Jahon | 15:46
3067
9 daqiqa o‘qiladi

Zarbalar almashgan Isroil va «Hizbulloh», Xitoyda etnik ozchilikka doir qonun va Iroqdagi neft tankerlariga hujum – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp Erondagi urush yakuni haqida

AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi olib borayotgan urushi «tez orada» tugashini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, berilgan zarbalar natijasida mamlakatda «nishonga olish uchun deyarli hech narsa qolmadi».

«Men qachon tugashini xohlasam, o‘sha zahoti tugaydi», dedi prezident Tramp Axios nashriga urush tugashi haqida bergan izohida.

Tramp urushni tugatish qarori faqat uning ixtiyorida ekanini alohida ta’kidlagan. Vaholanki, bundan biroz avval u urushni yakunlash bo‘yicha har qanday qaror – Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan o‘zaro kelishilgan holda qabul qilinishini aytgandi.

Isroil va AQSh rasmiylari nashrga bergan ma’lumotga ko‘ra, ular urush kamida yana ikki hafta davom etishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Bred Kuper shu kungacha ular tomonidan amalga oshirilgan harbiy harakatlar natijalarini ochiqladi: Unga ko‘ra, Eronda 5500 dan ortiq nishon yo‘q qilingan, 60 dan ortiq kema, jumladan, barcha «Sulaymoniy» toifasidagi harbiy kemalari yakson etilgan. Shuningdek, Eronning harbiy-dengiz floti va sanoat bazasi keskin darajada zaiflashtirilgan.

Isroil va «Hizbulloh» zarbalar almashdi

11 mart kuni kechqurun «Hizbulloh» guruhi va Isroil o‘zaro zarbalar almashdi.

Xususan, chorshanba oqshomida «Hizbulloh» Isroil shimoliga o‘nlab raketalar uchirganini va bu hali davom etishini bildirdi. Livan xavfsizlik manbalari 100 dan ortiq raketa uchirilganini tasdiqladi. Isroil mudofaa mulozimi so‘zlariga ko‘ra, Eron va «Hizbulloh» birgalikda raketa hujumini amalga oshirgan. U buni urush boshlanganidan beri Isroilga qarshi «ilk muvofiqlashtirilgan harakat» deb atadi.

Isroilning Nosira shahri shimolida havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalarni tutib qolishi natijasida o‘nlab portlashlar yuz berdi. Isroil tez yordam xizmati ikki kishi yengil jarohatlanganini bildirdi.

Bayrutdagi javob zarbalari «Hizbulloh» hujumidan deyarli darhol keyin boshlandi va shahar bo‘ylab ketma-ket portlash tovushlari eshitildi. Isroil harbiylari 30 daqiqa ichida «Hizbulloh»ning 10 ta inshootiga, jumladan, «Rizvon» elita bo‘linmasi shtab-kvartirasiga zarba berganini aytdi.

Payshanba tongida Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Bayrut qirg‘og‘iga berilgan zarba oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Isroil 2 mart kuni «Hizbulloh»ga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagan edi. Bu harakatlar Eron oliy rahnamosining o‘ldirilishi uchun qasos olish maqsadida «Hizbulloh»ning jangga qo‘shilishi ortidan boshlangan.

Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroil zarbalari natijasida Livanda 600 dan ortiq odam halok bo‘lgan va 800 ming kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Ispaniya Isroildagi elchisini chaqirib oldi

Seshanba kuni Ispaniya Isroildagi elchisini doimiy ravishda qaytarib oldi. Bu qaror Ispaniya AQSh va Isroilning Eronga hujumlariga qarshi chiqishi ortidan ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik qarama-qarshilik keskinlashgan bir sharoitda qabul qilindi.

Aslida elchi o‘tgan yilning sentabr oyida, Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari sababli yuzaga kelgan diplomatik nizo fonida chaqirtirilgan edi. O‘shanda Ispaniya hukumati o‘z portlari yoki havo hududi orqali Isroilga qurol tashiydigan samolyot va kemalarning o‘tishini taqiqlovchi choralar joriy qilgan. Isroil tashqi ishlar vaziri Gidion Saar esa bu harakatni «antisemitizm» deb qoralagandi.

Seshanba kuni Ispaniya o‘zining rasmiy gazetasida elchi lavozimi tugatilgani haqidagi bildirishnomani e’lon qildi. Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi Tel-Avivdagi elchixonaga yaqin kelajakda muvaqqat ishlar vakili rahbarlik qilishini bildirdi.

Isroilning Ispaniyadagi elchixonasi ham hozirda muvaqqat ishlar vakili tomonidan boshqarilmoqda. Isroil o‘tgan yilning may oyida Ispaniyaning Falastin davlatini tan olish haqidagi qaroriga norozilik sifatida o‘z elchisini qaytarib olgan.

AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng keskinlik yanada kuchaydi.

Neft tankerlariga hujum: keskinlik kuchaymoqda

Port, dengiz xavfsizligi va xavf-xatarlarni tahlil qilish kompaniyalarining xabar berishicha, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan Eron qayiqlari Iroq suvlaridagi ikkita yoqilg‘i tankeriga hujum qilgan. Natijada kemalarda yong‘in chiqqan va chorshanba kuni bir nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.

Iroq davlat axborot agentligining xabar berishicha, ushbu hujumlardan so‘ng Iroqning neft portlari o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatgan, ammo tijorat portlari ishlashda davom etmoqda. Qutqaruv guruhlari boshqa dengizchilarni qidirmoqda.

AQSh va Yevropa bilan bog‘liq kemalarga qilingan ushbu so‘nggi hujumlar mojaroning yanada keskinlashganidan dalolat beradi. Urush boshlanganidan buyon mintaqada zarba berilgan kemalar soni kamida 16 taga yetdi.

Eron Inqilobiy gvardiyasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan har qanday kema nishonga olinishi haqida bir necha bor ogohlantirgan edi. Bunda oldinroq Tailand, Yaponiya va Marshall orollari bayrog‘i ostida kemalar nishonga olingan.

Eron tomoni tarqatgan xabarda bu kemalarga «Eron qiruvchilari tomonidan o‘t ochilgan». Bu Inqilobiy gvardiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga kirishganidan dalolat berishi mumkin.

Xitoyda etnik ozchiliklarga doir qonun

Xitoy mamlakatdagi 55 ta etnik ozchilik guruhlari o‘rtasida «umumiy» milliy o‘zlikni shakllantirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilmoqda. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, bu qadam — xan xitoylariga kirmaydigan xalqlarning o‘zligiga yanada putur yetkazadi. Ushbu «birlik»ka qarshi chiqqan har qanday shaxs qonun bilan jazolanadigan separatist deb e’lon qilinishi mumkin.

«Etnik birlik va taraqqiyotni rag‘batlantirish» deb nomlangan mazkur hujjatda mandarin (xitoy tili) maktablarda ta’lim berishning, shuningdek, hukumat va rasmiy ish yuritishning asosiy tili ekani belgilab qo‘yilgan: barcha joylarda unga ustunlik beriladi

Qonun loyihasiga ko‘ra, diniy maktablar, guruhlar va ibodatxonalar «dinni xitoylashtirish yo‘nalishi»ga amal qilishlari shart. Shuningdek, qonun etnik guruhlar o‘rtasida nikohlarni ko‘paytirish maqsadida millati, urf-odati yoki diniga ko‘ra nikoh tanloviga har qanday aralashuvni taqiqlashni ko‘zda tutadi.

Tahlilchilarning aytishicha, ushbu qonun ozchilik millatlar uchun assimilyatsiya (singib ketish) sari tashlangan qadamdir. Xitoy oldindan qilib kelgan ishini faqat qonuniylashtirib olmoqda, deydi ekspertlar.

Xitoy, shuningdek, tashqaridan mamlakatga qarshi «etnik birlikka putur yetkazuvchi yoki ayirmachilikni keltirib chiqaruvchi»larni ham javobgarlikka tortmoqchi.

Xitoyda rasman 56 ta tan olingan etnik guruh mavjud. Etnik ozchilik aholi — tibetliklar, mo‘g‘ullar, manjurlar va uyg‘urlar Xitoy hududining qariyb yarmini egallagan, tabiiy resurslarga boy bo‘lgan mintaqalarda istiqomat qiladi.

Neftning strategik zaxiralari ochilmoqda

AQSh energetika vaziri Kris Rayt Erondagi urush natijasida oshib ketgan neft narxini pasaytirish maqsadida, mamlakat o‘zining strategik zaxirasidan 172 million barrel neft chiqarishini ma’lum qildi.

Raytning ta’kidlashicha, ushbu chora — 32 davlatdan iborat Xalqaro energetika agentligi tomonidan kelishilgan jami 400 million barrellik keng ko‘lamli neft chiqarish rejasining bir qismidir.

AQSh neft zaxiralarini chiqarish keyingi haftadan boshlanadi va barcha hajmni yetkazib berish taxminan 120 kun davom etadi.

Chorshanba kuni prezident Trampdan strategik neft zaxirasining quyi chegarasi haqida so‘ralganda u Vashington zaxirani «biroz kamaytirishini» aytdi.

Energetika vaziri esa «Qo‘shma Shtatlar kelgusi yil davomida ushbu strategik zaxiralarni taxminan 200 million barrel ortig‘i bilan to‘ldirish choralarini ko‘rib bo‘lganini» bildirdi.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi boshlagan urush butun dunyo bo‘ylab moliya va xomashyo bozorlarini larzaga keltirmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid