Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident Imom Moturidiy majmuasi qurilishini ko‘zdan kechirdi
Samarqand shahrida barpo etilayotgan Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif doirasida ushbu loyiha bilan tanishib, uni zamon talablariga mos ravishda barpo etish muhimligini ta’kidladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Ma’lumki, davlat rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlangan edi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlangan.

Hozirgi kunda umumiy maydoni 10,2 gektarni tashkil etuvchi hududda keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Loyihaga ko‘ra, majmua tarkibida 250 o‘rinli masjid, muhtasham kirish peshtoqi, kutubxona, muzey va avtoturargoh barpo etilmoqda.
Shuningdek, qurilish jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy aniqlanib, bu yerda ham alohida maqbara qurilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Tashrif chog‘ida allomalar ruhiga ehtirom ko‘rsatilib, Qur’on tilovat qilindi.
Davlat rahbari ushbu maskan nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun muhim ziyoratgohga aylanishini ta’kidladi. Shu bois, bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish zarurligi qayd etildi.


– Majmuaga kelgan har bir kishi Imom Moturidiy bobomizning boy ilmiy-ma’naviy merosi, uning islom olamida tutgan o‘rni haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishi kerak, – dedi prezident.
Shu bilan birga, qurilish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.