Jahon | 21:41 / 11.03.2026
6274
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush tufayli neft zaxiralarining tarixdagi eng katta zaxirasi ochiladi

Neft umumiy zaxirasining uchdan bir qismi – 400 million barrel bozorga chiqariladi.

Foto: Bloomberg

Xalqaro energetika agentligi (IEA) o‘z tarixidagi eng yirik davlat neft zaxirasini - 400 million barrelni, ya’ni umumiy zaxiraning uchdan bir qismini bo‘shatishni buyurdi, deb yozdi The Guardian 11 mart kuni.

Jahon energetika regulyatorining ta’kidlashicha, uning 32 a’zosi favqulodda zaxiralardan bunday hajmdagi neftni bo‘shatishga bir ovozdan rozi bo‘lgan.

Shunday qilib, agentlik AQSh va Isroilning Eron bilan urushi va dunyodagi barcha neft ta’minotining chorak qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi tufayli neft bozoridagi zarbani yumshatishga harakat qilmoqda.

Avvalroq Yaponiya hukumati 18 martdan boshlab xususiy va davlat neft zaxiralaridan 80 million barrelga yaqin neftni bozorga chiqarishini ma’lum qilgandi. Germaniya 19,51 million barrel xom neftni chiqarishini ma’lum qildi.

G7 mamlakatlari energetika vazirlari strategik neft zaxiralaridan foydalanishni prinsipial qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Avvalroq Xalqaro energetika agentligi 2022 yilda Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan ushbu favqulodda chorani qo‘llagan edi. Shunda regulyator bozorga 182 million barrel neft chiqargan.

Jahon bozori Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali savdoning to‘sib qo‘yilishi tufayli kuniga 15 million barrelga yaqin neft yo‘qotmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid