Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xabarovskda RF qurolli kuchlari broshyuralarini yulib tashlagan ayol 17 yilga qamaldi
Xabarovskdagi harbiy sud 54 yoshli ayolni armiyada xizmat qilishga chaqiruvchi broshyuralarni yulib tashlagani va internetdan topgan halok bo‘lgan rossiyalik harbiy haqidagi ma’lumotlarni Ukrainaga yuborgani uchun davlatga xiyonat va “terrorizm”da aybdor deb topdi.
Foto: kp.ru
Xabarovskdagi harbiy sud 54 yoshli mahalliy ayolni davlatga xiyonat va “terroristik tashkilot” faoliyatida ishtirok etish haqidagi moddalar bo‘yicha bir yil erkinlikni cheklash bilan birga umumiy tartibdagi koloniyada 17 yil jazoga hukm qildi. Xabarovsk o‘lkasi prokuraturasi 11 mart, chorshanba kuni xabar berishicha, u armiyada xizmat qilish reklamacini yulib tashlagani, shuningdek, internetda ochiq manbalarda mavjud bo‘lgan rossiyalik harbiyning halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni Ukrainaga yetkazgani uchun aybdor deb topilgan.
Bayonotda aytilishicha, Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan ayol “Ukraina razvedkasi bilan hamkorlik qilgan va xorijga chiqib ketish evaziga Rossiya qurolli kuchlarida xizmat qilishga chaqiruvchi broshyuralarni yulib tashlagan”. U jami kamida 14 ta broshyurani yulib tashlagan, ularning bir qismini esa “suratga olib, yuborgan”. Bundan tashqari, prokuratura iddaosiga ko‘ra, u internetdan topgan rossiyalik harbiyning halok bo‘lgani haqidagi, uning shaxsiy ma’lumotlari ham ko‘rsatilgan axborotni Ukraina vakiliga yuborgan.
“Memorial” huquqni himoya qilish loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, davlatga xiyonat haqidagi ish bo‘yicha hukm 54 yoshli rassom-modeler Yelena Karanikuga nisbatan chiqarilgan. U 2025 yil yanvarda qo‘lga olingan va tergov hibsxonasiga joylashtirilgan edi.
O‘z navbatida, “Yesli b ne bylo voyny” loyihasi yozishicha, ish Ukraina qurolli kuchlari tomonida jang qilayotgan “Rossiya ozodligi” legioni vakili bilan yozishma sabab qo‘zg‘atilgan bo‘lib, bu muloqotni aynan o‘sha vakil boshlagan. 2025 yil mart oyidan beri Karaniku Rosfinmonitoring reyestriga kiritilgan. “Mediazona” qayd etishicha, Karaniku 2000 yildan beri Gretsiyada yashagan va 2020 yilda Rossiyaga qaytgan.
Mavzuga oid
16:14
Kreml Rossiyada aloqaning o‘chirilishini Kiyev hujumlari bilan izohladi
11:41
Ukraina qurolli kuchlari instruktorlari Bundesverga Rossiyadan himoyalanishni o‘rgatadi
11:37
The Insider: 6000 ta firma RFning sanksiya ostidagi yuridik shaxslari bilan savdo qilmoqda
09:33