Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ittifoqchilaridan yordam so‘ragan Tramp, Netanyahuning «o‘limiga» oid xabarlar va Qozog‘istonda referendum – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp ittifoqchilaridan yordam so‘radi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlashda yordam berish bo‘yicha yetti mamlakat bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi.
Trampning fikricha, Ko‘rfaz neftiga qattiq tayanadigan davlatlar bo‘g‘ozni himoya qilish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishi shart: «men bu davlatlardan kelib, o‘z hududlarini himoya qilishni talab qilyapman, chunki bu ularning hududi. Bu ular energiya oladigan joy» dedi Tramp Floridadan poytaxtga uchayotib.
Oq uy ma’muriyati yetti hukumat nomini oshkor qilishdan bosh tortdi. Lekin Trampning o‘zi keyinroq ijtimoiy tarmoqdagi postida Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqalar ishtirok etishidan umidvorligini bildirdi.
Bundan tashqari, Tramp yevropalik ittifoqchilariga bosimni kuchaytirib, agar NATO a’zolari Vashingtonga yordamga kelmasa, alyansni «juda yomon» kelajak kutayotganidan ogohlantirdi.
Shu kunlarda AQSh rasmiylari yakshanba kuni Eron bilan urush bir necha hafta ichida tugashini va shundan so‘ng energiya xarajatlari pasayishini bashorat qilmoqda. Trampning o‘zi esa avvalroq Eron muzokaralar o‘tkazishni xohlayotganini bildirgan edi.
Ammo Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi yakshanba kuni bu da’voni rad etdi. «Biz hech qachon o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ramaganmiz va hatto muzokaralar haqida ham so‘ramaganmiz. Biz qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha o‘zimizni himoya qilishga tayyormiz», dedi Araqchi CBC telekanaliga bergan intervyusida.
Netanyahuning «o‘limiga» oid xabarlar
28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga hujumlari boshlanganidan beri Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu jamoatchilik oldida juda kam ko‘rinish bermoqda. U asosan harbiy obektlar yoki zarba berilgan hududlarga borayotgan bo‘lsa-da, bu tadbirlarda OAV xodimlari qatnashmagan va faqat uning ma’muriyati tayyorlagan videolar tarqatilgan.
Shundan so‘ng Erondagi ayrim OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarida Netanyahu «o‘lgan yoki og‘ir yaralangan» degan xabarlar tarqaldi. Uning ayrim videolari esa sun’iy intellektda yasalgani da’vo qilindi.
15 mart — yakshanba kuni Binyamin Netanyahu kofe ichib, yordamchisi bilan suhbatlashayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Bu uning «o‘lgani yoki yaralangani» haqidagi mish-mishlarga javob bo‘ldi.
Quddus chekkasidagi kafelardan birida olingan videoda yordamchisi undan tarqalayotgan mish-mishlar haqida so‘raydi. Netanyahu kofe stakaniga qo‘l cho‘zar ekan, ivrit tilida «Men kofening shaydosiman, (ivritchada 'kofe uchun o‘lamanʼ)», deya so‘z o‘yini qilib javob berdi.
Reuters agentligi kafening arxiv tasvirlari yordamida videodagi intererni solishtirib, suratga olingan joyni tasdiqlagan.
Aytish mumkinmi, sun’iy intellekt rivojlangan davrda urishayotgan tomonlarning axborot siyosati ham manipulyativ ko‘rinishga kirgan.
Kubada namoyishlar
14 mart kuni erta tongda Kubaning markaziy qismida hukumatga qarshi namoyishchilar Kommunistik partiya idorasiga hujum qildi. AQShning neft qamali tufayli yanada og‘irlashgan elektr ta’minotidagi uzilishlar aholining ommaviy noroziligiga sabab bo‘lgan.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, juma kuni kechqurun Moron shahrida elektr energiyasi o‘chirilishi va oziq-ovqat taqchilligiga qarshi tinch yo‘l bilan boshlangan miting shanba kuni tong saharda zo‘ravonlikka aylanib ketgan.
Bir guruh odamlar binoning kirish qismini toshbo‘ron qilib, qabulxonadagi mebellarni ko‘chaga olib chiqib, o‘t qo‘yishgan. Xabarda aytilishicha, namoyishchilar hududdagi dorixona va davlat bozorini ham nishonga olgan. Davlat OAVlarining bildirishicha, politsiya besh kishini hibsga olgan, jarohatlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.
Ushbu namoyishlar bo‘yicha Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel munosabat bildirdi. U uzoq vaqt davom etayotgan elektr uzilishlaridan g‘azablanishni tushunish mumkinligini aytdi, biroq zo‘ravonlikdan ogohlantirdi. «Vandalizm va zo‘ravonlik uchun jazo muqarrar bo‘ladi», dedi prezident.
So‘nggi haftalarda Donald Tramp Kuba tanazzul yoqasida ekani yoki AQSh bilan kelishuvga intilayotgani haqida bayonotlar berdi. Kuba hukumati juma kuni inqirozni yumshatish uchun Vashington bilan muzokaralar boshlanganini ma’lum qildi.
Eronda 500 nafar josus qo‘lga olindi
Eron politsiyasi boshlig‘i AQSh va Isroil tomonidan hujumlar boshlanganidan beri josuslikda ayblangan 500 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi.
«Tasnim» yarim rasmiy axborot agentligi brigada generali Ahmadrizo Radanga tayanib xabar berishicha, ushbu shaxslarning bir qismi «dushman OAVlari foydasiga josuslik qilish»da gumonlanib ushlangan.
Xususan, qo‘lga olinganlarning 250 nafari Londonda joylashgan «Iran International» teleradiokompaniyasiga razvedka ma’lumotlarini, jumladan, hujum nishoniga aylangan obektlar haqidagi axborotlarni yetkazib turgan.
Eron hukumati 2022 yilda «Iran International» telekanalini hukumatga qarshi noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish va namoyishchilarni zo‘ravonlikka undashda ayblab, «terrorchi tashkilot» deb e’lon qilgandi. Gumonlanuvchilar, shuningdek, qurolli guruhlar bilan aloqadorlikda va jamoat tartibini buzishga urinishda ayblanmoqda.
Isroil G‘arbiy sohilda 4 kishini o‘ldirdi
15 mart kuni Isroil kuchlari Iordan daryosining G‘arbiy sohilida falastinlik er-xotin va ularning ikki nafar yosh farzandini otib o‘ldirdi.
BBC nashrining yozishicha, Bani Odeh oilasi G‘arbiy sohil shimolidagi Tammum shaharchasida o‘z avtomobilida ketayotganida Isroil kuchlari ularga qarata o‘t ochgan
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, oilaning to‘rt a’zosi — ota-ona Ali va Vaad, shuningdek, ularning ikki farzandi — 5 yoshli Muhammad va 7 yoshli Usmon halok bo‘lgan.
Avtomobilda bo‘lgan va o‘z oilasi o‘limiga guvoh bo‘lgan 8 va 11 yoshli ikki nafar katta yoshli bolalar esa o‘q parchalaridan olingan yengil jarohatlar bilan tirik qolgan.
Falastin Qizil yarim oy jamiyati o‘z bayonotida Isroil kuchlari dastlab tibbiyot xodimlarining avtomobil ichidagi yaradorlarga yetib borishiga to‘sqinlik qilganini va ularga hududni tark etishni buyurganini ma’lum qildi.
Isroil harbiylari va chegara politsiyasi o‘sha vaqtda shaharchada qo‘shma operatsiya o‘tkazayotganini bildirdi. Ularning da’vo qilishicha, avtomobil Isroil kuchlari tomon tezlikni oshirib kelgan. Harbiylar o‘zlarini xavf ostida his qilib, o‘t ochish bilan javob qaytargan. Hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Qozog‘istonda konstitutsiyaviy referendum
Yakshanba kuni Qozog‘istonda o‘tkazilgan referendumda saylovchilar yangi konstitutsiyani ma’qulladi. Ekzit-poll natijalari saylovchilarning qariyb 87 foizi yangi konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rsatdi. Markaziy saylov komissiyasi avvalroq saylovchilarning ishtiroki 73 foizni tashkil etganini ma’lum qilgandi.
Yangi konstitutsiya mamlakat parlamentini soddalashtiradi va 1996 yilda bekor qilingan vitse-prezident lavozimini qayta tiklaydi. U prezidentga vitse-prezidentni, shuningdek, boshqa bir qator muhim amaldorlarni tayinlash huquqini beradi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga qarshiliklar juda kam bo‘ldi; davlat tomonidan tasdiqlangan so‘rovnomalar ko‘pchilik yangi hujjatni yoqlashini ko‘rsatgan.
Poytaxtda ovoz berganidan so‘ng prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev «ushbu konstitutsiya hokimiyatning bo‘lajak transferini osonlashtiradimi?» degan savolga javoban navbatdagi prezidentlik saylovlari uning vakolat muddati tugaydigan 2029 yilda bo‘lishini aytdi.
«Ba’zi ekspertlar Qozog‘istonda hokimiyat uchun raqobat kuchayib borayotgani va xavotirga sabab bo‘luvchi turli tendensiyalar ortib borayotganini taxmin qilmoqda. Biroq bu jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi deb xavotirlanishga mutlaqo asos yo‘q», dedi To‘qayev.
Amaldagi va yangi konstitutsiya ham prezidentlikni bir marta, yetti yillik muddat bilan cheklaydi — bu cheklov 2022 yilda To‘qayevning o‘zi tomonidan joriy etilgandi. Ammo bu hujjat — prezident To‘qayevga 2029 yildan keyin ham hokimiyatda qolish imkonini beruvchi «huquqiy tirqish» yaratishi mumkin.
Mavzuga oid
14:40 / 14.03.2026
Trampning Eronga yangi tahdidi, Germaniyaning rus nefti bo‘yicha xavotirlari va AQSh bilan muzokaralar boshlagan Kuba – kun dayjesti
15:24 / 13.03.2026
Mujtabaga tahdid qilgan Netanyahu, Iroqda o‘ldirilgan fransuz harbiysi va «Krokus» terakti ijrochilariga hukm – kun dayjesti
15:46 / 12.03.2026
Zarbalar almashgan Isroil va «Hizbulloh», Xitoyda etnik ozchilikka doir qonun va Iroqdagi neft tankerlariga hujum – kun dayjesti
15:09 / 11.03.2026