Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning Eronga yangi tahdidi, Germaniyaning rus nefti bo‘yicha xavotirlari va AQSh bilan muzokaralar boshlagan Kuba – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp Eronning neft markazini urmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarga hujumni to‘xtatmasa, Eronning Xarg orolidagi neft markazi infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qildi. Ushbu ogohlantirish ta’minotdagi tarixiy uzilishlar bilan kurashayotgan bozorlardagi vaziyatni yanada keskinlashtiradi.
Tramp o‘z ultimatumi bilan birga ijtimoiy tarmoqda post qoldirib, unda Qo‘shma Shtatlar oroldagi harbiy nishonlarni «butunlay yo‘q qilganini» aytdi. Mazkur orol Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan taxminan 483 km shimoli-g‘arbda joylashgan bo‘lib, Eron neft eksportining 90 foizi aynan shu terminal orqali o‘tadi.
Prezident, shuningdek, Eronning AQSh hujumlaridan himoyalanishga qurbi yetmasligini qo‘shimcha qildi. «Eron harbiylari va ushbu rejimga aloqador bo‘lgan barcha shaxslar qurollarini tashlab, mamlakatlaridan qolgan ozgina narsani saqlab qolishsa, oqilona ish bo‘lar edi!» – deb yozdi u .
Tramp shuningdek, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari «tez orada» tankerlarni suv yo‘li orqali kuzatib borishni (eskort qilishni) boshlashini aytdi. Urushning qachon tugashi haqidagi savolga u aniq muddat aytishdan bosh tortdi: «Buni ayta olmayman. O‘z fikrim bor, lekin buning nima foydasi bor? Bu qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi».
Eron qurolli kuchlari bunga javoban bunday zarbalar — mintaqada AQSh bilan hamkorlik qilayotgan neft kompaniyalari obektlariga zarba berilishiga olib kelishini ma’lum qildi.
Hujumlar va urush talafotlari ortmoqda
Eron Inqilobi qo‘riqchilari korpusi shanba kuni erta tongda Livandagi «Hizbulloh» guruhi bilan birgalikda Isroilga qo‘shimcha hujumlar uyushtirganini bildirdi.
Isroil ham o‘z harbiy-havo kuchlari o‘tgan bir sutka davomida Eronning g‘arbiy va markaziy qismlaridagi 200 dan ortiq nishonga zarba berganini ma’lum qildi.
AQSh kuchlari esa yana talafot ko‘rgan. AQSh harbiylari juma kuni Iroq g‘arbida halokatga uchragan yoqilg‘i quyish samolyoti bortidagi barcha olti nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lganini tasdiqladi. Shuningdek, rasmiylardan biri Saudiya Arabistonidagi bazada AQSh harbiy-havo kuchlarining beshta tanker-samolyoti Eron raketa zarbasi natijasida shikastlangani va ta’mirlanayotganini aytgan.
Ikki haftalik urushdan so‘ng 2 mingdan ko‘proq inson halok bo‘ldi. Ularning aksariyati Eronda, shuningdek, Livan va Fors ko‘rfazi mamlakatlarida ham qurbonlar ortmoqda. Bir necha million kishi uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi Bayrut chekkalarini bombardimon qilishi oqibatida boshpana izlayotgan yuz minglab odamni joylashtirishga hukumatning imkoniyati yetmayapti.
Germaniya AQShdan norozi
Germaniya kansleri Fridrix Mers AQShning Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish haqidagi qarorini keskin tanqid qilib, bu qadamni «noto‘g‘ri signal» deb atadi. Uning fikricha, urush tufayli neft narxi oshib borayotgan bo‘lsa-da, bu Rossiyaga nisbatan bosimni kamaytirish uchun asos bo‘la olmaydi.
Kansler har qanday sabab bilan cheklovlarni hozir bekor qilish xato ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiyaga nisbatan noto‘g‘ri xabar yuboradi. Mers ushbu mavzu shu haftadagi «Katta yettilik» sammitida muhokama qilinganini aytdi. Avvalroq G7ʼning olti nafar a’zosi sanksiyalarni yumshatishga qarshi ekanini aniq bildirgandi.
Kanslerning fikricha, hozirda global bozorda resurslar tanqisligi, ya’ni ta’minot muammosi yo‘q, balki faqatgina narxlarning oshishi kuzatilmoqda. Shu sababli Rossiya neftiga ruxsat berish strategik jihatdan asossizdir.
Shuningdek, Germaniya Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnovini himoya qilish bo‘yicha ehtimoliy xalqaro harbiy kampaniyada ishtirok etmasligini bildirdi. «Biz urushning bir qismi emasmiz», dedi Mers va Vashingtonning urushni tugatish bo‘yicha savollari hamon javobsiz qolayotganini ta’kidladi.
AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuchlar yubormoqda
AQSh yana qo‘shimcha dengiz piyodalari va harbiy kemalarini Yaqin Sharqqa joylashtirilishi kutilmoqda. Bu ma’lumotni CBC News telekanaliga ikki nafar rasmiy tasdiqladi.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha kuchlar amfibiya tayyorgarlik guruhi va dengiz piyodalari ekspeditsion bo‘linmasidan iborat bo‘ladi. Ushbu guruhga Yaponiyada joylashgan USS Tripoli amfibiya hujum kemasi boshchilik qiladi. Bunday bo‘linma odatda bir nechta harbiy kemalarga taqsimlangan taxminan 5000 nafar dengiz piyodalaridan iborat bo‘ladi.
Qo‘shimcha kuchlar so‘rovi AQShning Yaqin Sharq uchun mas’ul bo‘lgan Markaziy qo‘mondonligi tomonidan berilgan va mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlangan.
AQSh, shuningdek, Janubiy Koreyada o‘rnatilgan raketaga qarshi mudofaa tizimining bir qismini ham Yaqin Sharqqa ko‘chirmoqda.
Kuba AQSh bilan muzokaralar boshladi
Kuba prezidenti Migel Dias 13 mart kuni o‘zining kommunistik boshqaruvdagi mamlakati AQSh bilan muzokaralar boshlaganini tasdiqladi. Yanvar oyida Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro hokimiyatdan chetlatilgach, Vashington Kubaga nisbatan falaj qiluvchi energetika blokadasini joriy etgan edi.
Dias-Kanel juma kungi chiqishida hukumat energiya ishlab chiqarishni oshirish uchun qattiq ishlayotganini, biroq uch oydan beri orolga bir tomchi ham neft kelmagani bu sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilayotganini aytdi.
Televideniye orqali xalqqa murojaat qilar ekan, Dias-Kanel AQSh bilan muzokaralar «ikki davlat o‘rtasidagi ixtiloflarga yechim topishga qaratilganini» bildirdi. Prezident energetika blokadasining ta’siri «dahshatli» bo‘lganini ta’kidladi:
- Aloqa, ta’lim, transport va sog‘liqni saqlash xizmatlari jiddiy zarar ko‘rgan.
- O‘n minglab jarrohlik amaliyotlari qoldirilgan.
- Novvoyxonalar elektr yo‘qligi sababli o‘tin va ko‘mirda ishlaydigan pechlarga o‘tishga majbur bo‘lgan.
AQSh Davlat departamenti Dias-Kanelning ushbu bayonotiga hozircha izoh bermadi. Prezident Donald Tramp o‘tgan hafta Florida shtatida o‘tgan uchrashuvda Kuba rejimi «tez orada qulashini» aytdi. Tramp, shuningdek, Kubani «do‘stona egallab olish» g‘oyasini ilgari surgan.
Tramp: Putin Eronga yordam bermoqda
Prezident Donald Trampning aytishicha, Putin Rossiyasi AQSh hamda Isroil bilan davom etayotgan urush fonida Eronga «bir oz» yordam bermoqda.
Fox News telekanali muxbiri Rossiya razvedka ma’lumotlarining Eron bilan baham ko‘rilishi ehtimoli haqida so‘raganda, Tramp: «O‘ylaymanki, Putin ularga bir oz yordam berayotgan bo‘lishi mumkin, ha», deb javob berdi. «U ehtimol bizni Ukrainaga yordam beryapti deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Ular buni qilishyapti, biz ham buni qilyapmiz», - deya qo‘shimcha qildi u.
AQSh OAVlariga ko‘ra, Rossiya AQSh harbiy kuchlarining joylashgan o‘rni haqidagi ma’lumotlarni Eron bilan baham ko‘rmoqda. Bu ma’lumotlar Yaqin Sharq bo‘ylab raketa va dron hujumlarini yo‘naltirishga yordam berishi mumkin.
Eronning o‘z sun’iy yo‘ldosh imkoniyatlari cheklangan, bu esa Rossiya sun’iy yo‘ldoshlaridan olinadigan har qanday ma’lumot Eron razvedkasidagi katta bo‘shliqlarni to‘ldirishi mumkinligini anglatadi.
Payshanba kuni AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya hukumati uni Eronga yordam bermayotganiga ishontirganini aytgandi.
Mavzuga oid
15:24 / 13.03.2026
Mujtabaga tahdid qilgan Netanyahu, Iroqda o‘ldirilgan fransuz harbiysi va «Krokus» terakti ijrochilariga hukm – kun dayjesti
15:46 / 12.03.2026
Zarbalar almashgan Isroil va «Hizbulloh», Xitoyda etnik ozchilikka doir qonun va Iroqdagi neft tankerlariga hujum – kun dayjesti
15:09 / 11.03.2026
Eronga qarshi urushning 3 maqsadi, Shveytsariyada yongan avtobus va Ho‘rmuzga «ko‘chgan» front – kun dayjesti
16:14 / 10.03.2026