Jahon | 22:43 / 21.03.2026
2042
3 daqiqa o‘qiladi

«Mujtaba jumbog‘i» AQSh va Isroilni Eronning haqiqiy yetakchisini izlashga majbur qilmoqda

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va Isroilning «Mossad» razvedkasi Eronning yangi oliy rahbari deb e’lon qilingan Mujtaba Xominaiy haqiqatan ham mamlakat rahbariga aylangani haqida tasdiq olishga harakat qilmoqda.

Foto: Hamed Jafarnejad/ISNA/WANA

O‘ldirilgan Ali Xominaiy o‘g‘lining rahbar sifatidagi salohiyatiga shubha uning uzoq vaqt davomida jamoatchilik oldida ko‘rinish bermagani tufayli paydo bo‘ldi. Bu haqda Axios manbalarga tayanib xabar berdi.

Mujtaba AQSh va Isroil harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri yo‘qolib qoldi. Uning 12 mart kuni xalqqa murojaati boshlovchi tomonidan o‘qib eshittirildi. Yana bir murojaat 20 mart kuni tarqatildi. Axios manbalariga ko‘ra, Amerika va Isroil maxsus xizmatlari Mujtabaning Navro‘z bayrami munosabati bilan chiqish qilishini kutgan, biroq yakunda faqat yozma bayonot e’lon qilindi.

«Bizda aynan u buyruq berayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q», deb nashr Isroilning yuqori martabali amaldoridan iqtibos keltirdi. Axios suhbatdoshlaridan yana biri vaziyatni «o‘ta g‘alati» deb atadi.

«Biz eronliklar marhumni oliy yetakchi sifatida saylash uchun shuncha mashaqqatlarga boradi, deb o‘ylamaymiz, biroq shu bilan birga, bizda uning mamlakatni boshqarayotgani haqida dalillar yo‘q», deb ma’lum qildi manba. Uning aytishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan kichik Xominaiy suratlari yangiligini tekshirishga harakat qilmoqda. Axios suhbatdoshining ta’kidlashicha, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon, o‘z navbatida, videomurojaat yo‘llagan.

«Biz Mujtabani hech bo‘lmaganda qanday ko‘rinishda bo‘lsa ham ko‘rishni xohlagan edik. Lekin u ko‘rinish bermadi va bu xavotirli signal», deb xulosa qildi manba.

Reuters mart oyi boshida Mujtaba Xominaiy 28 mart kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan birinchi zarbasi chog‘ida yengil jarohat olgani haqida xabar bergan edi.

The Telegraph nashrining ta’kidlashicha, Ali Xominaiyning o‘g‘li hujumdan biroz oldin bog‘ga sayrga chiqqani uchun raketa hujumidan omon qolgan. Eron rasmiylari hujum chog‘ida Mujtaba jarohatlanganini tan oldi, biroq u jiddiy jarohat olmagani, uning hayoti va sog‘lig‘iga hech narsa tahdid solmayotganini ta’kidlamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid