Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aholining ekologik madaniyatini oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusi tiklanadi
Prezident huzurida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Unda qayd qilinishicha, aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida xalqaro eko-ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Avvalo, “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda. Bu Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilmoqda. Havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan 2030 yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.
Amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan darajada yaxshilangan. Jumladan, 2026 yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Endi bu yo‘nalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.
“Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratilgan. Mahsulotining ma’lum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatilib, ularning ma’lumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bunday talablarga amal qilmagan sub’yektlar uchun kompensatsiya to‘lovlari keskin oshiriladi.
Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Yangi quriladigan yirik obektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.
Shuningdek, “shamol yo‘laklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklif etildi.
Tabiiy chang omillarini kamaytirish bo‘yicha ham aniq choralar belgilangan. Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘” barpo etish, Surxondaryo va Sirdaryoda chang bo‘ronlarining oldini olish uchun “yashil devor”lar tashkil qilish, sun’iy ko‘llar va suv havzalarini barpo etish, poytaxt tumanlarida favvoralarning sonini ko‘paytirish, barglarni kompost va mulcha sifatida qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir. Bularning barchasi havo tarkibidagi chang zarrachalarini kamaytirish va shahar muhitini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Transport sohasida havoni muhofaza qilish bo‘yicha alohida yo‘nalishlar ham belgilangan. Motor yoqilg‘isi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish, avtotransport vositalarini “qizil”, “sariq” va “yashil” stikerlarni bergan holda ekologik toifalarga ajratish, texnik ko‘rikni ekologik talablar bilan bog‘lash, eski avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti ulushini oshirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali yo‘l harakati bilan bog‘liq ifloslanish hajmini qisqartirish, ayniqsa, yirik shaharlar markazida havo sifatini yaxshilash maqsad qilingan.
“Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni bir-biriga bog‘lagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilgan.
Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi o‘rtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.
Loyihaga ko‘ra, tayyorlanadigan o‘quvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028-2029 o‘quv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi. Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yo‘nalishlar ochiladi. Ta’lim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uyg‘unlashtiriladi. Universitet ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targ‘ibot ishlari uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Taqdimotda cho‘llanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ham alohida ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston hududining 70 foizi arid zonadan iborat bo‘lib, yerlarning 70 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragan. Yer resurslarining yomonlashuvi iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar keltirmoqda. Orol dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56 foizi shamol eroziyasi ta’siri ostida qolgan.
Shu munosabat bilan “Green University” huzurida mintaqaviy qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu markaz cho‘llanishni boshqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sputnik ma’lumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini raqamli monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bo‘yicha genetik bank shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi. Buning natijasida cho‘llanishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolbo‘yi va qurg‘oq hududlarda yashil qoplama kengaytiriladi, yaylovlardan barqaror foydalanish hamda cho‘l iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
Davlat rahbari taqdimot qilingan loyihalarning ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, shahar va qishloq muhitini yanada qulaylashtirish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishdagi muhim ahamiyatini qayd etib, ularni ma’qulladi.
Mavzuga oid
20:24 / 08.05.2026
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi
17:37 / 08.05.2026
Prezident Xotira kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi, faxriylar holidan xabar oldi
18:21 / 07.05.2026
Prezident jamoat transportini aglomeratsiya tizimi asosida rivojlantirishni buyurdi
17:56 / 07.05.2026