Jahon | 14:00
1163
3 daqiqa o‘qiladi

SIPRI: Rossiya harbiy xarajatlar o‘sishining eng yuqori nuqtasidan o‘tdi

Stokholm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil yakunlariga binoan Rossiyaning harbiy xarajatlari real ifodada, ya’ni inflatsiya hisobga olingan holda, 13 foizga qisqaradi.

Foto: Anadolu Agency

Ukraina bilan urushning dastlabki yillarida sezilarli darajada o‘sganidan keyin, 2026 yilda Rossiyaning harbiy xarajatlari real ifodada, ya’ni inflatsiya hisobga olingan holda, ilk bor qisqaradi — 13 foizga. Bu haqda Stokholm xalqaro tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI)ning institut katta ilmiy xodimi Julian Kuper tomonidan tayyorlangan va 19 mart, payshanba kuni e’lon qilingan yangi hisobotida aytiladi. 2027 yilda, agar hukumat uch yillik budjet to‘g‘risidagi qonunga amal qilsa (garchi bu kamdan-kam hollarda ro‘y bersa ham), Kuper hisob-kitoblariga ko‘ra, xarajatlar avvalgi darajada qoladi, 2028 yilda esa qariyb 8 foizga kamayadi.

Rossiyaning harbiy xarajatlarini tahlil qilish qiyinlashib bormoqda, chunki ular haqidagi ochiq ma’lumotlar hajmi yil sayin kamaymoqda. SIPRI har yili baholashni e’lon qiladi, unda federal budjetning “Milliy mudofaa” bandi bo‘yicha ochiq harbiy xarajatlar ham, boshqa moddalar bo‘yicha xarajatlar ham hisobga olinadi, ularning ko‘p qismi maxfiy hisoblanadi.

2025 yilda Rossiyaning harbiy xarajatlari, Julian Kuper hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 16 trln rublni tashkil etgan. Bu summa YaIMning 7,5 foiziga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, ekspert amaldagi xarajatlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini qayd etadi. Yanvar oyida Rossiya Moliya vazirligi budjetning umumiy xarajatlari avval rejalashtirilganidan taxminan 630 mlrd rublga oshganini ma’lum qilgan. Bu qo‘shimcha harbiy sarf-xarajatlar taxminan 250 mlrd rublni tashkil etgan bo‘lishi mumkinligini, umumiy hajm esa taxminan 16,2 trln rublga yetganini taxmin qilish imkonini beradi.

Budjet to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, asosiy harbiy band — “Milliy mudofaa” bo‘yicha xarajatlar 2026 yilda 12,93 trln rubl, “Milliy xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati” moddasi bo‘yicha esa 3,91 trln rublni tashkil etishi kerak. Jami — 16,84 trln rubl, ya’ni bu bandlar bo‘yicha 2025 yilda rejalashtirilgan mablag‘ deyarli shuncha bo‘lgan.

Julian Kuperning hisob-kitoblaridan kelib chiqishicha, ushbu va boshqa budjet moddalariga kiritilgan amaldagi harbiy xarajatlar atigi 14,9 trln rublni (YaIMning 6,3 foizi) tashkil etadi. Natijada, real ifodada, ya’ni inflatsiya hisobga olinganda, Rossiya o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga kam mablag‘ sarflashi kerak bo‘ladi. 2027 yilda harbiy xarajatlar 15,7 trln rublni tashkil etishi kutilmoqda (yilma-yil real ifodada +0,1 foiz), 2028 yilda esa 15,3 trln rublga tushadi (-7,8 foiz).

Shu bilan birga, SIPRI eksperti real xarajatlar, xuddi o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, rejadan chetga chiqishi mumkinligini ham qayd etadi. Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat shunchalik beqarorki, uzoq muddatli budjet parametrlarini yakuniy deb hisoblash mumkin emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid