Jahon | 21:53 / 09.03.2026
6475
2 daqiqa o‘qiladi

Eron hukumati AQSh va Isroil tarafdorlarining mol-mulkini musodara qiladi

Mamlakat Bosh prokuraturasi faqat musodara qilish bilan cheklanib qolmasligini, balki sodiq bo‘lmagan fuqarolarga nisbatan «qonunga muvofiq boshqa huquqiy choralar» ko‘rishini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Eron Bosh prokuraturasi AQSh va Isroilning Eronga nisbatan harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakat fuqarolarining barcha mol-mulkini musodara qiladi.

«Ogohlantirish xorijda yashayotgan va Amerika-sionistik (Isroil) dushmanga turli yo‘llar orqali hamdardlik qilayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan yoki hamkorlik qilayotgan eronliklarga berildi», deb Eron Bosh prokuraturasi bayonotidan Reuters iqtibos keltirdi.

Idora faqat musodara qilish bilan cheklanib qolmasligini, balki sodiq bo‘lmagan fuqarolarga nisbatan «qonunga muvofiq boshqa huquqiy choralar» ko‘rishini ma’lum qildi.

Reuters xabariga ko‘ra, mamlakatdan tashqarida 5 milliongacha eronlik istiqomat qiladi, ularning aksariyati AQSh va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida. O‘z mamlakatidan tashqarida yashovchi ko‘plab taniqli eronliklar ijtimoiy tarmoqlarda Eron rahbariyatiga nisbatan tanqidiy izohlar qoldirib, AQSh va Isroilning harbiy operatsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Eronda so‘nggi norozilik namoyishlari boshlanganidan so‘ng, xorijdagi eronlik diaspora vakillari muntazam ravishda Amerika va Yevropa shaharlari ko‘chalariga chiqib, Erondagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid