Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron Ukrainaga zarba berish bilan tahdid qildi
Kiyevdagilar Tehron «rossiyaliklarni ukrainlarni o‘ldirishga o‘rgatgani»ni aytib javob berishdi.
Foto: X/Ebrahimazizi33
Isroilning Tehronga qarshi urushida yordam bergani sababli Ukrainaning butun hududi Eron uchun qonuniy nishon hisoblanadi. Eron parlamentining milliy xavfsizlik bo‘yicha komissiyasi raisi Ibrohim Aziziy ana shunday bayonot berdi.
«Inqirozga uchragan Ukraina Isroil rejimiga dronlar bilan yordam ko‘rsatish orqali amalda urushga kirdi va BMT Ustavining 51-moddasiga muvofiq, butun hududini Eron uchun qonuniy nishonga aylantirdi», — deb yozdi Aziziy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bunga javoban Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko Eron 2022 yilda Rossiyaga „shohid“ dronlarini yetkazib berishni boshlagani va rossiyaliklarga ukrainlarni o‘ldirishni o‘rgatganini eslatib o‘tgan.
Kiyev va Tel-Avivning uchuvchisiz uchadigan qurilmalar sohasida hamkorligi bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Eron dronlarini urib tushirish uchun ukrainalik operatorlarni Yaqin Sharqqa yuborishni taklif qilgan.
O‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika Kiyev yordamiga muhtoj emasligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiylari dronlar haqida hammadan ko‘proq bilishadi va bu sohada eng yaxshi texnologiyalarga ega.