Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishi kerak - Germaniya va sheriklar
Berlin, Parij, London, Rim, Amsterdam va Tokio Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishini qoraladi. Qo‘shma bayonotda ular energetika bozorlarini barqarorlashtirish uchun chora ko‘rishga va’da berdi.
Foto: AP
Germaniya, Yaponiya va qator Yevropa davlatlari qo‘shma deklaratsiyada Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amaldagi blokadasini to‘xtatishga chaqirdi. Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Niderlandiya va Yaponiya yetakchilari 19 mart, payshanba kuni e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, Tehron tahdidlar, mina qo‘yish, dron va raketa zarbalari orqali eng muhim dengiz yo‘lagini to‘sishga urinishlarni “darhol” to‘xtatishi kerak. Bayonotda Eronning harakatlari “eng keskin shaklda” qoralangan.
Bayonotni imzolagan davlatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun “tegishli choralar” ko‘rishga tayyor ekanini bildirdi. Biroq deklaratsiyada yordam qachon ko‘rsatilishiga doir muddatlar keltirilmagan. Shu paytgacha NATO davlatlari bo‘g‘ozdagi kema qatnovini AQSh tomonida himoya qilishda ishtirok etishdan bosh tortgan edi.
Buyuk Britaniya tayyorgarlik rejalashtirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi, Germaniya kansleri Fridrix Mers esa 19 mart kuni Germaniya urush davrida faol harakatlar qilmasligini, ammo urush tugagach, kema qatnovi xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Deklaratsiyada shunday deyiladi: “Kema qatnovi erkinligi xalqaro huquqning asosiy tamoyili bo‘lib, u BMTning Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasida mustahkamlangan. Eron unga rioya qilishga majbur”.
Eronga qarshi zarbalari Fors ko‘rfazidagi hozirgi mojaroga sabab bo‘lgan AQSh va Isroil deklaratsiyada tilga olinmagan. Shunga qaramay, unda fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan neft-gaz obektlariga barcha zarbalarga nisbatan “darhol umumiy moratoriy” joriy etishga chaqiriq mavjud.
Imzolovchi davlatlar, shuningdek, Xalqaro energetika agentligi (XEA)ning strategik neft zaxiralarini muvofiqlashtirilgan tarzda bozorga chiqarish haqidagi qarorini olqishladi va energetika bozorlarini barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni e’lon qildi. Bu choralar, jumladan, ishlab chiqarishni oshirish maqsadida ayrim ishlab chiqaruvchi davlatlar bilan hamkorlik qilishni ham o‘z ichiga oladi.
28 fevral kuni boshlangan Amerika—Isroil zarbalaridan beri dunyoda neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvining odatda taxminan beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda yopilgan. Arabiston yarimoroli bilan Eron o‘rtasida joylashgan bu bo‘g‘oz Eron nazorati ostida. Blokada neft va gaz narxlarining keskin oshishiga olib keldi.
Mavzuga oid
11:07
Uchuvchisiz qurilmalar tayyorlashda ilgarilab ketgan forslar – AQSh Eronning dron tashuvchi kemasini yo‘q qildimi?
10:33
Tramp: Yaqin Sharqqa qo‘shin yuborishni rejalashtirmayapman
09:27
Eron AQShning F-35 qiruvchisi nishonga olinganini ma’lum qildi
22:36 / 19.03.2026