O‘zbekiston | 21:04 / 10.03.2026
1217
2 daqiqa o‘qiladi

Yil boshidan buyon 11 ta yangi tabiiy gaz qudug‘i ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 10 mart kuni neft va gaz sohasida belgilangan vazifalar ijrosining holati yuzasidan hisobot berildi.

Ma’lumki, 30 yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish, uglevodorod zaxiralarini kengaytirish va tarmoqni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangandi. 23 fevral kuni esa ushbu topshiriqlarning dastlabki ijrosi ko‘rib chiqilib, qator qo‘shimcha topshiriqlar berilgan edi. Bugungi taqdimotda mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni yana bir bor tahlil qilindi.

Neft va gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi konlarni aniqlash, mavjud quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bu borada soha rahbarlarining joriy yil boshidan 3D seysmik qidiruv ishlari 471 kvadrat kilometr hajmda amalga oshirigani, 11 ta yangi quduq ishga tushirilgani, 20 ta quduqda ta’mirlash ishlari bajarilgani va 5 ta texnologik tadbir amalga oshirilgani to‘g‘risidagi ma’lumoti ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, sohada operatsion samaradorlikni oshirish, korxonalarning xarajatlarini maqbullashtirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob va qat’iy intizom asosida ta’minlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid