Jahon | 10:21
835
3 daqiqa o‘qiladi

Duma: rossiyaliklar hibsga olinganda, qurolli kuchlarni xorijga yuborish haqidagi loyiha kiritildi

Rossiya hokimiyati xorijda hibsga olingan yoki ushlab turilgan fuqarolarni himoya qilish uchun harbiylarni yuborish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Tegishli qonun loyihasini hukumat Davlat dumasiga kiritdi.

Foto: Reuters

Rossiya hukumati Davlat dumasiga shunday qonun loyihasini kiritdiki, u boshqa davlatlarga qo‘shin kiritishga — u yerda sud qarorlari asosida hibsga olingan yoki ta’qib qilinayotgan Rossiya fuqarolarini himoya qilish uchun ruxsat beradi. Hujjat 19 mart, payshanba kuni parlament quyi palatasining elektron bazasida e’lon qilindi.

Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida aytilishicha, o‘zgartishlar “Rossiya Federatsiyasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi federal qonunning 6-moddasiga va “Mudofaa to‘g‘risida”gi federal qonunning 10-moddasiga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, u “Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish maqsadida, agar ular Rossiya ishtirokisiz vakolat berilgan xorijiy yoki xalqaro sudlar qarorlari asosida, yoxud Rossiya bilan xalqaro shartnoma yoki BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyasiga asoslanmagan vakolatga ega tuzilmalar tomonidan hibsga olinsa (ushlab turilsa), jinoiy yoki boshqa turdagi ta’qibga uchrasa”, zarur hisoblanadi.

Hujjatda nazarda tutilishicha, Rossiya fuqarolarini xorijda himoya qilish uchun mamlakat prezidenti qaroriga binoan qurolli kuchlardan eksterritorial tarzda foydalanish mumkin bo‘ladi. RBK agentligi manbalariga ko‘ra, Rossiya hukumatining qonun loyihalari faoliyati bo‘yicha komissiyasi ushbu loyihani ma’qullagan.

2025 yil 29 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya hududida xorijiy sudlar qarorlarini, jumladan Xalqaro jinoiy sud (XJS) va maxsus tribunallar qarorlarini bajarmaslikka ruxsat beruvchi qonunni imzolagan edi.

2023 yil mart oyida Xalqaro jinoiy sud Vladimir Putin va Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani hibsga olish orderini chiqargan. Sud prokurorlari ularni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilmoqda. Rossiya XJS faoliyatiga asos bo‘lgan Rim statutini 2000 yilda imzolagan, ammo uni ratifikatsiya qilmagan. 2016 yilda esa Moskva o‘z imzosini qaytarib olgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid