Jahon | 19:55
1437
4 daqiqa o‘qiladi

Vayronalar ichra yorug‘lik sari – Kun.uz uchun G‘azodan maxsus reportaj

G‘azolik jurnalist Motaz Tabasi Kun.uz uchun tayyorlagan reportajida vayronaga aylantirilgan Xon Yunusda faollar tomonidan tashkil qilingan harakat – ikki yil davomida ta’limdan mosuvo bo‘lgan bolalarga asosiy fanlardan ta’lim berish uchun palatkalarda tashkil qilingan ta’lim jarayoni haqida so‘z yuritadi.

Xon Yunus shahrida endi ta’lim maktab binolari yoki sinfxonalarda o‘tilmaydi – qochqinlarning chodirlari vaqtinchalik sinfxonalarga aylangan. Shu sharoitda o‘qituvchilar bolalarning ta’lim olish huquqini saqlab qolishga urinmoqda. Xalqaro huquq ta’limni har bir inson uchun kafolatlangan huquq deb belgilagan bo‘lsa-da, bugun G‘azodagi ko‘plab bolalar uchun u vayronagarchilik orasida quvilayotgan orzuga aylangan.

Shifa Omar, o‘qituvchi: Maktabda partalar yo‘q, qalam va daftar kabi o‘quv anjomlari ham yetishmaydi. Hatto hayot uchun eng zarur sharoitlarning o‘zi ham yo‘q. Men ham ko‘chkinman, dars beradigan joyim yaqinida yashayman, o‘quvchilar ham ko‘chirilgan. Biz ularga asosiy ko‘nikmalarni o‘rgatyapmiz. Psixologik jihatlarga hamda ijtimoiy ta’limga katta e’tibor qaratamiz. Bu yerda har kimning o‘ziga xos kurash va matonat hikoyasi bor, o‘quvchilarning muntazam bu yerga qatnashi esa ota-onalar farzandlari ta’limiga naqadar befarq emasligini ko‘rsatadi.

G‘azodagi ikki yil ketma-ket maktabdan uzilib qolgan o‘quvchilarga hech bo‘lmaganda eng zarur ta’limni berish uchun ta’lim tashabbuslari faoliyat yuritmoqda. Azob-uqubatlar, raketa hujumlari va o‘qlar ostida biz o‘quvchilarimiz uchun ta’lim tashabbusini yo‘lga qo‘ydik. Biz titilib ketgan matolardan tikilgan bitta abgor chodirdan boshlagan edik. So‘ng bu maktab — bilim va ma’rifat chodiri — avval uchta, keyin to‘rtta chodirga kengaydi, bugunga kelib oltita chodirga yetdi va 2400 dan ortiq o‘quvchini qamrab oldi.

Moayyen Al-Eyd, o‘qituvchi, ta’lim harakati asoschisi: Bir paytlar G‘azoning ta’lim ramzi bo‘lgan maktablar bugun vayronalarga aylangan. Ta’lim jarayonini tiklash vaqt va uzluksiz moliyalashtirishni talab qiladigan ulkan muammo. Genotsid tusini olgan urush boshlanganiga ikki yildan oshdi, bu orada biz boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilarining 16 mingdan ortig‘idan ayrildik. Shuningdek, mingdan ortiq o‘qituvchini ham yo‘qotdik. Maktablarning 85 foizidan ortig‘i vayron qilingan — aksari butunlay, ayrimlari og‘ir darajada shikastlangan. Bugun Xudoga shukur, biz dastlabki tiklanish jarayonida 700 dan ortiq ta’lim maskanini tashkil etdik.

Moddiy vayronagarchilik bilan bir qatorda, bu vaziyat o‘quvchilar va o‘qituvchilarning ruhiyatiga ham chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘z maktablari Isroil hujumlari oqibatida vayron qilingach, bu bolalar endi G‘azo sektorining janubidagi ta’lim chodirida yerda o‘tirib tahsil olmoqda. Shunga qaramay, ular ilm olishni mahkam tutgan — bu falastinliklarning tafakkuri sinmasligini ko‘rsatadi. Bu yerda o‘qish va yozish nafaqat ta’lim, balki matonat va bardoshlilikning ham bir ko‘rinishidir.

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid