Jahon | 11:39
740
4 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiya tufayli Venetsiya biyennalesini grantdan mahrum qilishi mumkin

Yevrokomissiya biyennale jamg‘armasining 2026 yilda Rossiyani yana ishtirokchilar qatoriga qaytarish haqidagi qarorini keskin qoraladi va YeIning Ukrainadagi urush hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha pozitsiyasini eslatdi. U ushbu qarorlarga amal qilishga chaqirdi.

Foto: RIA Novosti / Svetlana Yankina

Yevrokomissiya Rossiyaning Venetsiya biyennalesiga qaytarilishini keskin tanqid qildi. Rossiya paviloni 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin sababli yopilgan edi. 10 mart, seshanba kuni tarqatilgan qo‘shma bayonotda Yevrokomissiyaning texnologik suverenitet, xavfsizlik va demokratiya bo‘yicha vitse-prezidenti Xenna Virkkunen hamda avlodlar, yoshlar, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha yevrokomissar Glenn Mikallef Biyennale jamg‘armasi Rossiyaga milliy pavilonini qayta ochishga ruxsat berganini ko‘rsatib o‘tdi.

Ular Yevrokomissiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi yuzasidan “o‘z pozitsiyasini aniq belgilab qo‘yganini” eslatdi. Shu bilan birga, YeIga a’zo davlatlar, institutlar va tashkilotlar Yevropa sanksiyalariga muvofiq harakat qilishi hamda “Kremlning Ukrainaga qarshi tajovuzini faol qo‘llab-quvvatlagan yoki oqlagan shaxslarga maydon taqdim etishdan qochishi” lozimligi ta’kidlandi.

“Madaniyat demokratik qadriyatlarni ilgari suradi va himoya qiladi, ochiq muloqot, xilma-xillik va fikr bildirish erkinligiga ko‘maklashadi hamda hech qachon propaganda uchun platforma sifatida ishlatilmasligi kerak”, — deya ta’kidladi bayonot mualliflari.

Yevrokomissiya fikricha, Venetsiya biyennalesi rahbariyatining bu qarori “YeIning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga bergan jamoaviy javobiga mos kelmaydi”. Bayonotda yana shunday deyiladi: “Agar biyennale jamg‘armasi Rossiyani ishtirok etishga qo‘yish haqidagi qarorida qat’iy tursa, biz keyingi choralarni ko‘rib chiqamiz, jumladan, biyennale jamg‘armasiga ajratilgan YeI grantini vaqtincha to‘xtatish yoki butunlay bekor qilishni ham”.

Mart oyi boshida Rossiya 2026 yilda Venetsiya biyennalesida o‘z milliy pavilonini yana ochishi ma’lum bo‘ldi. U 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin yopilgan edi, o‘shanda rassomlar va kurator loyihada ishtirok etishdan bosh tortib, sodir bo‘layotgan voqealarni madaniy faoliyat bilan mutlaqo mos kelmaydigan holat deb atagandi. 2024 yilgi biyennaleda Rossiya ishtirok etmadi va o‘z joyini Boliviyaga berdi.

ARTnews ixtisoslashgan nashriga bergan izohida Rossiya prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili va sobiq madaniyat vaziri Mixail Shvidkoy Rossiya “biyennaleni hech qachon tark etmaganini” va “madaniy maydonda qolish imkonini beradigan yangi formatlarni” izlayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, 2026 yilda pavilonning ochilishi “g‘arbning Rossiya madaniyatini bekor qilishga urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lganini” ko‘rsatadi.

DW'ning Venetsiyadagi Rossiya paviloni jamoasiga yaqin manbasi ma’lum qilishicha, festival ishtirokchilari ro‘yxatini Shvidkoy shaxsan ma’qullagan. “Pavilon oshkora va haddan tashqari propagandistik bo‘lmaydi, uning asosiy signali — haqiqiy san’at go‘yoki siyosatdan ham, vaqtdan ham tashqarida degan g‘oyadir. Shvidkoyning fikricha, g‘arbda siyosiylashtirishdan, urushdan va ‘bekor qilish madaniyati’dan charchashgan — shuning uchun hozir aynan Rossiyani biyennalega ana shunday loyiha bilan qaytarish uchun eng qulay payt”, — dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid