Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari bilan muloqot qildi
Prezident poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Milliy madaniy markazlar paviloniga tashrif buyurdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Mamlakatda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelmoqda, 157 ta milliy-madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu xilma-xillik ko‘p asrlik tarixiy jarayonlar natijasida shakllangan noyob ijtimoiy hodisa sanaladi.


Milliy madaniyatlarni rivojlantirish, millatlararo totuvlikni asrab-avaylash va mustahkamlash, shu orqali yosh avlodni bag‘rikenglik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida doimiy e’tibor qaratilmoqda. Do‘stlik bog‘i hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosiga tutash maydonda barpo etilgan, yigirma ikki millatning o‘ziga xos arxitekturasi aks etgan pavilon ham ushbu e’tiborning yorqin tasdig‘idir.


Bu yerda qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqird o‘tovlari, koreys, belarus, ukrain, grek, olmon, dungan, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uyg‘ur, turk, tojik, xitoy, rus hamda ozarboyjon xalqlarining ikki qavatdan iborat do‘stlik uylari joylashgan.
Intererlar o‘sha xalqning milliy an’analariga mos holda bezatilgan. Ekspozitsiyalarda esa milliy liboslar, cholg‘u asboblari, dekorativ-amaliy san’at namunasi, tarixiy maketlar va madaniy merosni aks ettiruvchi ko‘plab eksponatlar o‘rin olgan.

Davlat rahbari har bir milliy maskan faoliyati bilan tanishdi. Ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qildi. Uchrashuvlar chog‘ida milliy-madaniy markazlarning umumxalq bayramlarini yuksak ruhda o‘tkazishdagi hissasi alohida e’tirof etildi. Yuksak vatanparvarligi, fidoyi mehnati bilan respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qo‘shayotgan hissasi uchun turli millatga mansub yurtdoshlarga minnatdorlik bildirildi.


Prezident pavilon mehmonlari uchun uchun tashkil etilgan badiiy dasturni tomosha qildi. Milliy madaniy markazlar vakillari bilan birgalikda suratga tushdi.

