Jahon | 19:13
1666
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya xorijda qo‘shin qo‘llash uchun asoslarni kengaytirishi mumkin

Rossiya hukumati Davlat dumasiga rossiyalik fuqarolarni jinoiy yoki boshqa ta’qibdan himoya qilish maqsadida boshqa mamlakatlarga qo‘shin kiritishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini kiritishni ma’qulladi, deb yozadi “Interfaks” manbaga tayanib.

Foto: AP

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi qurolli kuchlardan Rossiya hududidan tashqarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Uning maqsadi — Rossiya fuqarolarining huquqlarini himoya qilish. “Interfaks” agentligi 10 mart, seshanba kuni noma’lum manbaga tayanib xabar berishicha, hujjatni ko‘rib chiqish uchun Davlat dumasiga kiritishni hukumatning qonun loyihalari faoliyati bo‘yicha komissiyasi ma’qullagan.

“Qonun loyihasi bilan ‘Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida’gi federal qonunga va ‘Mudofaa to‘g‘risida’gi federal qonunga o‘zgartishlar kiritilmoqda, ular jumladan Rossiya Federatsiyasi prezidenti qaroriga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tarkiblaridan Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini himoya qilish maqsadida hududdan tashqarida foydalanish imkoniyatini nazarda tutadi”, — dedi “Interfaks” suhbatdoshi.

Tushuntirish xatida qayd etilishicha, “qonun loyihasi Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini xorijiy davlatlar sudlari qarorlarini ijro etish jarayonida qo‘lga olish, ushlab turish, jinoiy va boshqa ta’qib holatlarida ularning huquqlarini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan”. Shuningdek, gap Rossiya bilan tuzilgan xalqaro shartnoma yoki BMT nizomining VII bobi doirasidagi vakolatlarga asoslangan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi bilan belgilanmagan xalqaro sud organlari tomonidan rossiyaliklarni ta’qib qilish haqida ham bormoqda, deyiladi hujjatda.

Amaldagi Rossiya qonunchiligi 2023 yildan beri prezidentga Rossiya Federatsiyasi va uning fuqarolarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish imkonini beradi, agar xorijiy, xalqaro yoki davlatlararo organlar Rossiya manfaatlariga zid qarorlar qabul qilsa yoki shunday harakatlarni amalga oshirsa. Biroq qonunda bunday himoya qanday vositalar bilan amalga oshirilishi mumkinligi aniq ko‘rsatilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid