Jahon | 14:29
847
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQSh bilan bo‘lajak muzokaralarning asosiy mavzularini aytdi

AQSh bilan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasining asosiy vazifasi Rossiya ishtirokidagi kelajakdagi uch tomonlama uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish bo‘ladi. Bundan tashqari, Ukraina uchun qurol xarid qilish, dronlar bo‘yicha bitim va xavfsizlik kafolatlari ham muhokama qilinadi.

Foto: REUTERS

21 mart, shanba kuniga rejalashtirilgan Amerika tomoni bilan uchrashuv chog‘ida Ukraina delegatsiyasining bosh vazifasi Rossiya delegatsiyasi ishtirokida urushni ehtimoliy yakunlash bo‘yicha kelajakdagi uch tomonlama muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘ladi. Bu haqda 20 mart, juma kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Ularning asosiy vazifasi — uch tomonlama uchrashuvlarni davom ettirishning aniq parametrlarini belgilash. Ikkinchisi — tegishli uchrashuvlarga tayyorgarlik, hujjatlarni tayyor holga keltirish”, — dedi u. Zelenskiyning ta’kidlashicha, AQSh, Ukraina va Rossiya ishtirokidagi muzokaralarni davom ettirish Erondagi urush sabab bir necha bor kechiktirilgan, Ukraina esa ularni qayta tiklashga intilmoqda va aniq sanalarni olishga umid qilmoqda.

“Ko‘proq aniqlik istaymiz”, — deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

Ukraina delegatsiyasining AQShga tashrifi davomida Amerika tomoni bilan PURL (Prioritised Ukraine Requiremens List — “Ukraina uchun ustuvor so‘rovlar ro‘yxati”) dasturini davom ettirish masalasi ham muhokama qilinadi. Ushbu dastur doirasida NATO bo‘yicha hamkorlar Ukraina ehtiyojlari uchun Amerikada ishlab chiqarilgan qurollarni, jumladan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalarni sotib oladi.

Bundan tashqari, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi amerikaliklar bilan “dronlar bo‘yicha bitim” deb ataluvchi taklifni ham muhokama qiladi. Bu — Kiyevning AQSh bilan shunday kelishuv tuzish taklifiki, unga ko‘ra Ukraina Vashington bilan jang sharoitida sinovdan o‘tgan dronlarga qarshi himoya texnologiyasi bilan o‘rtoqlashishi, buning evaziga esa moliyalashtirish va ballistik raketalardan himoya qilish uchun yetishmayotgan tizimlarni olishi mumkin bo‘ladi.

Zelenskiyning fikricha, Kiyev Vashington bilan muloqotni “yaqin formatda davom ettirishi” zarur, jumladan AQSh ma’muriyatining Rossiya neftidan sanksiyalarni olib tashlash haqidagi yaqindagi qarori fonida ham.

“Bularning barchasi biz uchun xavf-xatar. Bularning hammasi Rossiya uchun ko‘proq pul, keyin esa frontda ularning imkoniyatlari kengayishi degani. Bu xavfli, va menimcha, shu nuqtai nazardan ham bizning uchrashuvimiz muhim”, — dedi u.

Ukraina yetakchisining aytishicha, muzokaralarda urushni kelajakda yakunlash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar ustidagi ish ham davom etadi, jumladan xavfsizlik kafolatlari va Ukraina tiklanishiga oid masalalar bo‘yicha.

Bir kun oldin Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga yakun yasash bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichini e’lon qilgan edi, biroq bu muzokaralar Rossiya tomoni vakillarisiz o‘tishi aytilgan.

13 mart kuni Ukraina prezidenti Ukraina, AQSh va Rossiya ishtirokidagi keyingi uch tomonlama muzokaralarning sanasi va o‘tkazilish joyi bo‘yicha Vashington hamda Moskvada turli pozitsiyalar mavjudligini ma’lum qilgan edi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi Mayami yoki Vashingtonga uchib borishga tayyor bo‘lgan, ammo Rossiya tomoni bunga rozi bo‘lmay, Turkiya yoki Shveytsariyani taklif qilgan. Ammo bu variantlar ham amerikaliklar tomonidan xavfsizlik sabablari bilan rad etilgan, chunki ular AQShdan chiqishni istamayapti.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga ehtimoliy yakun yasash bo‘yicha uch tomonlama formatdagi muzokaralar so‘nggi oylarda bir necha bor o‘tkazildi. Biroq shu paytgacha ushbu uchrashuvlar davomida tinchlikka erishish yo‘lida sezilarli taraqqiyotga erishilmadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid