O‘zbekiston | 22:11 / 16.03.2026
3708
4 daqiqa o‘qiladi

Deputat Toshkentda tadbirkorlarga tegishli reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilinishini qoraladi

Bobur Bekmurodov so‘zlariga ko‘ra, bu tadbirkorlik sub’yektlarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik qo‘mitasi raisi, deputat Bobur Bekmurodov Toshkentda tadbirkorlarga tegishli reklama va peshlavhalarni majburiy demontaj qilishga undash holatlari bo‘yicha fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tadbirkorlik sub’yektlarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.

«Albatta, Toshkentning estetik qiyofasi zamonaviy va chiroyli bo‘lishi kerak. Biroq bu jarayon qonun ustuvorligi doirasida amalga oshirilishi lozim. Bu borada quyidagi prinsipial masalalarga e’tibor qaratish shart deb hisoblayman:

Birinchidan, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori rasman e’lon qilingandan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Biroq majburiy demontaj ishlari ushbu qaror qabul qilinmasdan bir necha oy oldin boshlangan edi. Qonun hujjatlarining orqaga qaytish kuchi yo‘q. Ilgari o‘rnatilgan va o‘sha davr talablariga javob bergan peshlavhalarning daxlsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanishi lozim.

Ikkinchidan, Davlatimiz rahbari tomonidan biznes uchun yangi majburiyatlarni yuklashga moratoriy joriy etilgan. Dizayn-kod talablari shaharsozlik qoidalari sifatida talqin qilinsa-da, amalda tadbirkor uchun yangi standartdagi vositalarni sotib olish — bu qo‘shimcha moliyaviy yuklamadir.

Uchinchidan, har qanday majburlov chorasi, ayniqsa xususiy mulkka oid bo‘lsa, faqatgina qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida bo‘lishi shart. Tadbirkorga «ikki kun ichida demontaj qil» deb talab qo‘yish — bu ma’muriy buyruqbozlikning ko‘rinishidir. Bunday yondashuv biznes muhitiga va investorlarning ishonchiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.

To‘rtinchidan, rivojlangan davlatlarda dizayn-kod keskin o‘zgargan taqdirda, mahalliy hokimiyat tadbirkorlarga moslashish uchun muddat - «o‘tish davri» beradi yoki xarajatlarning bir qismini subsidiya hisobidan qoplaydi. Bizda esa barcha yuklama faqat tadbirkor zimmasiga tushmoqda», deb yozdi deputat.

Bobur Bekmurodov mas’ul idoralarni noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishga va qonuniylikni ta’minlashga chaqirdi.

«Poytaxtimiz estetikasi tadbirkorning «belini sindirish» evaziga bo‘lmasligi kerak. Shahar ma’muriyati biznes bilan «buyruqbozlik» tilida emas, balki teng huquqli sheriklik va ochiq muloqot asosida ishlashi lozim», deb qo‘shimcha qildi u.

Toshkent shahrida o‘tgan yildan beri hokimliklar tomonidan noqonuniy tashqi reklama va peshlavhalarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda. Bannerlar va reklama konstruksiyalari demontaj qilinmoqda, bu reklama bozorida tartib o‘rnatish va poytaxtning tashqi qiyofasini yagona me’moriy ko‘rinishga keltirish zarurati bilan izohlanmoqda.

Toshkent shahri hokimligi talabiga ko‘ra, 1 kvadrat metrdan katta bo‘lgan peshlavhalar, hatto ularda kompaniya yoki brend nomi ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, reklama hisoblanadi. Bunday reklamani qonuniy rasmiylashtirish uchun reklama joyining pasportiga ega bo‘lish kerak. Uni YaIDXP portali orqali rasmiylashtirish mumkin. Rasmiylashtirish bo‘yicha yo‘riqnoma hokimlik tomonidan 2025 yil dekabr oyida e’lon qilingan edi.

Tekshiruvlar Toshkent dizayn-kodini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rish bilan ham bog‘liq. Hujjat fasadlar, peshlavhalar va shahar muhitini bezatishga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilaydi. Biroq reydlar o‘tkazilayotgan vaqtda dizayn-kod haqidagi talab hali kuchga kirmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid