Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh aviatashuvchisida yong‘in: «Gerald R. Ford» Eronga qarshi urushda safdan chiqishi mumkin
AQShning eng katta aviatashuvchisi hisoblangan «Gerald R. Ford» Venesueladagi operatsiyadan keyin Yaqin Sharqqa kelgandi. Harbiylar bortdagi yong‘in bilan 30 soatdan ko‘proq kurashgan, o‘nlab insonlar tutundan zaharlangani aytilmoqda. Kema vaqtincha portga kirishi kutilmoqda.
12 mart kuni AQShning eng katta aviatashuvchisi – «Gerald R. Ford»da yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda New York Times nashri 16 mart kuni dengizchilar va harbiy mulozimlarning so‘zlariga tayanib xabar berdi.
Yong‘in kemaning kir yuvish xonasidagi kiyim quritgich ventilyatsiyasida boshlangan va tezda tarqalgan. Dengizchilar olov bilan 30 soatdan ko‘proq kurashgan. Mulozimlarning aytishicha, yong‘in yakunlangunga qadar 600 dan ortiq dengizchi va ekipaj a’zosi yotoq joylaridan ayrilgan. Ular o‘shandan beri pol hamda stollar ustida tunab qolmoqda.
Bundan tashqari, yana bir ko‘ngilsiz holat – ko‘plab dengizchilar yong‘in bo‘lgan bir haftadan beri kiyimlarini yuvish imkoniga ega bo‘lmayapti.
Nashrning yozishicha, yong‘in dengiz kuchlarining eng yangi aviatashuvchisi bo‘lgan «Ford»dagi texnik xizmat ko‘rsatish muammolarining eng so‘nggisi edi. Bunga qadar kema bortidagi 650 ta hojatxona bilan bog‘liq muammolar ham bo‘lgan: kichik hajmli va noto‘g‘ri loyihalashtirilgan hojatxona tizimi tez-tez ishdan chiqib turadi.
Aslida odatiy kunlarda ham aviatashuvchi kemalardagi dengizchilar bilan gaplashish qiyin hisoblanadi. Urush paytida amaliyotlarda qatnashayotgan kemalar va harbiy bazalar esa butunlay «yopiq rejim» (Emission Control yoki Dark mode)ga o‘tadi. Bu esa harbiy xizmatchilarning tashqi dunyo bilan aloqa qilish imkoniyatini cheklaydi. Shu bois NYT bilan suhbatlashgan mulozimlar va dengizchilar ham ommaviy ravishda gapirishga ruxsatlari yo‘qligi sababli ismlari sir qolishi sharti bilan ma’lumotlarni sizdirgan.
Kema «ish holatida»
Harbiy-dengiz kuchlari nashrning izoh berish borasidagi so‘rovlariga javob bermadi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi esa o‘z bayonotida yong‘in «kemaning harakatlantiruvchi qurilmasiga zarar yetkazmagani va aviatashuvchi to‘liq ish holatida qolayotgani»ni bildirdi.
Shuningdek, AQSh Markaziy qo‘mondonligi ikki dengizchi «hayot uchun xavfli bo‘lmagan jarohatlar» oqibatida muolaja olganini ma’lum qilgan. NYTʼning kemadagi odamlarga tayanib xabar berishicha, o‘nlab harbiy xizmatchilar tutundan zaharlangan.
Bundan tashqari, «Gerald R. Ford» joriy yil boshida Virjiniya shtatidagi harbiy-dengiz kemasozlik zavodida o‘tishi kerak bo‘lgan texnik xizmat ko‘rsatish va qayta jihozlashdan o‘tmagan. Bu texnik yordam ehtimoliy urushlar sabab qoldirilgan bo‘lishi mumkin.
AQSh–Isroilning Eronga qarshi urushi boshlangach «Ford»dan kecha-yu kunduz parvoz amaliyotlari amalga oshirilmoqda.
Harbiy mulozimning aytishicha, Pentagon aviatashuvchining o‘z xizmat ko‘rsatish qobiliyati chegarasiga yetib borayotganidan xabardor. Shu bois boshqa bir aviatashuvchi «George H.W. Bush» Yaqin Sharqqa jo‘nashga tayyorlanmoqda. U katta ehtimol bilan «Ford»ning o‘rnini egallaydi. AQShda bunday yirik aviatashuvchilardan naq 11 ta bor.
Aviatashuvchi vaqtincha portga o‘tishi mumkin
Reutersʼning AQSh rasmiylariga tayanib yozishicha, Eronga qarshi amaliyotlarga jalb qilingan «Gerald R. Ford» aviatashuvchisi bortdagi yong‘indan so‘ng vaqtincha portga kirishi kutilmoqda. Bu xabar yong‘in haqidagi xabarlar chiqqanidan 2 kun o‘tib , 17 mart kuni paydo bo‘ldi.
AQShda va dunyodagi eng yirik aviatashuvchi hisoblangan kema hozirda Qizil dengizda joylashgan. Ikki rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, u vaqtincha Gretsiyaning Krit orolidagi Souda ko‘rfaziga boradi. Ismi sir qolish sharti bilan gapirgan rasmiylar «Ford»ning Kritda qancha vaqt qolishi kutilayotganini aytmadi.
Bortida 4 mingdan ortiq dengizchi bo‘lgan «Gerald R. Ford» aviatashuvchisi 75 dan ortiq harbiy samolyotlarga ega. Shuningdek, havo harakatini boshqarish va navigatsiyaga yordam beradigan murakkab radarga ega. Aviatashuvchi uni qo‘llab-quvvatlovchi kemalar, jumladan, kamida 4 ta boshqariladigan raketa kreyseri va raketa esminetslari bilan birga yuradi.
«Ford»ning uzoq va og‘ir sayohati
Aviatashuvchi bortidagi 4500 dengizchisi va qiruvchi samolyotlari bilan 2025 yil oktyabrigacha O‘rta Yer dengizida bo‘lgandi. O‘shanda AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset unga Karib dengiziga qarab suzishni buyurgan. Karib dengiziga borishdan maqsad — prezident Trampning Nikolas Maduroga nisbatan bosim kampaniyasiga kuch qo‘shish bo‘lgan.
Venesueladagi operatsiyadan keyin aviatashuvchi hozirda uchinchi haftasiga kirgan AQSh–Isroilning Eronga qarshi urushida qatnashish uchun Yaqin Sharqqa kelgan.
NYTʼning yozishicha, shu bilan «Ford» hozirda o‘zining 10 oylik xizmat muddatiga kirdi. «Ford» ekipaj a’zolariga ularning xizmat muddati ehtimol may oyigacha uzaytirilishi aytilgan. Bu ularning butun bir yil davomida dengizda bo‘lishini anglatadi — bu oddiy aviatashuvchi kemalarning xizmat muddatidan ikki baravar ko‘pdir.
Odatda bunday kemalarda xizmat muddati olti oydan oshirilmaydi. Dengiz kuchlari ekspertlarining aytishicha, bu muddatdan oshib ketish ham kema, ham ekipaj uchun juda qiyin.
«Kemalar ham charchaydi va uzoq muddatli xizmatlar davomida ular ishdan chiqadi. Siz kemani shunchalik uzoq va shunchalik og‘ir ishlatib, u va uning ekipaji eng yuqori quvvatda ishlashini kutishingiz mumkin emas», dedi iste’fodagi dengiz zobiti, admiral Jon Kirbi. U Pentagonning sobiq matbuot kotibi va Bayden ma’muriyatida milliy xavfsizlik vakili bo‘lgan.
Bundan tashqari, safarbarlik muddatining uzoqligi bortdagi dengizchilarning ruhiy holati (tushkunligi) va harbiy kemaning tayyorgarligi borasida ham savollarni keltirib chiqaradi.