Jahon | 07:46
1974
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik tarixchi: uchinchi jahon urushi allaqachon boshlangan bo‘lishi mumkin

Britaniyalik tarixchi, Bukinghem universitetining faxriy professori Entoni Glis uchinchi jahon urushi allaqachon boshlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Uning fikricha, AQSh va Isroilning Eronga hujum qilish qarori buning «tashvishli signallari»dan biri hisoblanadi.

Foto: Abbas Zakeri / Mehr News Agency

Daily Mail xabar berishicha, Glis jahon urushi allaqachon boshlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi uchta asosiy belgini ajratgan. Uning aytishicha, birinchi belgi — «tanlov asosidagi urush»dir. Bunday holatda davlatlar harbiy mojaroni o‘zini himoya qilish uchun emas, balki ikki yetakchining ataylab qabul qilgan qarori asosida boshlaydi.

Yana bir mezon sifatida u «kuch hal qiladi», deb hisoblaydigan siyosatchilar pozitsiyasini keltirdi, hatto buning uchun xalqaro huquqni e’tiborsiz qoldirishga to‘g‘ri kelsa ham.

Uchinchi omil sifatida Glis urushni tezroq to‘xtatish yo‘lini izlash o‘rniga, qon to‘kilishni davom ettirish istagini tilga oldi.

Professor Ikkinchi jahon urushini ham esladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya 1941 yilda Havayidagi Perl-Xarborga hujum qilishga qaror qilganidan keyin urush global tus olgan. Shundan so‘ng Adolf Hitler AQShga urush e’lon qilgan.

Glis ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatni Rossiya go‘yoki Eronga AQSh kuchlarining joylashuvi haqida razvedka ma’lumotlarini yetkazib bera boshlagani to‘g‘risidagi xabarlar yanada keskinlashtirgan. Shuningdek, professor Rossiya va Xitoy Eronning iqtisodiy hamkorlari ekanini ham eslatdi.

Har ikki davlat AQSh va Isroil hujumlarini ochiqchasiga qoraladi, shuningdek, bu holat mintaqadagi jangovar harakatlar ko‘lamini kengayishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Glisning fikricha, Tramp o‘z g‘alabasini e’lon qilish orqali jangovar harakatlarni to‘xtatishi mumkin. Biroq u xavotir bildirishicha, Tramp “abadiy urushlar”ga o‘rganib qolgan Netanyahu tuzog‘iga tushib qolish xavfiga ega.

Tramp allaqachon Eron harbiy kuchlarining salmoqli qismidan mahrum bo‘lgani sababli urush deyarli yakunlanganini aytgan. Ammo Glis bu holatda boshqa davlatlar ham o‘zlarining “tanlov asosidagi urushlari”ni boshlashi mumkinligini istisno qilmadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid