Jahon | 12:02 / 10.03.2026
5258
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Yevropaga Rossiyadan yana neft va gaz sotib olishni taklif qildi

Neft narxlari keskin oshib borayotgan bir paytda Rossiya Yevropa bilan “uzoq muddatli va barqaror” hamkorlik tiklansa, Moskvaga siyosiy bosim o‘tkazilmasa, energiya tashuvchilar yetkazib berishni qayta boshlashi mumkin. Bu haqda Rossiya prezidenti ma’lum qildi.

Foto: Gavriil Grigorov / POOL / RIA Novosti

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri energiya tashuvchilar narxlari sezilarli darajada oshgani fonida, Rossiya Yevropa mamlakatlariga neft va gaz yetkazib berishga tayyor. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, yetkazib berishni qayta tiklashning asosiy sharti — Moskvaga siyosiy bosim o‘tkazilmaydigan barqaror hamkorlikdir. Putin bu haqda 9 mart, dushanba kuni mamlakat hukumati yig‘ilishi chog‘ida ma’lum qildi.

Kreml rahbari Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi va bu bilan bog‘liq neft bozoridagi muammolarni sharhlar ekan, shunday dedi: “Agar Yevropa kompaniyalari, Yevropa xaridorlari to‘satdan yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilsa va bizga siyosiy kon’yunkturadan xoli, siyosiy holat ta’siridan ozod, uzoq muddatli, barqaror qo‘shma ishni ta’minlasa — marhamat”.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya yevropaliklar bilan ishlashdan hech qachon bosh tortmagan, biroq unga Yevropada ham ishlashga tayyor ekani va “bizga shu barqarorlik hamda mustahkamlikni ta’minlashi” haqidagi “signallar” zarur.

Shuningdek, u hukumatga Rossiya energiya tashuvchilarini Yevropaga yetkazib berish maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligini baholashni va Yevropa “namoyishkorona eshikni yopib qo‘yishi”ni kutib o‘tirmaslikni topshirganini aytdi. Hozirgi vaqtda Rossiya neftini Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlariga, Vengriya va Slovakiyaga yetkazib bermoqda.

Shu kuni avvalroq neft narxi qariyb to‘rt yil ichida birinchi marta bir barrel uchun 100 AQSh dollaridan (hisob-kitobda taxminan 86 yevro) oshib ketgan edi. G7 mamlakatlari moliya vazirlari neft narxlari o‘sishi fonida neft zaxiralaridan foydalanish variantini kelishib oldi.

Rossiyaning Yevropa mamlakatlariga energiya tashuvchilar yetkazib berishi Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqining sanksiyalar paketlari doirasida bosqichma-bosqich eng kam darajaga tushirilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid