Jahon | 15:24
1900
10 daqiqa o‘qiladi

Mujtabaga tahdid qilgan Netanyahu, Iroqda o‘ldirilgan fransuz harbiysi va «Krokus» terakti ijrochilariga hukm – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

.

Urush davom etmoqda

Eron kurashni davom ettiradi hamda AQSh–Isroilga qarshi bosim vositasi sifatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopiq holda ushlab turadi. Bu haqda Eronning yangi Oliy rahbari Mujtaba Xominaiyning ilk bor e’lon qilingan bayonotida ma’lum qilindi.

Xominaiy omma oldida ko‘rinish bermadi va uning so‘zlari davlat televideniyesi boshlovchisi tomonidan o‘qib eshittirildi. Xominaiy Eronning qo‘shnilarini o‘z hududlaridagi AQSh bazalarini yopishga chaqirdi va ularni nishonga olishda davom etishi haqida ogohlantirdi.

«Xalqning talabi — samarali mudofaamizni davom ettirish va dushmanni pushaymon qilishdir. Global neftning beshdan bir qismi o‘tadigan, Eron qirg‘oqlari bo‘ylab joylashgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish richagidan foydalanishda davom etish kerak», dedi Xominaiy.

Eron davlat televideniyesi murojaat nega shaxsan yetkazilmaganiga izoh bermadi. Eron rasmiylari Xominaiy 28 fevraldagi dastlabki havo hujumlarida yengil yaralanganini aytgan, biroq uning jarohati darajasi noma’lum qolmoqda.

Bir necha soat o‘tgach, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ham urush boshlanganidan beri ilk bor videoaloqa orqali matbuot anjumani o‘tkazdi. U Xominaiyni o‘ldirishga yashirincha tahdid qildi va minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan Eronga qarshi harbiy hujumni himoya qilib chiqdi.

Urush yirik moliyaviy muammolarni keltirib chiqarishda davom etmoqda. Eron harbiy qo‘mondonligi vakili chorshanba kuni dunyo – barreliga 200 dollar bo‘ladigan neft narxiga tayyor turishi kerakligini aytdi. Biroq Tramp narxlarning ko‘tarilishini oddiy hol deb baholadi. «Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, shuning uchun neft narxi oshsa, biz ko‘p pul ishlaymiz», deb yozdi Tramp.

AQSh neft eksportchisi bo‘lsa-da, ayni paytda dunyodagi eng yirik neft iste’molchisi hamdir. Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, narxlarning uzoq vaqt yuqori darajada qolishi keng ko‘lamli inflatsiyaga sabab bo‘ladi.

AQSh yonilg‘i quyish samolyoti halokatga uchradi

Payshanba kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi Iroq g‘arbida o‘zining harbiy yonilg‘i quyish samolyoti halokatga uchraganini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa boshqa bir samolyot ishtirokida yuz bergan, biroq bu dushman yoki do‘stona o‘t ochish natijasi emas.

O‘z bayonotida AQSh Markaziy qo‘mondonligi AQShning KC-135 yonilg‘i quyish samolyoti qulaganidan so‘ng qutqaruv ishlarini olib borayotganini bildirdi. Ikkinchi samolyot xavfsiz qo‘ngan. Reuters’ning AQSh rasmiysiga tayanib yozishicha, hodisada ishtirok etgan ikkinchi samolyot ham KC-135 bo‘lgan. Qulagan samolyot bortida esa olti nafargacha harbiy xizmatchi bo‘lgan.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlarning birlashmasi bo‘lgan «Iroqdagi Islomiy qarshilik» harakati AQSh harbiy yonilg‘i quyish samolyotini urib tushirganlik uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

Yevropa ham urushga tortilmoqda

Fransiya armiyasi payshanba kuni Iroqda terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan olti nafar fransuz askari dron hujumi natijasida yaralanganini ma’lum qildi. Bir nafar fransuz ofitseri esa halok bo‘lgan.

Arbil viloyatida «IShID»ga qarshi kurashuvchi kengroq xalqaro koalitsiya tarkibida Fransiyaning yuzlab askarlari joylashgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ushbu hujumni keskin qoraladi. «2015 yildan beri IShIDga qarshi kurash olib borayotgan fransuz askarlarining Iroqdagi ishtiroki qat’iy ravishda terrorizmga qarshi kurash doirasidadir. Erondagi urush bunday hujumlarni oqlay olmaydi», dedi Makron.

Dronning qayerdan uchirilgani hozircha aniq emas. Iroq xavfsizlik xizmati va guruhlarga yaqin manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Iroqdagi turli shia guruhlari uch-to‘rt kun ichida AQSh bazalariga qarshi dron va raketa hujumlari sur’atini oshirgan.

Arbil gubernatori dron hujumi Maxmur hududida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Oldinroq Iroq Kurdistonidagi Italiya harbiy bazasiga ham havo zarbasi berilgan. Italiya mudofaa vazirligi buning qasddan amalga oshirilgani va u NATO xodimlarini qabul qiluvchi obektni nishonga olganini bildirdi.

«Krokus» terakti aybdorlari umrbodga qamaldi

12 mart kuni Moskva sudi 2024 yilda sodir etilgan «Krokus Siti Xoll»dagi qirg‘in yuzasidan 15 erkakni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Umrbod qamoq jazosi berilganlar orasida hujumni bevosita amalga oshirgan, olomonga qarata o‘t ochgan, so‘ngra binoga o‘t qo‘ygan to‘rt nafar qurollangan shaxs bor: ularning barchasi Tojikiston fuqarolari.

Yana 11 kishi, jumladan, Rossiya fuqarolari ham terrorchilik aloqalari bo‘lgan sheriklar sifatida umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bundan tashqari yana to‘rt nafar sudlanuvchi 19 yildan 22 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosini oldi.

2024 yil mart oyida Moskva konsert zaliga qilingan hujumda qurollangan shaxslar tomoshabinlarga o‘t ochib, so‘ngra binoni yoqib yuborishgan. 150 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar ichkarida qolib ketgan, 600 dan ortiq kishi yaralangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa rasmiylar hech qanday dalil keltirmasdan, hujumda Ukrainaning roli borligini da’vo qilishdi. Kiyev har qanday aloqadorlikni rad etgan.

Ushbu hodisa uchun mas’uliyatni keyinchalik «IShID» o‘z zimmasiga olgan edi. Rossiyaning o‘zida hujumdan so‘ng migrantlarga qarshi qonunlar va diskriminatsion ohang yanada qattiqlashdi.

Pokiston yana Afg‘onistonga zarba berdi

Pokiston payshanbadan jumaga o‘tar kechasi yana Kobul va chegara provinsiyalariga yangi zarbalar berdi. Kobul politsiyasi vakili Xalil Zadranning AFP’ga ma’lum qilishicha, poytaxtdagi turar joylarga berilgan bombardimon oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va 15 kishi yaralangan.

«Tolibon» matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Pokiston zarbalari mamlakat janubidagi Qandahor, shuningdek, sharqdagi Paktiya va Paktika provinsiyalariga ham berilganini yozdi. Shuningdek, Pokiston samolyotlari Qandahor aeroporti yaqinidagi «Kam Air» xususiy aviakompaniyasining yoqilg‘i omborlarini nishonga olgan.

Ikki davlat o‘rtasida keskinlik va shiddatli chegara to‘qnashuvlari oylardan beri davom etmoqda. Pokiston 27 fevral kuni «Tolibon»ni terrorchilarga boshpana berishda ayblab, qo‘shni Afg‘onistonga qarshi ochiq urush e’lon qilgandi.

«Tolibon» hukumati har qanday aloqadorlikni yoki Afg‘oniston hududidan jangarilik maqsadida foydalanilayotganini rad etib kelmoqda.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turk tomonlarni sulhga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi zo‘ravonliklar yordam tarqatishni ham qiyinlashtirmoqda. Qariyb 22 million kishi — Afg‘oniston aholisining deyarli yarmi humanitar yordamga muhtoj.

AQShda to‘qnashuvlar

12 mart kuni AQShning turli hududlarida qurolli hujumlar kuzatildi. Xususan, «IShID» tarafdori ekani aytilgan shaxs Virjiniya universiteti auditoriyasida o‘t ochib, bir kishini o‘ldirdi va ikki kishini yaraladi. So‘ngra uning o‘zi ham o‘ldirildi. Barcha uch qurbon universitetga aloqador bo‘lgan.

Universitetga ko‘ra, ushbu muassasa harbiylar bilan yaqin aloqada bo‘lib, talabalarning deyarli uchdan bir qismi harbiy xizmatchilardir. FTB otishma bo‘yicha terrorizm ayblovi bilan tekshiruv boshladi.

Ikkinchi hodisa — Michiganda esa asli livanlik AQSh fuqarosi o‘z yuk mashinasini sinagoga va uning qoshidagi bog‘chaga urdi.

Oklend okrugi sherifi Maykl Busharning so‘zlariga ko‘ra, erkak yuk mashinasi bilan sinagoga eshiklarini yorib kirgan va xavfsizlik xodimi unga qarata o‘t ochgunga qadar mashinasini yo‘lak bo‘ylab boshqargan. Hujumchi to‘qnashuv paytida halok bo‘ldi. Rasmiylarning aytishicha, u o‘z joniga qasd qilganmi yoki xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilganmi — hozircha aniq emas. Sinagoga ma’lumotiga ko‘ra, bolalar bog‘chasidagi barcha 140 nafar bola xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.

Payshanba oqshomida AQSh Milliy xavfsizlik departamenti yuk mashinasi haydovchisi 41 yoshli Ayman G‘azzoliy ekanini aniqladi. CBS News xabariga ko‘ra, taxminan 10 kun oldin Isroilning Livandagi qishloqqa bergan zarbasi natijasida uning ikki akasi va jiyanlari halok bo‘lgan. Bu unga qattiq ruhiy zarba bergan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Qo‘shma Shtatlarda antisemitizm hodisalari keskin ko‘paygan. 2024 yil fevralidan buyon diniy sabablarga ko‘ra sodir etilgan 5300 dan ortiq nafrat jinoyatlarining deyarli uchdan ikki qismi yahudiylarga qarshi qaratilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid