Jahon | 09:27
1038
4 daqiqa o‘qiladi

G7 moliya vazirlari neft zaxiralarining bir qismini bo‘shatishga tayyor

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatida yuzaga kelgan energetika inqirozi munosabati bilan G7 mamlakatlari moliya vazirlari neft zaxiralarining bir qismini bozorga chiqarishga tayyor ekanini bildirdi. Biroq hozircha bu borada hech qanday qaror qabul qilinmagan.

Foto: Michael Dietrich / imagebroker.com / Global Look Press

Dunyoning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan yetti davlati — “Katta yettilik” (G7: AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya) — moliya vazirlari o‘z neft zaxiralarining bir qismini bo‘shatishga tayyor ekanini bildirdi.

Fransiya tomonidan 9 mart, dushanba kuni tashkil etilgan videokonferensiya yakunlari bo‘yicha vazirlik rahbarlarining qo‘shma bayonotida shunday deyiladi: “Biz zarur choralarni ko‘rishga tayyormiz, jumladan, energetika resurslarining jahon ta’minotini qo‘llab-quvvatlash, masalan, zaxiralarni bo‘shatish orqali”.

Shu bilan birga, Fransiya tomoni AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi munosabati bilan milliy neft zaxiralarining bir qismidan foydalanish ehtimoli haqida hozircha qaror qabul qilinmaganini ogohlantirdi.

Fransiya moliya vaziri Rolan Leskyur videokonferensiyadan keyin bu haqdagi savolga shunday javob berdi: “Biz hali bunga yetib kelganimiz yo‘q. Agar zarurat tug‘ilsa, bozorni barqarorlashtirish uchun barcha zarur vositalardan, jumladan, ehtimoliy ravishda zaxiralardan foydalanishdan ham foydalanamiz, degan kelishuvga keldik”.

Leskyurning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda ish davom ettiriladi va neft bozoridagi vaziyat diqqat bilan kuzatib boriladi. G7 guruhi uchrashuvida Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Fotih Birol ham ishtirok etdi va u vazirlarga jahon neft bozorlaridagi vaziyat yomonlashayotgani haqida axborot berdi.

Tarkibiga 32 ta davlat kiradigan XEA a’zolari 1,2 milliard barreldan ortiq strategik neft zaxiralariga ega. Bu hajmga yana 600 million barrel sanoat zaxiralari ham qo‘shiladi. XEAga a’zo mamlakatlar inqirozli vaziyatlarda neft bozorini barqarorlashtirish yoki ta’minot tanqisligiga javob berish maqsadida o‘z strategik neft zaxiralarini bozorga chiqaradi, garchi bu choraga juda kam murojaat qilinsa ham.

Ta’minot zanjirlaridagi uzilishlarga qaramay, Yevropa Ittifoqi davlatlari yetarli neft va gaz zaxiralariga ega. Bu haqda shu kuni Yevropa komissiyasi matbuot xizmati xabar qildi. Bayonotda shunday deyiladi: “Ta’minot xavfsizligi bizni yuqori energiya narxlarichalik tashvishlantirmayapti”.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda to‘sib qo‘yilishi tufayli neft narxi 2022 yildan beri birinchi marta 100 AQSh dollaridan oshdi. Reuters agentligi xabar berishicha, 9 mart kuni London birjasida savdo boshida Yevropada etalon hisoblangan Brent nefti fyucherslari narxi vaqtincha qariyb 26 foizga ko‘tarilib, bir barrel (159 litr) uchun 116,6 dollarga yetgan.

7 mart kuni Isroil ilk bor Eron neft infratuzilmasiga havo zarbalari berdi — Tehron va uning atrofidagi beshta energetika obekti hujumga uchradi. Bunga javoban Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft obektlariga hujum bilan tahdid qildi.

The Guardian gazetasi IIMK vakilining quyidagi so‘zlarini keltiradi: “Agar siz neftning bir barreli 200 dollardan yuqori bo‘lgan narxga chiday olsangiz, o‘yinni davom ettiring”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid