Jahon | 21:19
871
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda 3 milliondan ortiq aholi urush tufayli uylarini tark etdi – BMT

Gumanitar falokat 2026 yil fevral oyi oxirida boshlangan Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli mojaroning kuchayishi oqibatida yuzaga kelgan.

Foto: AFP

Eronda Isroil va AQSh zarbalari oqibatida ichki ko‘chirilganlar soni 3,2 mln kishiga yetdi. Bu haqda 12 mart kuni BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi xabar berdi.

«Mojaro tufayli 600 mingdan 1 milliongacha uy xo‘jaliklari mamlakat ichida vaqtincha ko‘chirildi, bu 3,2 million kishini tashkil etadi», deyiladi press-relizda.

Gumanitar falokat 2026 yil fevral oyi oxirida boshlangan Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli mojaroning kuchayishi oqibatida yuzaga kelgan.

Ko‘chirilganlarning asosiy oqimi Tehron va boshqa yirik sanoat markazlaridan qayd etilgan. Odamlar ommaviy ravishda mamlakatning shimoliy viloyatlari (Mozandaron, G‘ilon) va xavfsizroq deb hisoblangan qishloq hududlariga ketmoqda.

Inqiroz, ayniqsa, Eronda bo‘lib turgan qochqinlarga (asosan Afg‘onistondan kelgan) qattiq ta’sir ko‘rsatdi, ularning ahvoli logistika buzilishi va resurslar yetishmasligi tufayli keskinlashgan.

Xalqaro kuzatuvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, turar-joy binolari va energetika obektlarining jiddiy vayron bo‘lishiga olib kelgan. Agar jangovar harakatlar to‘xtatilmasa, mamlakat ichidagi qochqinlar soni o‘sishda davom etadi, bu esa gumanitar tashkilotlarga misli ko‘rilmagan yuk bo‘ladi.

Odamlarni qabul qilish yoki evakuatsiyaga ko‘maklashishga tayyorligini rasman tasdiqlagan asosiy davlatlar Armaniston, Turkiya, Turkmaniston va Iroq ekani aytilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid