Jahon | 11:07
1701
9 daqiqa o‘qiladi

Uchuvchisiz qurilmalar tayyorlashda ilgarilab ketgan forslar – AQSh Eronning dron tashuvchi kemasini yo‘q qildimi?

2026 yil 2 mart kuni AQSh tomoni Eronning dron tashuvchi “Shahid Boqiriy” kemasini yo‘q qilganini aytib chiqdi. Forslar buni rad etdi. Ko‘p o‘tmay AQSh bosh qo‘mondonligi kemaga ikkita raketa zarbasi berilgani tasvirlangan videoni e’lon qildi. Bu orada Rossiya OAVlari ham kema safdan chiqarilgani haqida yozdi. Amerikaliklar haqiqatan “Shahid Boqiriy”ni yo‘q qilganga o‘xshayapti.

So‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan urushlarda jang uslubi biroz o‘zgardi. Endi urushda uchuvchisiz qurilmalar, ya’ni dronlar asosiy jang quroliga aylanib bormoqda.

Urushayotgan tomonlar ularning juda kichigidan tortib, samolyotlarga o‘xshatib yasalgan yiriklarigacha foydalanishyapti.

Dronlar muhim rol o‘ynagan birinchi urush – bu Ozarboyjonning Qorabog‘ni ozod qilish uchun armanlarga qarshi olib borgan urushi edi.

Unda ozarboyjonlar Turkiyada tayyorlangan Bayraktar dronlaridan foydalangandi. O‘shanda Ozarboyjon armiyasi bu dronlar yordamida dushman marralarini muvaffaqiyatli nishonga olgan va bu g‘alabaga katta hissa qo‘shgandi.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va ko‘p o‘tmay ikki tomon ham dronlardan foydalana boshladi. Keyinroq Ukraina turli o‘lchamdagi o‘z dronlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Rossiya esa o‘zi ishlab chiqargan uchuvchisiz qurilmalar samara bermagach Erondan “Shahid” dronlarini ola boshladi. Keyinroq shu dronlarni “Geran-2” nomi bilan Rossiyada yig‘ish boshlandi.

Rossiya Eron dronlarini uvaffaqiyatli ishlata boshlagach forslar uchuvchisiz qurilmalarni tayyorlashda ancha ilg‘orlab ketgani ma’lum bo‘ldi.

Eronda dron ishlab chiqarish tarixi

Eronda uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar tarixi 1980-yillarga borib taqaladi. Jumladan, bu davlat 1985 yilda “Muhojir” va “Abobil” nomli uchuvchisiz apparatlarni tayyorlagan edi. O‘sha paytda Eron qo‘shnisi Iroq bilan urush olib borayotgandi.

1979 yilda sodir bo‘lgan inqilobdan so‘ng G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar, shuningdek Iroq bilan urush mamlakat iqtisodiyotini zaiflashtiradi. Shu sababli 1990 yillarda Eronda dronlarni takomillashtirish, yangilarini ishlab chiqarish birmuncha sustlashadi.

Biroq 2000 yillarga kelib forslar uchuvchisiz apparatlar yaratish, ularni mukammallashtirish ishlarini boshlaydi. Ko‘p o‘tmay “Shahid” turidagi ilk dronlar ishlab chiqariladi.

Keyinroq forslar uni takomillashtiradi va “Shahid-107” dronini yasab chiqadi. 2010-yillarda “Shahid-129” va 2020 yilda “Shahid-136” dronini ishlab chiqarish boshlanadi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach Erondan aynan “Shahid-136” dronlarini oladi. Rossiyada yig‘ilayotgan “Geran-2” aynan shu dron hisoblanadi.

Shuningdek, Eron “Muhojir” turidagi uchuvchisiz qurilmalarni ham takomillashtiradi va 2018 yildan boshlab “Muhojir-6” dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Forslar 2013 yildan boshlab “Arash” turidagi dronlarni tayyorlay boshlaydi. 2019 yilda “Arash-2” droni yasab chiqiladi.

Bundan tashqari, Eron turli yillarda “Sina”, “Abobil” va “Fotros” turiga kiruvchi dronlar yasab chiqadi va ularni takomillashtiradi.

Umuman olganda Eronning eng muvaffaqiyatli loyihasi “Shahid” turiga kiruvchi dronlar bo‘lib, forslar uning “Shahid-131”, “Shahid-171” va “Shahid-191” modellarini ham yasab chiqqan.

Eron dronlarining ommalashuviga ularning arzon ham sabab bo‘ldi. Masalan, bir dona “Shahid-136” dronining narxi uning jihozlanishiga qarab 20 mingdan 50 ming dollargacha yetadi.

Taqqoslash uchun, Turkiyaning “Bayraktar TB2” dronlar to‘plami, unda 6 ta uchuvchisiz qurilma, ikkita boshqaruv markazi va 200 ta raketa hamda bombadan iborat qurol-yarog‘ bor, 70 mln dollar atrofida narxlanadi.

Ya’ni “Baykar Makina” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan har bir dron raketa va bobalari bilan 10 mln dollar atrofida turadi. Demak, Eron dronlari ulardan o‘rtacha 30 baravar arzon.

Keyinchalik, garchi sanksiyalar ostida yashagan bo‘lsa-da dron ishlab chiqarishda rivojlangan davlatlarni ortda qoldirgan Eron dron tashuvchi kemaga ega bo‘ldi.

Dunyodagi birinchi va yagona dron tashuvchi kema

Eron uchuvchisiz qurilmalarni ishlab chiqarishni rivojlantirar ekan, harbiy-dengiz floti bor bu davlat dron tashuvchi kemaga ega bo‘lishni maqsad qiladi.

Forslar eski konteyner tashuvchi kemani sotib oladi va uni qayta jihozlab dron tashuvchi kemaga aylantiradi. So‘ng uni Eron-Iroq urushida halok bo‘lgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiy havo-kuchlari qo‘mondoni Amir Bahman Boqiriy sharafiga “Shahid Boqiriy” deb nomlaydi.

Bu kema 1990-yillar oxirlarida Janubiy Koreyaning “Hyunday” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi va 2000 yilda suvga tushiriladi.

Kemaning uzunligi 240, eni 32 metr bo‘lib, u uzoq yillar davomida turli kompaniyalarga xizmat qiladi va dunyo bo‘ylab asosan konteyner tashiydi.

Bu kemani Eron qachon va qaysi kompaniyadan sotib olgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Uni ilk marta 2023 yilda Eron sohillari yaqinida turganida payqashgan.

Eron qariyb ikki yil davomida kemani dron tashish uchun qayta jihozlaydi va 2024 yil avgustda uning suratlari avval Telegramda, so‘ng X (sobiq Tvitter) ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilinadi.

Kema 2024 yil noyabrda Bandar-Abbos portida suvga tushiriladi va u Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi tasarrufiga beriladi.

Kemani sinovdan o‘tkazish 2024 yil 13 noyabrda boshlanadi va 2025 yil fevralgacha davom etadi. 2025 yil 6 fevral kuni “Shahid Boqiriy”ning taqdimoti o‘tkaziladi.

O‘shanda uning bortida “Abobil-3”, “JAS-313”, “Muhojir-6” dronlari, “Bell” va Mi-171 vertolyotlari turgani ko‘rsatiladi. “Shahid Boqiriy” bortiga 30 ta tez harakatlanuvchi zarbdor katerlar ham joylashtirilgan.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Husayn Salomiy bu dron tashuvchi kema dengizda bir yil bemalol suzib yura olishini aytgandi.

“Shahid Boqiriy”da uchuvchi qurilmalardan tashqari zenit raketalari, havo hujumidan mudofaa tizimi va qanotli raketalar joylashtirilgan. Unda harbiylarni davolashga mo‘ljallangan gospital ham bor.

“Shahid Boqiriy”ning bortidagi uchish-qo‘nish yo‘lakchasi uzunligi 180 metr bo‘lib, undan Eronda tayyorlangan aksariyat dronlar parvoz qila oladi.

Dron tashuvchining borti xuddi AQShning aviatashuvchi kemalari bortiga o‘xshab ketadi. Bunda ham kema bortining bir cheti balandroq, ya’ni tramplin tarzda qilingan va dronlar o‘sha joydan havoga ko‘tariladi.

Kema AQSh tomonidan yo‘q qilindimi?

2026 yil 28 fevral kuni AQSh hamda Isroil Eronga raketa va aviatsiya zarbalari bera boshladi. Oqibatda bu davlatdagi ko‘plab obektlar vayron bo‘ldi, yuqori lavozimli shaxslar yo‘q qilindi.

Jumladan, Eron oliy rahbari Ali Xominaiy, mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy, quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Muhammad Pokpur, mudofaa kengashi kotibi Ali Shamhoniy va boshqalar halok bo‘ldi.

Eron ham qarab turmayapti va bunga javoban Fors ko‘rfazida joylashgan BAA, Qatar, Bahrayn davlatlaridagi AQSh harbiy bazalariga va Isroilga javob zarbalari yo‘llamoqda.

2026 yil 2 mart kuni AQSh bosh qo‘mondonligi Eronning dron tashuvchi kemasi yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Forslar buni rad etib chiqdi.

Biroq ko‘p o‘tmay turli OAVlar, ular orasida Eronning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya saytlari ham bor, “Shahid Boqiriy” haqiqatan yo‘q qilingani haqida yozdi.

Bu orada AQSh tomoni “Shahid Boqiriy”ning qanday tarzda yo‘q qilingani tasvirlangan videoni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, amerikaliklar kemaga ikki marta raketa zarbasi bergan.

Raketalarning biri kemaning markaziga, ikkinchisi bortning chet qismiga urilgan. Oqibatda kema jiddiy shikastlangan va safdan chiqqan.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid