tkazishga urinadi.
Eronning zaif nuqtalari: havo hujumidan mudofaa va quruqlik texnikasi
Shunga qaramay, Eron harbiy tizimi barcha sohada ham kuchli emas. Tahlilda mamlakatning eng katta muammolaridan biri sifatida zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlarining yetarli darajada emasligi tilga olinadi. O‘rta va uzoq masofali samarali zenit-raketa majmualari soni kam, mahalliy ishlanmalar esa Rossiya yoki G‘arbdagi eng zamonaviy tizimlar darajasiga chiqmagan.
Shu sababli, agar qarshi tomon masofadan turib, yuqori aniqlikdagi aviatsiya qurollari yoki qanotli raketalardan foydalansa, Eron havo himoyasi jiddiy bosim ostida qolishi mumkin.
Bundan tashqari, quruqlikdagi urush nuqtai nazaridan Eronda zamonaviy tanklar, piyoda jangovar mashinalari va ommaviy FPV-dronlar yetarli emasligi aytiladi. Ya’ni mamlakat raketa va dron urushlariga ma’lum darajada tayyor bo‘lsa-da, katta miqyosdagi zamonaviy quruqlik operatsiyasi uchun barcha zarur texnikaga ega emas.
Ammo bu yerda muhim bir jihat bor: tahlilga ko‘ra, AQShning Eron hududiga keng ko‘lamli quruqlik desantini tushirishi amalda juda kam ehtimolga ega. Demak, aynan shu zaiflik urush taqdirini hal qiluvchi omilga aylanmasligi ham mumkin.
AQSh: katta harbiy qudrat, ammo barchasi ham zamonaviy emas
AQSh dunyodagi eng boy va eng katta harbiy tizimlardan biriga ega. Unda aviatashuvchilar, strategik aviatsiya, yuqori aniqlikdagi bombalar, qanotli raketalar, qiruvchilar va razvedka vositalari juda ko‘p. Ammo tahlilda qayd etilishicha, bu ulkan salohiyatning ham cheklovlari bor.
Avvalo, AQSh ommaviy va arzon zarba dronlari sohasida Eron yoki boshqa ayrim davlatlar darajasida emas. Ya’ni Vashingtonda juda qimmat, texnologik jihatdan murakkab qurollar bor, ammo uzoq muddatli, ko‘p sonli va nisbatan arzon masofaviy zarbalar urushini yuritish uchun kerak bo‘ladigan “oddiy, ommaviy, arzon” dronlar yetarlicha emas.
Qanotli raketalar — xususan, “Tomagavk” va havodan uchiriladigan boshqa raketalar AQShning asosiy zarba vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Lekin ular qimmat, zaxirasi cheklangan va tez to‘ldirib bo‘lmaydi. Agar urush bir necha haftadan ko‘proq davom etsa, bu omil juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nima uchun Vashington “quruqlik urushidan” qochadi?
AQSh rahbariyati, xususan, siyosiy yetakchilar, nega “quruqlik operatsiyasi” yoki to‘liq bosqin kabi atamalarni ehtiyotkorlik bilan ishlatadi? Bunga bir necha sabab bor.
Birinchidan, Eron hududi katta, aholisi ko‘p va geografiyasi murakkab. Bu yerga quruqlik armiyasi bilan kirish Afg‘oniston yoki Iroqdan ham qiyinroq bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, bunday operatsiya katta yo‘qotishlar talab qiladi. AQSh esa so‘nggi o‘n yilliklarda inson yo‘qotishlariga juda sezgir davlat sifatida namoyon bo‘ldi.
Uchinchidan, Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy jihatdan AQShdan zaif bo‘lsa ham, u mintaqaviy urushni kengaytirib yuborish, bazalarga zarba berish, dengiz kommunikatsiyalarini buzish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida bosim o‘tkazish kabi imkoniyatlarga ega. Shuning uchun Vashington uchun “to‘liq urush” siyosati harbiy jihatdan ko‘ra ko‘proq siyosiy va iqtisodiy xavf tug‘diradi.
Qisqa urush bo‘lishi mumkin, ammo uzoq davom etadigan g‘alaba qiyin masala
Tahlilning asosiy xulosalaridan biri shuki, AQSh Eronga qarshi bir necha hafta yoki qisqa muddatli intensiv kampaniya olib borishi mumkin. Bunda masofadan raketalar, aviatsiya va yuqori aniqlikdagi bombalar qo‘llanishi ehtimoldan xoli emas.
Biroq bunday zarbalar Eronni tezda taslim qilish yoki uning harbiy-sanoat salohiyatini butunlay yo‘q qilish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Chunki Eron katta hududga, tarqoq infratuzilmaga, tunnellashgan va yashirin obektlarga hamda uzoq yillik bosimga moslashgan davlat tizimiga ega.
Shu bilan birga, Eron ham cheklanmagan resurslarga ega emas. Uning ballistik raketalar zaxirasi cheksiz emas, ommaviy zarbalar uzoq davom etsa, vaqt o‘tishi bilan ular soni pasayishi mumkin. Dronlar esa nisbatan arzon va ommaviy bo‘lsa ham, ulardan foydalanish taktikasi har doim ham maksimal samara bermayotgani aytilgan.
Ehtimoliy natija: qimmatga tushadigan, cho‘ziluvchan va noaniq to‘qnashuv
Tahlillarga ko‘ra, agar masalaga faqat harbiy-texnik nuqtai nazardan qaralsa, Eron va AQSh o‘rtasidagi ehtimoliy keng ko‘lamli to‘qnashuv aniq g‘olibdan ko‘ra, har ikki tomon uchun juda qimmatga tushadigan va noaniq natijali qarama-qarshilikka aylanishi mumkin.
AQSh texnologik jihatdan kuchli, boy va global harbiy infratuzilmaga ega. Eron esa nisbatan kambag‘alroq, ammo asimmetrik urush, raketa dasturi, dronlar va mahalliy ishlab chiqarishga tayangan holda juda og‘ir raqibga aylangan.
Shu ma’noda, ehtimoliy urush “kim ko‘proq qurolga ega?” degan savoldan ko‘ra, “kim uzoqroq chiday oladi, kimning strategiyasi arzonroq va kim siyosiy jihatdan kamroq yo‘qotadi?” degan savollar bilan hal bo‘lishi mumkin.